Germaniyadagi hayot, bepul ta’lim, yashash xarajatlari – Muzaffar Maksumov bilan suhbat

Jamiyat 17:50 / 23.06.2021 9716

16 iyun kuni UzbekLife jamoasi Germaniyaning Zigen universiteti magistratura bosqichi bitiruvchisi Muzaffar Maksumov bilan Instagram’da jonli efir orqali suhbat o‘tkazgan edi.

Bugun ushbu suhbatning to‘liq yozib olingan variantini e’tiboringizga havola qilamiz.

Minimal 6.5 ball olganlar grant sohibi bo‘lgan

2018 yil Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti kimyo yo‘nalishida oxirgi bosqichda tahsil olar edim.

O‘sha yillarda Islom Karimov fondining grant tanlovi haqida eshitib qoldim. Keyin u haqida ma’lumotlar yig‘a boshladim.

Tanlov beshta bosqichda bo‘lib o‘tgan. Dastlabki bosqichda – ingliz tilini bilish darajasi test orqali tekshiriladi. Bunda odatdagi abituriyentlarga beriladigan savollar emas, balki, biroz murakkabroq savollar jamlangan. Keyingi bosqichda -  mutaxassislik bo‘yicha yana bir test topshirilgan. Uchinchi bosqichga o‘tganlar Respublikadagi nufuzli olim-professorlarning suhbatida bo‘lishadi.

Navbatdagi bosqichda – psixologik test va suhbat o‘tkazilgan. Tanlovning so‘nggi bosqichida – IELTS imtihoni bo‘lib o‘tadi. Bunda minimal 6.5 ball olganlar grant sohibi bo‘lgan.

Talabgorlar bosqichma-bosqich kamayib borar edi. Agar siz birinchi bosqichdan o‘ta olmasangiz, sizda keyingilarida qatnashish imkoni bo‘lmaydi.

Tanlovda g‘olib bo‘lgan stipendiantlarga ta’lim olish uchun xorijiy davlat va universitetni erkin tanlash, o‘qish davridagi oylik barcha xarajatlar qoplanishi, yillik semestrlar uchun to‘lovlar to‘lanishi, aviachiptalarning bepul berilishi, hattoki bir yilda bir marotaba O‘zbekistonga borib-kelish imkoniyati aynan Islom Karimov fondi tomonidan to‘liq ta’minlangan.

Germaniyada deyarli barcha universitetlarda ta’lim bepul

Germaniyada tahsil olishning afzallik jihatlaridan biri – ma’lum bir oliy ta’lim muassasalaridan tashqari boshqalarida to‘lov – shartnoma asosidagi ta’limning mavjud emasligida. Faqat semestr davomida universitetning joylashuviga qarab, o‘rtacha 200-500 yevro to‘lov bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, bu yerda universitet ma’muriyati talabalar orasida moliyaviy imkoniyati cheklanganlarini hisobga olib, qo‘shimcha yiliga 120 kun to‘liq yoki 240 kun 0,5 ish stavkasida ishlashga ruxsat beradi.

Ma’ruzalar davomida talabadan har bir ma’ruzada qatnashish talab qilinmaydi. Darslardan so‘ng esa hamma uyga emas kutubxonaga shoshiladi. Talabalar jamoa bo‘lib ishlashadi, imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rishadi. Shuning uchun ham Germaniya kutubxonalari har doim gavjum.

Transport vositalari uchun semestr yo‘l chiptalari beriladi

Zigen universitetiga 1971 yilda asos solingan. U Germaniyaning o‘qish bepul bo‘lgan universitetlaridan biri. Universitetda 5 ta fakultet bo‘lib, ijtimoiy-gumanitar, tabiiy va aniq fanlar, muhandislik, tibbiyot va musiqa yo‘nalishlarida mutaxassislarni tayyorlashadi.

Zigenda ta’limning barcha bosqichlarida tahsil olish mumkin.

Darslar bakalavr bosqichida deyarli nemis tilida, magistratura bosqichi esa nemis tilidan tashqari ingliz tilida ham olib boriladi.

E’tiborga molik jihati shundaki, Zigen universitetida mutaxassislik fanlaridan tashqari, qiziqishingizga qarab boshqa yo‘nalish fanlarida ham tahsil olish imkoni berilgan.

Yana bir muhim ma’lumot, Zigenda talabalarga barcha transport vositalarida yurish imkonini beradigan semestr yo‘l chiptalari beriladi. Bu chiptalardan foydalanib, dam olish kunlarida Yevropa davlatlarini sayohat qilish mumkin.

Nemislar bilan do‘stlashish qiyin

Nemis xalqi juda ham tartibli, punktual xalq. Agar belgilangan uchrashuvlarga kech qolsangiz, buni qabul qilishmaydi. Ular qonunlarga qat’iy rioya qilishadi. Nemislar bilan do‘st bo‘lish qiyin. Hamma bilan ham ko‘nglini ochib, do‘st bo‘laverishmaydi. Agar hurmatini qozonib, do‘st bo‘lsangiz, chinakam do‘st bo‘lishadi.

Germaniyada bayramlar ajoyib tashkillashtiriladi. Nemislar bayramni yaqinlar davrasida, sayyohatlar uyushtirib nishonlashadi.

Menga ularning Rojdestvo bayrami yoqdi. Yangi yil arafasida deyarli bir oy davomida mahalliy xalq bayram tantanalarini uyushtirishadi. Shaharlarda Rojdestvo yarmarkalari tashkil qilinadi. Muzdan yasatilgan sahnalarda musiqiy guruhlarning chiqishlari namoyish etiladi. Hatto Germaniyaning chekka hududlarida ham bunday shukuhni uchratishingiz mumkin. Bu mavsumda turli mamlakatlardan minglab sayyohlar tashrif buyurishadi. Yana bir milliy bayramlaridan biri Oktoberfest festivali.

Bu festivalda Bovariya xalqi milliy libosda bo‘lishadi. Sayyohlar ham shu liboslarni kiyishadi, milliy raqslarga tushishadi. Shu tarzda festival ajoyib kayfiyatda o‘tadi.

Nemis tilini bilish muhim

Germaniyaga kelgan ilk kunlarimda nemis tilini bilmasligim menda qiyinchiliklarni keltirib chiqargan. Markaziy shaharlardan tashqari mamlakatning boshqa hududlarida ingliz tilini bilishmaydi. Muloqot faqat nemis tilida bo‘ladi. Biror muassasaga murojaat qilsangiz, nemis tilini biladigan kishi bilan kel, deb qaytarib yuborishadi. Ko‘chalarni topish, transportlarning yo‘nalishini so‘rashingiz uchun nemis tilini bilmasangiz muammolarga duch kelasiz.

Ayniqsa, mahalliy xalq hayotiga kirishish uchun ham milliy tilni bilish zarur. Men bu tilni 6 oy davomida o‘rgandim.

Viza olish tartibi murakkab emas

Germaniyada o‘qish istagida bo‘lganlar uchun viza olish muammo keltirib chiqarmaydi. Agar siz qaysidir universitetga o‘qishga kirsangiz, sizning elektron pochtangizga xabarnoma keladi. Ushbu xabarnomani, pasport, bloklangan hisobraqam va boshqa kerakli ma’lumotlarni to‘plab, viza to‘lovi bilan elchixonaga murojaat qilasiz.

Shundan keyin, ikki haftadan bir oy muddat oralig‘idagi ish kunida sizga viza beriladi. Bloklangan hisob-raqamiga kelsak, uning miqdori har yili o‘zgarib turadi. Hozirda hisob ochish 10500 yevro atrofini tashkil qiladi. Agar ta’lim grantingiz, ya’ni stipendiant bo‘lsangiz, bloklangan hisobraqam talab qilinmaydi. Grant g‘olibi bo‘lganligingiz haqidagi ma’lumotnomaning o‘zi yetarli. Ayrim universitetlar talabalariga viza olish, muddatidan oldin mamlakatga kirishi uchun ko‘maklashishadi.

 

Talabalar oyiga o‘rtacha 500-750 yevro sarflashadi

 Germaniyada talabalarning xarajatlari o‘rtacha 500-700 yevro atrofida bo‘ladi. Markaziy shaharlarda biroz qimmatroq. Kundalik ehtiyojlardan tashqari, sug‘urta, semestrga o‘tish to‘lovlari ham mavjud. Turar joy uchun ijara uylarning narxi o‘rtacha oyiga 250-500 yevro atrofida bo‘ladi. Talabalar turar joylarining narxi Zigen misolida aytsam, 215-300 yevroga to‘g‘ri keladi.

Talabalar ikki xil tartibda ishlashi mumkin.

Birinchi tartibda – talaba o‘zi istagan joylarda masalan, yetkazib berish xizmati, turli restoranlar, mehmonxonalarda haftasiga 20 soatgacha, 450 yevrodan oshmagan maosh bilan ishlashi mumkin. Chunki talabalarni bundan ortiq vaqtda ishlatishmaydi.

Ikkinchi tartibda – talaba o‘zining mutaxassisligiga mos sohada ishlash imkoniyati bor. Masalan, iqtisodchi biror bir bankda ishlay oladi, mehmonxonalarda emas. Bunda oylik maoshi 1000 Yevrodan oshadi. Germaniyada IT yo‘nalishida ishlovchi talabalarga boshqa yo‘nalishlarga nisbatan ko‘proq to‘lashadi.

Pandemiyaning ta’limga ta’siri

Koronavirus pandemiyasi davrida barcha ta’lim muassasalari masofaviy ta’limga o‘tdi. Darslar ZOOM platformasida tashkil etildi. Imtihonlar ham masofaviy topshirildi. Bu biroz ta’lim sifatini tushirgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan ishlayotgan talabalar uchun qulay bo‘ldi. Ularning xarajatlari nisbatan kamayib, ishdan so‘ng platformada yozib olingan darslarni o‘zlashtirib olishlari mumkin bo‘ldi.

To‘liq videoni UzbekLife’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qiling.

Ufora Habibullayeva suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: