Koronavirus: O‘zbekiston - Afg‘oniston chegarasi orqali fuqarolar harakati vaqtincha to‘xtatiladi

O‘zbekiston 08:00 / 23.06.2021 15084

Sog‘liqni saqlash vazirligi va qator manfaatdor tashkilotlar taklifiga ko‘ra, Respublika maxsus komissiyasi Afg‘onistonda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat keskinlashayotganini inobatga olib, o‘zbek-afg‘on davlat chegarasi orqali fuqarolarning harakatlanishini vaqtincha to‘xtatishga qaror qildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, shu bilan birga, Afg‘oniston fuqarolariga turistik vizalar berishni hamda turistik firmalardan viza talabnomalarini qabul qilish vaqtincha to‘xtatiladi.

Bunda “Termiz-avtoyo‘l” chegara o‘tkazish punkti orqali quyidagi toifadagi fuqarolar va transport vositalarining harakatlanishiga ruxsat beriladi:

  • diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalar va xalqaro tashkilotlar xodimlari hamda ularning oila a'zolariga;
  • xalqaro yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi haydovchilarga;
  • o‘z yurtiga qaytayotgan O‘zbekiston va Afg‘oniston fuqarolariga.

Shuningdek, “Termiz-avtoyo‘l” chegara o‘tkazish punkti orqali O‘zbekistonga kirib kelayotgan shaxslar tomonidan o‘tkazish punktida faoliyat yuritayotgan maxsus klinika yoki laboratoriyalarda koronavirus infeksiyasi antigenini ekspress test tekshiruvi orqali manfiy natija qayd etilgan taqdirda O‘zbekiston hududiga kiritiladi. 

Koronavirus infeksiyasiga musbat natija aniqlangan O‘zbekiston fuqarolari esa tegishli hududda joylashgan maxsus klinikalarga davolash uchun yuboriladi.

Koronavirus infeksiyasiga musbat natija aniqlangan chet el fuqarolari esa O‘zbekiston hududiga kiritilmaydi.

Bundan tashqari, sinov tariqasida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan O‘zbekiston chegara o‘tkazish punktlari orqali kirib kelgan barcha shaxslardan, respublika hududiga kirib kelganlaridan so‘ng 7-kuniga qadar koronavirus infeksiyasiga polimer zanjirli reaksiya tekshiruvini o‘tkazish va bunda test xarajatlarini davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplash tizimi joriy etiladi.

  • Afg‘onistonda iyun oyi boshidan epidemiologik vaziyat yomonlasha boshlagan. May oyi o‘rtalarida kuniga 300-400tadan kasallanish holati aniqlangan bo‘lsa, may oyi oxirida kunlik ko‘rsatkichlar 1000dan oshgan, 17 iyun kuniga kelib pandemiya boshidan buyon rekord ko‘rsatkich qayd etilgan - 2313 holat. Shuningdek, kunlik o‘lim holatlari ham o‘smoqda. 17 iyun kuni 100dan ortiq o‘lim holati qayd etilgan, keyingi kunlarda ham bu raqam 100ga yaqinni tashkil etmoqda. Bungacha kunlik o‘limlar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich 2020 yil iyulida qayd etilgandi - 46 holat.
Ko‘proq yangiliklar: