Botir Qurbonov «hindcha» shtamm koronavirusning boshqa turlaridan o‘zining tez yuquvchanligi bilan farq qilishi, ammo «qora mog‘or» kasalligini bu shtamm bilan bog‘lash noto‘g‘ri ekanligini ta'kidladi.
«Qora mog‘or» kasalligi «britancha» shtammda ham, «uhan» shtammida ham bo‘lishi mumkin. «Qora mog‘or» o‘zbekistonliklar uchun hech qanday xavfli emas. Chunki bu kasallik chetdan kelmaydi. Bu davolash vositalarining zararsizlantirilmasligidan kelib chiqadigan zamburug‘li kasallik hisoblanadi», dedi u.
Shtab a'zosi hozirgi vaqtda koronavirusdan kasallanish holatlari ko‘payishi yangi to‘lqindan dalolat emasligini, kasallanish holatlari bo‘yicha raqamlar turlicha bo‘layotganini aytdi.
«Kasallikning ko‘payishi yoki kamayishi fuqarolarimizning o‘zlariga bog‘liq. Keraksiz tadbirlardan voz kechish, majlis va yig‘ilishlarni kamaytirish, imkon qadar to‘planishlarning oldini olish kasallikning oldini olishga xizmat qiladi», — deya ta'kidladi u.
24 iyun kuni koronavirusning yangi shtammi – dastlab o‘tgan yil kuzida Hindistonda qayd etilgan «Delta» shtammi O‘zbekistonda ham aniqlangani haqida xabar berilgandi. Bu shtamm avvalgilariga qaraganda tezroq tarqaladi va o‘lim xavfi ham yuqori hisoblanadi.