Yo‘l-transport hodisasiga uchragan mashina haydovchisi ro‘y bergan vaziyatni quyidagicha tasvirlaydi.
«O‘sha kuni O‘rikzorda turadigan amakimnikida iftorlik bo‘lgandi. Savobini buvimlarga bag‘ishlab iftorlik qilgandik, o‘sha yerda xizmatda edim. Hamma ishlarni tugatib, qaytayotganimda Minor masjidining ro‘parasiga yetganimda shu voqea yuz berdi. To‘g‘risi, nima bo‘lganini tushunolmay qoldim. Tezligim me'yorida edi. O‘zimga kelib yo‘l kavlab qo‘yilgani, men esa o‘rtada qoldirib ketilgan 60-70 santimetrcha balandlikdagi asfalt uyumiga borib urilganimni bildim.
Atrof qorong‘i bo‘lgani uchun, qolaversa, yo‘l ta'mirlanayotgani haqida hech qanday ogohlantiruvchi belgilar bo‘lmagani uchun mashinani to‘xtatish yoki olib qochishning imkoni bo‘lmadi. Shu payt men bilan bir maktabda o‘qigan bolalarni ko‘rib qoldim, ular o‘rtoqlarimga xabar berishdi. Do‘stlarim YHXBga, Tez yordamga qo‘ng‘iroq qilishdi. Yengil “shok” holatida bo‘lganim uchun shifokorlar menga yordam ko‘rsatishdi.
O‘zimga kelganimdan so‘ng mast yoki hushyorligimni aniqlash maqsadida tibbiy ekspertizaga borib keldik. U yerda spirtli ichimlik ichmaganim rasman tasdiqlandi. YHXB xodimlari hodisani rasmiylashtirishdi. Mendan va guvohlardan ko‘rsatma olishdi.
Ertasi kuni mashinaning zararini baholatishga olib bordik. Mashinaning yili eskiroq bo‘lgani uchun chiqqan summaning 30 foizi chegirib tashlandi va zarar miqdori 7,5 million so‘mga baholandi. Bu baholovchi tashkilotning rasmiy xulosasi. O‘zim xususiy xizmat ko‘rsatuvchi boshqa ustaga olib borib ko‘rsatdim. Uning aytishicha, mashinaning asosan tag qismiga anchagina zarar yetibdi, 13-14 million so‘m atrofida xarajatga tushibman», deydi Aziz Dehqonov.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video muallifi Akrom Saydiyev Yo‘l-patrul xizmati xodimlari yetib kelgunga qadar yo‘l ta'mirlanayotgani haqida hech qanday ogohlantiruvchi belgi qo‘yilmaganining isboti sifatida holatni telefonida videoga olganini ta'kidlaydi.
«2 maydan 3 mayga o‘tar kechasi soat 12:30larda Aziz o‘rtog‘im “avariya”ga uchragani haqida telefon qilishdi. Tezda voqea joyiga yetib borib, Azizning holidan xabar oldim va ertaga ta'mirlash ishlari ketayotganidan ogohlantiruvchi yo‘l belgisi o‘rnatilmaganini inkor etishmasin deb telefonimda vaziyatni videoga oldim. Tasvirga olib turganimda yo‘lni ta'mirlayotgan «Grand Road Tashkent» korxonasi ishchilari kelib yo‘l belgilarini o‘rnata boshlashdi», deydi Akrom Saydiyev.
IIV Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi katta inspektori Ibrohim Ahmedov Kun.uz’ga ekspertiza xulosalariga ko‘ra hodisa ro‘y bergan vaqtda haydovchi mast bo‘lmagani va tezligi ham me'yorida bo‘lganini ma'lum qildi. Uning aytishicha, yo‘l qurilishiga mas'ul korxona vakillari ogohlantiruvchi belgilarni qo‘yishmaganini tan olishgan.
«Cobalt rusumli avtomobil haydovchisi yo‘lning ta'mirlanayotgan qismida qoldirib ketilgan taxminan 50-70 santimetrli asfalt uyumiga borib urilgan. Bu yerda haydovchining aybi yo‘q, chunki ko‘rish imkoniyati kam bo‘lgani bois mashinani to‘xtata olmagan. Ekspertiza xulosasida ham haydovchining mashinani to‘xtatish imkoniyati bo‘lmagani tasdiqlandi.
Hodisa sodir bo‘lgan kuni yo‘lni ta'mirlayotgan korxona mas'ul xodimi o‘z tushuntirish xatida ogohlantiruvchi belgilarni qo‘yishga ulgurishmaganini yozib berishdi. Haydovchi mast holat bo‘lmagan. YTH natijasida avtomobilga anchagina zarar yetgan.
Sodir bo‘lgan YTH Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning “Yo‘llarga, yo‘l inshootlariga, yo‘l harakatini tartibga solib turuvchi texnik vositalarga shikast yetkazish, ularni saqlash qoidalarini buzish” deb nomlanuvchi 147-moddasi bilan malakalanadi. Ushbu modda doirasidagi ishlar IIV YHXB Ma'muriy amaliyot bo‘limi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Zarar fuqarolik tartibida yo‘l qurilishiga javobgar korxonadan haydovchiga undirib beriladi», deydi Ibrohim Ahmedov.
25 iyun kuni yo‘lsozlarning mas'uliyatsizligi Toshkent shahrining Shahrisabz ko‘chasida yana bir yo‘l-transport hodisasiga sabab bo‘lgan. Hodisa guvohlarining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, yo‘l o‘rtasida kanalizatsiya qudug‘i ochiq holda qoldirilgani oqibatida 5ta mashina – Hyundai, Malibu-2, Matiz, Lacetti, Nexia-3 avariyaga uchragan. Hodisa natijasi jabrlanganlar ham borligi aytilmoqda.
Qilg‘ilikni qilib qo‘yib, shuncha talafotga sabab bo‘lgan yo‘lsozlar yo‘l-transport hodisasiga sabab bo‘lgan kanalizatsiya qudug‘ini ta'mirlab qo‘ymoqchi bo‘lishgan. Videoda ushbu harakat haydovchilarning keskin noroziligini keltirib chiqarganini ko‘rish mumkin.
«Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonunning 17-moddasiga ko‘ra avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilar avtomobil yo‘lidagi nosozliklar tufayli yetkazilgan zararni belgilangan tartibda undirib olish huquqiga ega. Yana bir muhim ma'lumot: avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilar deganda nafaqat haydovchi, balki yo‘l harakati ishtirokchilari yoki ajratilgan mintaqa hamda yo‘l bo‘yi mintaqasi doiralarida belgilangan tartibda ruxsat etilgan faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar tushuniladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida avtomobil yo‘llarining ta'mirlash ishlari olib borilayotgan, bu ishlar oxiriga yetkazilmasdan qolib ketgan hamda ta'mirlanishi lozim bo‘lgan joylarda 2019 va 2020 yilning 8 oyi ichida 532ta YTH sodir bo‘lgani, ushbu avariyalar oqibatida 191 kishi vafot etgani va 511 kishi jarohatlangani aniqlangani ma'lum qilingan edi. Ushbu masala Senat tomonidan ham tanqidiy muhokama etilgan bo‘lsa-da, joylarda hamon sansalorliklar davom etayotgani aybdorlarga nisbatan keskinroq va ta'sirchanroq choralar ko‘rish kerakligini ko‘rsatmoqda.