Yoz jaziramasini his etmaydigan Zomin tog‘lari: Bu yerda ekoturizm rivojlantiriladi

O‘zbekiston 17:05 / 20.06.2021 21167

Turizm va sport vazirligi hamda Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan infotur doirasida jurnalistlarga Zomin milliy tabiat bog‘ining diqqatga sazovor joylari, shu hududda yashovchilarning turmush tarzi tanishtirib o‘tildi.

Ushbu maskanga kuniga minglab mahalliy sayyohlar kelishadi. Bu yerda ekoturizmni yanada rivojlantirish uchun imkoniyatlar juda katta. Tojikiston Respublikasi bilan chegarada joylashgan Chortangi kanoni, dengiz sathidan 2400 metr balandlikda juda katta maydonda yastanib yotgan Supa platosi (tekisligi), Sherbuloq chashmasi bugungi kunda ham odamlar bilan gavjum.

Tog‘ o‘rmonlari shifobaxsh archazorlar bilan qoplangan. Tog‘ hududida ko‘plab dorivor o‘simliklar o‘sadi. Eng hayratlanarlisi, bu dov-daraxtlar jazirama issiqni ko‘rishmaydi hisob. Bahoriy durkunlikni yoz bo‘yi saqlab turishadi va avgust oylarida kuz fasliga kirishadi.

Zomin milliy tabiat bog‘ining ilmiy ishlar va turizm masalalari bo‘yicha boshliq o‘rinbosari Husniddin Hazratqulovning aytishicha, 20 yilga mo‘ljallangan dasturda bu yerlarga kommunikatsiya keltiriladi.

Prezident farmoniga ko‘ra, hududda 3-4-5 yulduzli mehmonxona hamda sihatgohlar barpo etiladi, Avstriya kompaniyasi bilan hamkorlikda dor yo‘li quriladi. Jumladan, loyihaga ko‘ra, Zomin tumanidagi Dashtobod shaharchasidan Baxmal tumani orqali G‘allaorol tumanidan o‘tuvchi M39 xalqaro yo‘ligacha bo‘lgan 180 km.lik yo‘l kengaytirib, obodonlashtiriladi.

Hududda golf maydonlari ham barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Qish faslida ham chang‘i uchish uchun imkoniyatlar yaratiladi. Bularning barchasini nodir tabiatga ziyon yetkazmasdan amalga oshirish nazarda tutilgan.

Kun.uz fotomuxbirining Zomin tog‘larida suratga olgan tasvirlarini e'tiboringizga havola etamiz.

Ko‘proq yangiliklar: