Dunyodagi vaziyat: erta tug‘ilgan chaqaloqlar inqirozi, Britaniya bo‘yicha xavotirlar va aralash vaksinalar foydasi

Jahon 22:15 / 29.06.2021 26816

Vaksinalarni aralashtirib qo‘llash mumkinmi?

BBC shu va shu kabi dunyodagi koronavirus bilan bog‘liq so‘nggi xabarlarni keltirdi.

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda Covid-19 bilan kasallanish holatlari 181,5 mln.dan oshgan, 3,9 mln kishi vafot etgan. Kasallanish holatlari va o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha yetakchilar reytingini AQSh, Hindiston va Braziliya boshqarib turibdi.

Fransiya kasallanish holatlari soni bo‘yicha (5,8 milliondan ortiq) Yevropada birinchi o‘ringa chiqdi. Rossiya kasallikdan vafot etganlar soni bo‘yicha Yevropa davlatlari orasida yetakchi (134,5 mingdan ortiq o‘lim).

Britaniya yana xavotirda

Britaniyada kunlik kasallanish holatlari keskin ortishi tufayli Hongkong ushbu davlatni yuqori xavf toifasidagi davlat sifatida tasnifladi va noma'lum muddatga aviaqatnovlarni to‘xtatdi.

Yangi holatlarning katta qismi ilk bor Hindistonda aniqlangan va tez orada butun dunyoga tarqalib ketgan «Delta» shtammi bilan bog‘liqdir.

Shu bilan birga, Britaniya hukumati koviddan o‘lim darajasi pastligini qayd etmoqda, kasalxonalarga yotqizishga ehtiyoj sezayotgan bemorlar sonidagi o‘sish ham sezilarli emas.

Ammo ko‘pchilik orol davlatdagi vaziyat xuddi birinchi to‘lqin vaqtida bo‘lgani kabi tezda nazoratdan chiqib ketishidan tashvishlanmoqda. Shu munosabat bilan Germaniya ichki ishlar vaziri Horst Zeyehofer Londonni futbol bo‘yicha Yevropa chempionatining yarimfinal va final o‘yinlariga mezbonlik qiladigan «Uembli» stadioniga tashrif buyuruvchi muxlislar sonini qisqartirishga chaqirmoqda.

Angliya futbol rasmiylari 90 ming tomoshabinga mo‘ljallangan «Uembli» tribunalarining 25 foiziga odam kirishiga ruxsat bergan.

UYeFA esa stadionlarga imkon qadar ko‘proq muxlislar kiritilishini istamoqda. Masalan, Budapeshtdagi o‘yinlarda tribunalar liq to‘lgan.

Zeyehofer yangi, yanada xavfliroq shtammlar paydo bo‘lgan davrda bunday yondashuvni mas'uliyatsizlik deb atagan.

O‘z navbatida, Buyuk Britaniya Milliy statistika xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatda koronavirusga takroriy chalinish holatlari deyarli uchramayapti.

Tegishli tadqiqot 2020 yil aprelidan 2021 yil iyuniga qadar muddatda o‘tkazilgan bo‘lib, unda mingdan ortiq kishi ishtirok etgan. Ular doimiy ravishda test qilib turilgan. Ular orasida faqat 15ta holatda takroran kasallanish qayd etilgan, bu holatlarda birinchi va ikkinchi kasallanish orasidagi muddat o‘rtacha 115 kunni tashkil etgan.

Vaksinalar aralashmasi

Emlashda birinchi va ikkinchi dozada turli vaksinalarni qo‘llash Covid-19dan ishonchli himoyani ta'minlaydi. Buyuk Britaniyadagi yana bir tadqiqot mualliflari shunday xulosaga kelishgan.

Oksford universitetining Com-Cov tadqiqotida 50 yoshdan katta bo‘lgan 850 kishi qatnashgan: ko‘ngillilar to‘rt hafta oralig‘ida turlicha ikki vaksina qabul qilishgan. Tadqiqot mualliflari aniqlashicha, Astrazeneca va Pfizer vaksinalari kombinatsiyasi antitanalar ishlab chiqarishda Astrazeneca vaksinasining ikki dozasidan ko‘ra samaraliroq bo‘lib chiqqan.

Ekspertlarning qayd etishicha, ikki turli preparatlarni qo‘llash vaksinatsiya dasturini yengillashtirishga yordam beradi.

Bundan tashqari, boshqa brend vaksinasi dozasi AstraZeneca vaksinasining ikki dozasini qabul qilib bo‘lgan patsiyentga ham foydali: uchinchi doza immun reaksiyani yanada kuchaytiradi. Ammo hozircha uchinchi dozani yil yakunigacha qabul qilish mumkinligi haqida gapirishga hali erta: ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, vaqt o‘tishi bilan immunitet qanchalik zaiflashishi mumkinligini bilish uchun ma'lumotlar hali yetarli emas.

Ayrim davlatlar vaksinatsiya uchun preparatlar kombinatsiyasidan foydalanishni boshlab yuborgan, masalan, Ispaniya va Germaniya. Ammo olimlar yangi tadqiqot natijalari bir xil preparat bilan emlash amaliyotiga bo‘lgan ishonchni susaytirmasligi kerakligini ta'kidlashmoqda.

Braziliyada chaqaloqlar barvaqt tug‘ilishi holatlari ko‘paydi

Braziliyalik akusherlar va pediatrlar butun mamlakat bo‘ylab tug‘uruqxonalarda intensiv terapiya bo‘limlari erta tug‘ilgan chaqaloqlar bilan to‘lib-toshgani haqida jar solishmoqda.

Bu homilador ayollar orasida kovidga chalinish holatlari oshib ketgani bilan bog‘liq. Onalar tug‘ish vaqtida o‘pka yoki yurak yetishmovchiligi tufayli vafot etayotgan holatlar ham kam emas.

Homiladorlik bosqichida vafot etayotganlar ham ko‘p. Braziliya akusherlar assotsiatsiyasi ma'lumotiga ko‘ra, Covid-19 shu vaqtgacha 1461 nafar homilador ayol o‘limiga sabab bo‘lgan, bu o‘limlarning 1007tasi joriy yilda ro‘y bergan.

Ammo ko‘plab ekspertlar haqiqiy raqamlar bundan ham yuqori deb hisoblashmoqda, chunki mamlakatda nafas olish yo‘llarida muammolarga duch kelgan barcha bemorlarni ham kovidga tekshirishning iloji bo‘lmaydi.

Koronavirus homilador ayollarda erta tug‘uruqni keltirib chiqarmoqda. Bu boradagi statistika 2021 yilda keskin o‘sib ketgan, bu davrda butun mamlakatda «brazilcha variant» yoki «Gamma-shtamm» deb nom olgan R.1 shtammi keng tarqaldi.

Erta tug‘ib qo‘ygan ayollarning ko‘p qismida aynan shu shtamm aniqlangan.

Braziliyada 2020 yil davomida homilador ayollar orasida koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 6805 holat qayd etilgan bo‘lsa, 2021 yilning besh oyida bu raqam 7679tani tashkil etmoqda.

Shu bilan bir vaqtda, Rossiyada koronavirusdan 149 nafar homilador ayol vafot etgani ma'lum qilindi. Seshanba kuni akademik Kulakov nomidagi Akusherlik va ginekologiya markazi direktori Gennadiy Suxixning ma'lum qilishicha, bu holatlarning 103tasi o‘tgan yilga, 46tasi joriy yilga to‘g‘ri keladi.

Pandemiya boshidan buyon tug‘uruq arafasida va tug‘uruqdan keyingi davrda 44,2 ming rossiyalik ayolda koronavirus aniqlangan. Yuzlab ayollar jonlantirish bo‘limlariga yotqizilgan va sun'iy nafas oldirish apparatlariga ulangan.

Sifatli niqob uchun kurash
Kembrij universiteti olimlarining navbatdagi tadqiqotida koronavirusdan himoyalanish darajasi tibbiy niqob sifatiga bog‘liqligi haqida so‘z boradi.

Bu tadqiqot tibbiyot jamoatchiligi va Britaniya hukumati o‘rtasida yana bir bor tibbiy xodimlarining pandemiya davridagi ish sharoitlari borasidagi bahslar uchun argument bo‘ldi.

Ayni vaqtda Britaniyadagi shifoxonalarning ayrimlaridagina tibbiy xodimlar himoyalash darajasi 100 foizga yaqin bo‘lgan FFP3 niqoblari bilan ta'minlangan.

Ammo bu ham doimiy emas. Pandemiyaning birinchi to‘lqinida «qizil» va «yashil» zonalardagi xodimlar bir xildagi himoya vositalaridan foydalanishga to‘g‘ri kelgan, holbuki «qizil» hududlarda Covid-19ga chalinish xavfi 47 foizga yuqori bo‘lgan.

Ehtiyotkorlik choralari ko‘rilganiga qaramay ko‘plab shifokorlar virusga chalingan. O‘tgan yil dekabrida ikkinchi to‘lqin boshlanganida 17 fond va kasaba uyushmalari, xususan, Kembrij universitetiga aloqador bo‘lganlar, personalni FFP3 niqoblari bilan ta'minlashga kirishgan.

Bu chora umummilliy siyosatning bir qismi bo‘lmagani sababli takomillashgan himoya vositalariga erishish uchun uzoq davom etuvchi kampaniyalar olib borish kerak bo‘ladi.

Kembrij olimlari tadqiqotidan keyin bir guruh shifokorlar va maslahatchilar mamlakatning yangi sog‘liqni saqlash vaziriga xat yozib, amaldagi strategiyani qayta ko‘rib chiqishni so‘rashgan.

Ko‘proq yangiliklar: