Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida 21 mlrd so‘m budjet mablag‘lari qalbaki vedomostlar bilan o‘zlashtirildi

Iqtisodiyot 12:06 / 25.06.2021 27612

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2021 yildagi nazorat ishlari rejasiga muvofiq, oliy ta'lim tizimiga 2017-2020 yillarda ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanilgani yuzasidan o‘rganish o‘tkazilmoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2017-2020 yillarda prezident hujjatlarida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga berilgan topshiriqlarning 3 710 tasi bajarilgan, 4ta topshiriqning ijrosi ta'minlanmay qolmoqda.

Shuningdek, masofaviy nazorat natijasida kuzatilgan shubhali holatlar o‘rganilganda, 2ta oliy ta'lim muassasasida 22,5 mlrd so‘m mablag‘ o‘zlashtirilgani aniqlandi.

Jumladan, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida hisoblangan ish haqi va stipendiyalarga nisbatan bankdan ortiqcha olingan 21 mlrd so‘m naqd pullar buxgalteriya xodimlari tomonidan qalbaki vedomostlar tuzish orqali o‘zlashtirilgan. Jizzax politexnika institutida esa 1,5 mlrd so‘m mablag‘lar plastik kartochkaga o‘tkazish orqali o‘zlashtirilgan.

Hisob palatasiga ko‘ra, buxgalteriya xizmati mas'ullari o‘zining tushuntirish xatlarida yuqorida ko‘rsatilgan mablag‘lar o‘zlashtirilganini tan olishgan.

Ayni vaqtda aniqlangan holatlar bo‘yicha rasmiylashtirilgan hujjatlar o‘zlashtirilgan mablag‘larni o‘z joyiga tiklash va huquqiy baho berish uchun belgilangan tartibda Bosh prokuraturaga yuborilgan.

Ko‘proq yangiliklar: