Charlz Dens bilan kutilmagan uchrashuv, Kuala-Lumpurdagi hayot – Malayziyadagi Salohiddinxo‘ja Sur’atxo‘jayev bilan suhbat

Jamiyat 11:03 / 25.06.2021 6248

Qahramonimiz Toshkent shahrida tavallud topib voyaga yetgan. Toshkent shahridagi «Gliyer» nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabida tahsil olgan. 2018 yildan e’tiboran Malayziyaning Limkokving Kreativ texnologiyalar universiteti “Kommunikatsiyalar va Media” fakulteti “Raqamli film va televideniye” yo‘nalishida ta’lim olib kelmoqda.

Janubiy-Sharqiy Osiyoga bir oylik sayohat

17 yoshimda Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga bir oylik sayohatga chiqqanman va sayohatim davomida menga eng ma’qul bo‘lgan davlat Malayziya bo‘lgan. Shu sababli keyinchalik o‘qishni davom ettirish uchun aynan Malayziya davlatini tanlashga qaror qildim.

Shinam shaharlar va turistlarga boy Kuala-Lumpur

Malayziya xalqi anchagina mehmondo‘st xalq hisoblanadi. Mamlakatda ko‘plab shinam shaharlar, turistik maskanlar mavjud. Malayziyada juda ko‘p chet ellik sayyohlarni uchratish mumkin. Birgina Kuala-Lumpur shahriga har yili 13 mlnga yaqin sayyoh tashrif buyuradi. Bu bilan u dunyo bo‘yicha eng ko‘p sayyohlar tashrif buyuruvchi shaharlar indeksida 11-o‘rinda turadi. Bu esa o‘z-o‘zidan turli millat vakillari orasida madaniyatlar almashinuvi jarayoniga turtki bo‘ladi. Talabalar, shuningdek, xalqaro tillar va tajriba almashishda ham keng imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

3 qit’ada kampuslarga ega universitet

Limkokving universiteti haqida gapiradigan bo‘lsam, universitet 1991 yilda tashkil etilgan. Ushbu o‘quv dargohi Malayziyada san’at sohasida o‘z o‘rniga ega yetakchi universitetlardan. Hozirgi kunda universitet Osiyo, Yevropa va Afrika qit’asining bir qancha mamlakatlarida o‘z kampuslariga ega.

Ushbu universitetga topshirishdan oldin universitet tarixiga qiziqib ko‘rganman. Ushbu o‘quv maskanini tamomlagan shaxslar haqida ancha ma’lumotlarga ega bo‘lganman. Shundan so‘nggina ushbu oliy o‘quv yurti men uchun mos kelishini tushunganman va unga o‘qishga kirishga qaror qilganman.

5.5 IELTS yoki yaxshi baholar

Universitetga qabul jarayonida ma’lum talablar mavjud bo‘lib, ushbu talablar siz topshirayotgan fakultet va yo‘nalishga qarab turlicha bo‘lishi mumkin. Lekin umumiy talablar ham mavjud. Bular ingliz tilini bilish sertifikati – IELTS (kamida 5.5 daraja)ga ega bo‘lish hamda ilgari tahsil olgan maktab, kollej yoki litseyni yaxshi baholarga tugatgan bo‘lish kerak.

Men ushbu talablarga to‘liq javob berardim. IELTS’dan darajam 6.5 edi. Bundan tashqari, maktabda ham, keyinchalik arxitektura kollejida ham eng iqtidorli o‘quvchilardan biri sifatida a’lo baholarga o‘qigan edim.

Xorijda o‘qishga qiziqish bolalikda paydo bo‘lgan

Dadam o‘z sohalari bo‘yicha bir qancha xorijiy mamlakatlarda amaliyot o‘tab, chet elga sayohatlar uyushtirganlar. Ushbu sayohatlar haqida ularning taassurotlarini eshitish juda maroqli edi. Uyimizda dadamning chet el mamlakatlariga sayohat manzaralari tasvirlangan videokassetalar bo‘lardi. Ushbu videokassetalarni takror-takror tomosha qilardim va men ham shu joylarga boraman, deb orzu qilardim. Yoshim ulg‘aygani sari O‘zbekistondagi hayot tarzi, ta’lim tizimini boshqa mamlakatlar bilan solishtirishga bo‘lgan qiziqish orta boshladi. Yuqorida aytganim bir oylik sayohat buning uchun zo‘r imkoniyat yaratib berdi. Aynan shu sayohat hamda bolalikdagi orzular meni xorijda o‘qish sari yetakladi.

Hayotda motivatsiya beruvchi insonim – bobom

O‘z vaqtida dadamga ham motivatsiya bergan, hozirda meni ham qo‘llab-quvvatlab keladigan inson – bu bobom. Har doim ular bilan gaplashganimda menga yangidan yangi motivatsiyalar beradilar, biror masala bo‘yicha maslahat so‘raydigan bo‘lsam, o‘z ishlari bilan band bo‘lishlariga qaramay, vaqtini ayamasdan o‘z maslahatlarini beradi. O‘qishga kirganimda ham eng ko‘p quvongan inson bobom bo‘lgan. Har bir erishayotgan yutug‘imdan o‘zida yo‘q xursand bo‘ladilar. Nimaiki muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsam, barchasida ota-onam bilan birga ularning ham katta hissasi bor.

Malayziyadagi ahil o‘zbeklar

Hozirgi postpandemiya davrida Malayziyada istiqomat qiluvchi o‘zbekistonlik vatandoshlarimiz soni bir necha yuzga yetadi. Bir shaharda yashovchi hamyurtlarimiz birgalikda kechki ovqatlar tashkil etishadi, bayramlarda bir-birinikiga mehmonga tashrif buyurishadi. Agarda biror hamyurtimiz qiyin ahvolga tushib qolganidan xabar topadigan bo‘lsak, tezda qo‘ldan kelgancha yordam berishga shoshilamiz. Bir so‘z bilan aytganda, Malayziyadagi o‘zbek diasporasi vakillari bir-biri bilan juda ahil-inoq.

Nisbatan arzon narx-navolar

Malayziyada yashash, o‘qish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar, umuman narx-navolar boshqa davlatlarga qaraganda nisbatan birmuncha pastroq hisoblanadi. Bitta xorijlik talaba 1 oyda o‘rtacha 250–400 AQSh dollari sarflaydi. Bu miqdor transport, yashash ijarasi va oziq-ovqat xarajatlarini ham o‘z ichiga oladi. Malayziyaga o‘qish uchun keladigan barcha talabalar tibbiy sug‘urta olishlari majburiy. Sug‘urta xarajatlari, odatda, universitet o‘qish to‘lovlari bilan birgalikda hisoblanadi. Odatiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish narxi minimal 20 dollardan boshlanadi va ko‘rik turiga qarab o‘sib boradi.

Aholining katta qismi malay, hind va xitoyliklardan iborat

Malayziyada xilma-xil millat vakillarini uchratishingiz mumkin. Ular orasida eng ko‘p qismini tashkil etuvchi millatlar – malay, hind va xitoy millatlari vakillari. Aholining 60 foizini malaylar tashkil etadi. Keyingi o‘rinlarda hind, xitoy va boshqa millat vakillari turadi.

Malayziyada ingliz tiliga bo‘lgan talab juda kuchli. Yuqorida ta’kidlangan millatlar aloqa vositasi sifatida aynan ingliz tilidan foydalanishadi. Shu sababdan ham Malayziyada ishlash uchun malay tilini bilish asosiy talab hisoblanmaydi. Ish beruvchining millatiga qarab, yo malay, yo hind, yo xitoy tilini bilish talab qilinadi.

Orzumdagi aktyorni uchratib qolganman

Uch yil davomida Malayziyada juda ko‘p va bir-biridan qiziq holatlarga duch kelganman. Ulardan biri haqida gapirib bermoqchiman. Birinchi kursni bitirayotgan vaqtimda reklama videoroliklarida frilanserlik qilishni boshlaganman. Bir nechta reklama roliklarida aktyor sifatida o‘z mahoratimni sinab ko‘rganman. Bir kuni agentim Britaniyaning mashhur telekanallaridan biri Malayziyada serial tasvirga olayotgani haqida gapirib berdi va menga ushbu teleserialda yordamchi aktyor rolida qatnashishni tavsiya qildi. Menga bu taklif ma’qul tushdi va rolni ijro etishga rozi bo‘ldim. Uch kun davomida suratga tushishga tayyorgarlik ko‘rganman, repetitsiya qilganman. Va nihoyat uch kundan so‘ng tasvirga olish kuni yetib keldi. Barcha tayyor, s’yomka jarayoni boshlandi, aktyorlar o‘z rollarini ijro etishga kirishish arafasida. Shunda kutilmaganda s’yomka maydoniga britaniyalik taniqli aktyor Charlz Dens kirib keldi. Men avvaldan “Taxtlar o‘yini” (“Game of thrones”) filmini zo‘r qiziqish bilan tomosha qilardim va ayniqsa filmda ushbu aktyor jonlantirgan personaj juda yoqardi. Men bu aktyorni Malayziyada uchrataman deb hech o‘ylamagan edim. Taqdir taqozosi bilan o‘zim hurmat qilgan aktyor bilan uchrashishga va hatto suhbat qurishga ham muvaffaq bo‘lganman.

Xalqaro festivallardagi ishtirok

Hozirga qadar o‘z soham bilan bog‘liq ravishda bir qancha roliklar, reklamalar va qisqa metrajli filmlar suratga olishga ulgurdim. “Lost connection” nomli qisqa metrajli filmim Kanadaning “Human-Environmental Care Film Festival” va 8 yildan beri Buyuk Britaniyada bo‘lib o‘tadigan “First Time Film Maker Festival” festivallarida qatnashdi. Kelajakda o‘z sohamni yanada rivojlantirish, qisqa metrajli filmlar ishlashni ko‘paytirish va media sohasida faoliyatimni davom ettirish niyatidaman.

Bundan tashqari, musiqa yo‘nalishida ham professional faoliyat olib borishni maqsad qilganman. Hozirgacha ko‘plab ijod namunalarimni yaratganman. Ularni SoundSloud, Spotify hamda YouTube tarmoqlaridan topishingiz mumkin.

Ijodkor, tirishqoq va mehnatkash

O‘qishdan tashqari, mehnat faoliyatini ham olib boraman. Hozirgi kunda “Aqlli shaharlar” hamda BMTning “17 barqaror rivojlanish maqsadlari” (“Sustainable Development Goals”) loyihasi doirasida ish yuritadigan “Renexus” kompaniyasida ishlayapman.

Shu o‘rinda qo‘shimcha qilib o‘tishim kerakki, men ayni vaqtda O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Malayziyadagi vakili hisoblanaman. Ushbu yoshlar tashkilotining xorijdagi o‘zbek yoshlari huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan turli loyihalarini Malayziyada tatbiq qilaman.

Kelajagimni O‘zbekistonda ko‘raman

Kelgusi rejalarimni amalga oshirish haqida o‘ylarkanman, o‘zim ko‘zlagan tajribaga ega bo‘lganimdan so‘ng vatanimga qaytish niyatidaman. Kerakli bilim va tajriba to‘plagach kelajagimni faqat O‘zbekistonda quraman.

Davlatbek Asadov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: