O‘zbekiston va Tojikiston teng ulushga ega bo‘lgan ikkita gidroelektrostansiya quradi

Iqtisodiyot 13:26 / 23.06.2021 13768

Stansiyalar qurilishining umumiy qiymati 552 million dollarni tashkil etishi belgilangan.

Qayd etilishicha, qurilayotgan stansiyalarda ishlab chiqariladigan barcha elektr energiyasini O‘zbekiston tomoni sotib olishi kutilmoqda.

Birinchi bosqichda yiliga 800 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradigan «Yovon» GESi quriladi. 140 Megavatt quvvatga ega ushbu stansiyaning dastlabki qiymati 282 million dollarga baholanmoqda.

Ikkinchi bosqichda yiliga o‘rtacha 600 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradigan «Fondaryo» GESini qurish imkoniyati o‘rganiladi. 135 Megavatt quvvatga ega ushbu stansiyani qurish uchun 270 million dollar ajratish kerak bo‘ladi.

Tojikiston hukumati respublika hududida boshqa davlatlarning hukumatlari bilan birgalikda gidroelektrstansiyalarini qurish bo‘yicha tajribaga ega. Xususan, Rossiya ishtirokida «Sangtuda GES-1» va Eron ishtirokida «Sangtuda-2» GESlari qurilgan va ishlamoqda.

Ma'lumot uchun, GESlar qurilishi 2018 yili e'lon qilingandi. 2021 yilning mart oyida GESlarni qurish muhokamasi bo‘layotgani xabar qilingandi.

Avvalroq, Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifidan so‘ng, prezident matbuot kotibi Zarafshon daryosida ikkita GES qurish loyihasi bo‘yicha qo‘shma aksiyadorlik jamiyati tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolangani haqida ma'lum qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: