Toshkentdagi tadbirlarda kuchli ta'sir qiluvchi dorilarni noqonuniy sotgan dorixonalar aniqlandi

Jamiyat 07:55 / 24.06.2021 7483

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahrida kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy sotgan dorixonalarga qarshi qat'iy choralar ko‘rilayotgani haqida ma'lum qildi.

«Shunday dori vositalari borki, agar ular shifokor tavsiyasisiz iste'mol qilinsa, inson hayotiga jiddiy xavf tug‘diradi. Xususan, kuchli ta'sir qiluvchi preparatlarni noto‘g‘ri qo‘llash tufayli ushbu farmatsevtik mahsulotlarga qaram bo‘lib qolish yoki narkologik kasalliklarga yo‘liqish mumkin. Katta hayot ostonasida turgan o‘smir yigit-qizlar orasida bu kabi zararli odatlar uchrayotgani ota-onalarni, xalqimiz salomatligiga befarq bo‘lmagan har bir fuqaroni tashvishga solishi shubhasiz.

Axir, ularning bunday xatarli yo‘lga qadam qo‘yishi yaqinlari, mahalla-ko‘y va ta'lim dargohlari uchun ham qaltis oqibatlarga olib kelishi turgan gap.

Afsuski, oramizda ushbu moddalar inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazishini bila turib, yoshlar orasida kuchli ta'sir qiluvchi va sifati kafolatlanmagan bu dori vositalarini sotishga urinayotgan kimsalar va dorixona egalari borligi achinarlidir», deyiladi SSV xabarida.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Toshkent shahar bo‘limi rahbari Ulug‘bek Jumaniyozov tarkibida kuchli ta'sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalari faqat retsept asosida ijtimoiy dorixonalar tomonidan sotilishi belgilanganini qayd etib o‘tgan.

«Ma'lumki, 2019 yil 6 sentyabrda prezidentimizning «Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan. Unga ko‘ra, 2019 yil 1 dekabrdan boshlab tarkibida kuchli ta'sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarining chakana realizatsiyasi (berilishi) faqat ijtimoiy dorixonalar, shuningdek, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash va realizatsiya qilish (berish) faoliyatiga litsenziyasi bo‘lgan dorixonalar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

Biroq afsuski, o‘rnatilgan ushbu tartibga qaramay, bugungi kunda retsepsiz berilmaydigan, faqat ruxsatnomasi bor dorixonalardagina sotiluvchi bu dorilar turli noqonuniy yo‘llar bilan yoshlarimiz qo‘liga borib qolmoqda», deydi u.

Aslida kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalari aholi soni va kasallanish darajasining uch yillik statistikasiga qarab, eksport qilinadi. Masalan, ko‘z kasalliklari shifoxonalarida diagnostika qilish va boshqa muolajalarda ishlatiladigan «Tropikamid» dori vositasi ijtimoiy dorixonalarga qat'iy belgilangan miqdorda olib kelinadi va bemorlarga faqatgina retsept asosida beriladi. Ko‘cha-ko‘yda va ayrim dorixonalarda noqonuniy sotilayotgan kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalari yurtimizga kontrabanda usulida olib kiriladi va sotilmoqda. 

Hozirgi kunda O‘zbekistonda 14 mingdan ziyod dorixona faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lib, shundan 2360tasi Toshkent shahrida joylashgan.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining  Toshkent shahar bo‘linmasi va huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida joriy yilning 16 iyun kuni Toshkent shahrining Chilonzor va Uchtepa tumanlarida kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy realizatsiyasi bilan bog‘liq 37ta holat aniqlandi. Unda jami 62 337 dona kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy muomaladan olindi.Mazkur hududlarda jami 8ta dorixonada tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilib, noqonuniy muomaladan 2 518 dona nazorat ostidagi dori vositalari olindi.

«Xususan, ana shunday tadbirlarda poytaxtimizdagi Yunusobod  tumani Osiyo ko‘chasida joylashgan «Aziza pharmacy plus» MChJ,   Chilonzor tumanida joylashgan «Farm luks» MChJ, «Atsefenak farm», «Gulshana pharm servis» MChJ, Uchtepa tumanida joylashgan «Impulus farm trade», «City open», «Farm standart navoiy» MChJ, Shayxontohur tumanida joylashgan «Salus oniko» MChJga qarashli qator dorixonalarda kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosi amalga oshirilgan.

Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonunda belgilangan tartibda mazkur dorixonalar egalarini javobgarlikka tortish choralari ko‘rilmoqda. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga ular bo‘yicha taqdimnomalar kiritilgach, belgilangan tartibda dorixonalar litsenziyasi olib qo‘yiladi hamda 3 yil davomida javobgar shaxsga litsenziya berilishi va muassasada dori-darmon savdosi amalga oshirilishi taqiqlanadi», deydi Ulug‘bek Jumaniyozov.

Sog‘liqni saqlash vazirligi barcha dorixonachilarga murojaat qilib, noqonuniy harakatlar jinoiy javobgarlik va litsenziyadan mahrum bo‘lishga olib kelishidan ogohlantirgan.

«Shu o‘rinda yurtimizdagi barcha dorixona egalarini oson moddiy daromad ketidan quvib, ma'muriy, hatto jinoiy javobgarlikka tortilishi hamda litsenziyasidan mahrum bo‘lishiga sabab bo‘ladigan noqonuniy faoliyatdan saqlanishini so‘rab qolamiz.

Eng asosiysi, ularning bu harakatlari tufayli yosh avlodimiz salomatligiga jiddiy zarar yetayotgani, kelgusida jamiyatimizning oldi qatorlarida bo‘lishi mumkin bo‘lgan yigit-qizlarning kuchli ta'sir qiluvchi vositalarga qaram holatga kelib qolishi achinarlidir», deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: