Buxoroda o‘tkazilgan «Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlik» xalqaro forumi o‘z ishini yakunladi. Unda bir qator jarayonlarni o‘z ichiga olgan Buxoro deklaratsiyasi qabul qilindi.
Ikki kun davom etgan forumda sohadagi muammolar va ularning yechimlari, vazifalar muhokama qilindi. Yakunlovchi sessiyada Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norbayeva ishtirok etdi.
Tadbirda global forumni har ikki yilda o‘tkazish, ushbu davrda hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar, erishiladigan yutuqlar, shuningdek mintaqaviy va global miqyosda yuzaga kelayotgan muammolarni muhokama qilib borish hamda aniq natijalarga yo‘naltirilgan hamkorlikdagi dasturlarni qabul qilish taklif etildi.
Yakunlovchi sessiyada YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamatzade ham so‘zga chiqib, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlikka ilk qadam qo‘yilganini qayd etdi va forum natijalari haqida mulohazalarini bildirdi.