Zarbdordagi mahalla ahli ichimlik suvini sotib oladi. Bu - «Obod qishloq» dasturidan keyingi holat

Jamiyat 16:04 / 25.06.2021 13335

Jizzax viloyati Zarbdor tumani Yangikent mahallasida istiqomat qilayotgan aholi ichimlik suvini bir necha yildan beri sotib olayotgani, hududga toza ichimlik suvi tortib kelish masalasi viloyat miqyosida ko‘tarilgan bo‘lsa-da, natija bo‘lmayotganini ma'lum qilishdi.

Kun.uz holatni o‘rganish maqsadida Zarbdor tumaniga bordi.

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkin, Yangikentda istiqomat qilayotganlarning aksariyati o‘tgan asrning 60-yillarida boshqa viloyatlardan ko‘chib kelib, yashab qolgan aholi. Ayniqsa, vodiy viloyatlaridan kelganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Bu jihatga e'tibor berayotganimizning sababi, nafaqat Jizzax viloyatining cho‘l hududlari, balki Sirdaryo viloyatining ham aksariyat tumanlarida yashayotganlar bu yerlarga ish manbayi va qulaylik istab kelishgan. Bir paytlar shunday bo‘lgan ham. Shaharchalar, posyolkalar qurib berilgan. Xususan, Yangikent mahallasida ham bir vaqtlar yashash uchun sharoit bo‘lgan-u, bora-bora vaqt to‘xtab qolgandek taassurot uyg‘otadi. Jamiyatga yangicha qarash uchun imkon bermaydigan manzara ko‘z oldingizda gavdalanadi.

Harqalay, bu dastlabki xulosa. Yanayam, haqiqiy manzarani odamlarning o‘zidan eshitgan ma'qul.

Hadicha Mamarahimova ushbu mahallaga ko‘chib kelganiga 23 yil bo‘lgan. U aholi haqiqatan ham ichimlik suvi muammosidan aziyat chekayotganini aytdi. Bu haqda mas'ullarga har doim xabar berib kelingan. Xususan, joriy yilning yanvarida Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev o‘tkazgan sayyor qabulda ham yangikentliklarni ichimlik suvi bilan ta'minlash masalasi ko‘tarilgan va bu bo‘yicha hokim fuqarolar oldida mas'ullarga topshiriq bergan.

Haydarqul Husainov ham mahallani ichimlik suvi bilan ta'minlash masalasini bevosita viloyat hokimiga ma'lum qilganini bildirdi. «Jizzax suv ta'minoti» MChJ boshlig‘i Zokir Mamarasulov aholiga hokim oldida va'da bergan. U hududga toza ichimlik suvi olib kelish barobarida mahalladagi «vodozabor»ni ham ta'mirlab berishni zimmasiga olgan. Shu gaplar aytilganiga ham besh oydan oshyaptiki, yangikentliklar yangilikka ilhaq bo‘lib turibdi.

Bekmurot Normatov bir oila haftasiga o‘rtacha 500-600 litr atrofida suv sotib olayotgani va bu ellik ming so‘mni tashkil qilishini aytdi.

Ra'no Mashrapova ba'zi vaqtlarda mahallaga toza ichimlik suvi kelish muddati cho‘zilib ketishi kuzatilganini ma'lum qildi. Mahallada qo‘li kaltaroq oilalar har doim ham suvni sotib ololmaydi. Texnikalarda olib kelingan suvni sotib olish ancha qimmatga tushib ketar ekan. «Mana shunday vaqtlarda lotok ariqlardan keladigan suvni olib ichganmiz», deydi u.

Darvoqe, biz Zarbdorda bo‘lgan – 9 iyun kuni Yangikent mahallasida «Jizzax suv ta'minoti» MChJ tuman filiali boshlig‘i Sherali Qodirov o‘z xodimlari bilan birgalikda ta'mirlash ishlari olib borayotgan ekan.

Qodirov Yangikentni ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida hozirgi kunda 14 kilometr masofadan ichimlik suv tarmog‘i tortib kelinganini, hali ishlar davom etayotganini ma'lum qildi. U tez orada suv minorasiga motor ulanishi va aholi toza ichimlik suvi bilan ta'minlanishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

«Bu bilan cheklanib qolmaymiz, keyinchalik mablag‘ ajratilsa, «vodazbor»ni ham ishga tushiramiz. Agar suv bashnyamiz ishga tushsa, mahalla aholisini yuz foiz suv bilan ta'minlash imkoniyatiga ega bo‘lamiz», dedi suv ta'minoti idorasi boshlig‘i.

Ma'lum bo‘lishicha, Yangikent mahallasi 2019 yilda «Obod qishloq» dasturiga ham tushgan ekan. Buni qarangki, butun boshli dasturga mahallani toza ichimlik suvi bilan ta'minlash kiritilmagan bo‘lsa. Umuman, «Obod qishloq» dasturida yashash uchun eng muhim bo‘lgan tarmoqni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, nima nazarda tutilgan ekan? Qiziq. Bu haqda biroz keyinroq.

Sherali Qodirov 2019 yilda aynan «Obod qishloq» dasturiga asosan Yangikent mahallasida artezian qudug‘i qazish ko‘zda tutilganini ma'lum qildi. Hududda bir emas, uch marta artezian qudug‘i qazilibdi va suvning qattiqligi baland chiqqani bois ichishga yaroqsizligi ayon bo‘libdi. Natijada, aholi yana ikki yil davomida og‘ir sharoitga chidashga majbur bo‘lgan va bu holat hamon saqlanib qolmoqda.

Masalaning ikkinchi tomoni ham bor. XXI asrda yashayapmiz. Yerosti suvimizning ichishga yaroqli yoki yaroqsiz ekanini aniqlash uchun nahotki uch marta artezian qazib ko‘rish kerak? Umuman, buning uchun ketadigan mablag‘ va mehnat nega hech kimni qiziqtirmagan? Vaholanki, Jizzax gidrogeologik stansiya rahbari Gaynazarov Yangikent yerosti suvidan ichimlik suvi sifatida foydalanish mumkin, deb xulosa ham bergan.

Savol tug‘iladi: «O‘zbekgidrogeologiya»ning Jizzax bo‘yicha mas'uli viloyat hududida yana qancha nuqtalarda shu kabi «istiqbolli loyiha»larga imzo qo‘ydi ekan? Artezian qudug‘i uch marta muvaffaqiyatsiz qazilgan ekan, buning uchun mablag‘ qaytarib joyiga qo‘yilganmi, kimdir javob berganmi noto‘g‘ri xulosa uchun?

Yuqorida Yangikent mahallasi ikki yil avval «Obod qishloq» dasturiga kiritilgani haqida aytildi. Ochig‘i, bu mahallada insonlar yashashi uchun infratuzilma mavjud emasligini ko‘rib, ikki yil avval nega bu yer dasturga kirgan-u nima ishlar qilingan, degan o‘yga boradi kishi. Yangikentda bir necha ko‘p qavatli uylar mavjud va ularning joylashuvi, tartibsiz hojatxonalar, bolalar o‘ynashi uchun mutlaqo sharoit yo‘qligi, zax suvlarni haydaydigan drenaj tizimi ishlamasligi, natijada dehqonchilik u yoqda tursin, oddiy nihol ko‘kartirish ham muammo bo‘layotgani kabi masalalarga batafsil to‘xtalib o‘tirishni joiz topmadik.

Mahalla fuqarolar yig‘ini binosining o‘zi ham abgor holatda.

Darvoqe, mahalla binosida «Obod qishloq» dasturi doirasida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar va Yangikentning loyihasi turgan ekan. Holat shunchaki, absurd, ma'nisiz. Murojaatchilar mahallaning xayoliy loyiha va maketiga qarab, «Bu bizning orzumiz va bu asl holatimiz», deb taassuf bildirishdi.

Bizningcha, Yangikentni qaytadan «Obod qishloq» dasturiga kiritish yoki bunaqa balandparvoz iborani bu qishloq uchun qo‘llamaslik kerak.

Umuman, 2019 yilda «O‘zbekgidrogeologiya» xulosasi bilan barbod bo‘lgan uchta artezian loyihasi, qolaversa «Obod qishloq» dasturi doirasida qilinmay qolgan ishlar bo‘yicha Zarbdor tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Erjigitov bilan telefon orqali suhbatlashdik.

Erjigitov Yangikent mahallasidagi 11ta ko‘p qavatli uylarning 8tasining tom qismi «Obod qishloq» dasturi doirasida yangilanganini ma'lum qildi. Bundan tashqari, ayrim ko‘chalar ham ta'mirlangan, tosh to‘kilgan. Bir so‘z bilan aytganda, loyihada ko‘rsatilgan aksariyat ishlar tadbirkorlarning ham ko‘magi bilan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan, ammo bu maqsad amalga oshmay qolgan. Erjigitov mahallada 2019 yilgi dasturda ko‘zda tutilgan ishlar qancha foizga bajarilganini aniq ayta olmadi.

«2019 yilda «O‘zbekgidrogeologiya» xulosasi bilan uch marta artezian qudug‘i qazidik. Suv iste'mol uchun yaroqsiz bo‘lib chiqdi. Buning uchun ham anchagina mablag‘ ketdi. Natijada yangikentliklar ichimlik suvi bilan ta'minlanmay qoldi», deydi hokim o‘rinbosari.

Erjigitov ayni vaqtda tuman hududida bitta artezian qudug‘i qazish, ishga tushirish uchun 160-170 million so‘m mablag‘ sarflanishini ma'lum qildi. Faraz qiling, ikki yil avval bitta artezian qudug‘i 120 million so‘mga qazilgan bo‘lsa ham, Yangikentning o‘zida «O‘zbekgidrogeologiya»ning noto‘g‘ri xulosasi bilan 360 million so‘m havoga uchgan.

Xuddi shunday tavsiya bilan 2018 yilda Ravot mahallasida qazilgan artezian qudug‘idan ham sho‘r suv chiqqan va ikki oyga qolmasdan quduq foydalanishga yaroqsiz bo‘lib qolgan. Shu kunlarda Ravotda yana artezian qudug‘i qazilgan. 

Xullas, bunaqa tavakkalchilik, istiqbolsiz xulosalar birinchi marta emas.

P.S.: Maqola tayyorlanish jarayonida Zarbdor hokimi o‘rinbosari Alisher Erjigitov bilan telefon orqali bog‘langanimizda, u Yangikent mahallasi ahli bir kun avval ichimlik suvi bilan ta'minlangani va kuniga ikki marta aholiga ichimlik suvi berilishini ma'lum qildi.

P.S.S.: Murojaatchilar bilan telefon orqali bog‘langanimizda esa, chiqarilgan ichimlik suvi hozircha suv bashnyasiga yaqin bo‘lgan xonadonlargagina yetib borayotganini aytishdi.

Mahalla esa yana qachondir «Obod qishloq» dasturiga kiritilsa ajab emas. Ammo hozircha bunaqasi O‘zbekiston tajribasida yo‘q.

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Ko‘proq yangiliklar: