Nogironligi bor shaxslarga bo‘sh ish o‘rinlarini topish va ish beruvchilarga nogironligi bo‘lgan xodimlarni ishga olishda yordamlashadigan ishplus.uz portali ishga tushdi.
“Faoliyatimiz davomida bizga ish topib berish bo‘yicha juda ko‘p murojaatlar bo‘ladi. Qanday qilib ularga yordam berish haqida o‘ylardik. Va ishplus.uz g‘oyasi paydo bo‘ldi. G‘oya tashabbuskori va rahbari Dilmurod Yusupov bo‘ladi.
Veb-portalimizning yana bir afzallik tomoni, u turli holatdagi jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarga moslashtirilgan. Ko‘rish, eshitish kabi imkoniyati cheklangan insonlar bemalol foydalanishlari mumkin”, — dedi Toshkent shahar “ShAROIT PLYuS” nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muhabbat Rahimova loyiha taqdimotida.
Ma'lum qilinishicha, loyiha YUNISEF, BMT Taraqqiyot dasturi, Xalqaro mehnat tashkiloti va Mehnat vazirligi ko‘magi asosida tashkil qilingan. Loyiha uchun 5 ming dollar miqdorida grant ajratilgan.
Loyiha rahbari Dilmurod Yusupov Ishplus.uz saytining qanday ishlashi bilan tanishtirdi.
Yusupovning aytishicha, portal barcha toifadagi nogironligi bor shaxslar uchun mo‘ljallangan. Uning ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilar uchun alohida versiyasi bor. Saytda ish beruvchilar ro‘yxati bo‘lib, ro‘yxatga o‘zi va qanday xodimga talab borligi haqidagi ma'lumotlar joylangan. Shuningdek, ish beruvchi talabida ishchining nogironlik belgilari ham ko‘rsatib o‘tiladi. Ish izlovchilar sayt orqali ma'lum bir ish o‘rniga rezyume jo‘natishlari mumkin.
77-sonli ko‘zi ojiz bolalar maxsus maktab internati o‘qituvchisi Bahodir Qurbonov nogironligi bor shaxslarga beriladigan ma'lumotnomalardagi kamchiliklar haqida to‘xtaldi.
“Nogironligi bor insonlarga 1- yoki 2-guruh nogironligi to‘g‘risida ma'lumotnoma beriladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi bunday fuqarolarga ishga noloyiq deb ma'lumotnoma berayotgan ekan. Shunday nogironlarimiz borki, jismoniy mehnatga layoqatli. Shunday nogironlarimiz borki, aqliy mehnatga layoqatli. Shuning uchun ularga nogironlik ma'lumotnomasini berayotganda shu narsalarga e'tibor qilishni so‘rardim. Chunki sizning berayotgan ma'lumotingizga qarab qolgan davlat tashkilotlari, tadbirkorlar ishga oladi”, — dedi Bahodir Qurbonov.
Ishplus.uz loyihasi koordinatori Aziz Abdullayev ish beruvchilar bilan bog‘liq muammolarni sanadi. Uning aytishicha, ish beruvchilar nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini yaxshi bilmaydi va mehnat qonunchiligiga amal qilishmaydi. Ya'ni qonunchilikda nogironligi bor shaxslarni ishga olish uchun 3 foizli kvota belgilangan. Hozirgi kunda ish beruvchilar tomonidan bu kvota talablari bajarilmayapti.
“Keyingi muammo ish beruvchilarning nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatini kam baholashi va ularni mehnat bozorida bilib-bilmay kamsitishi hisoblanadi. Shu muammolarga yechim sifatida ishplus.uz saytini Toshkent shahrida ishga tushirdik. Asosiy yechim Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ishplus.uz portali orqali vakansiyalarni yoritishga ko‘rsatma berishi bo‘ladi. Loyiha taxminan dekabr oyida yakunlanadi va kelasi yil uni respublika miqyosida amalga oshirmoqchimiz”, — dedi loyiha koordinatori.
BMT ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda ishlay oladigan nogironligi bor shaxslar 346084 nafar. Ammo ularning 7 foizigina rasmiy ravishda ish bilan ta'minlangan. Bunday kishilarning ish topish ehtimoli nogironligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan qariyb 4 baravarga kamroq.