O‘zbekistonda istalgan soha o‘rganib ko‘rilsa, keragidan ortiq muammolar borligi ko‘rinadi. Shulardan biri – ilmiy faoliyat va tadqiqotlar. Biz bu borada kundan kunga orqaga qolib boryapmiz.
Xorijda PhD shunchalik qadrliki, bitta ibora bilan «Everything is impossible until it is done» (Bajarmaguningcha imkonsiz bo‘lib qolaveradi) deb ta'rif berishadi.
O‘z vaqtida Mariya Kyuri, Jon Nesh, Svante Arrenius, Kerol Greyder kabi mashhur kashfiyotchilar PhD davridayoq Nobel mukofotiga sazovor ko‘rilgan bir paytda, biz plagiatlar domiga tushib qoldik.
Ayni vaqtda o‘zim ham PhD tadqiqotchisi sifatida ilmiy izlanishlarimni olib boryapman. Bundan tashqari, bir muddat oliy ta'limda ham ishlaganman. Shu sababli sohadagi mavjud muammolar begona emas.
Samara bermayotgan PhD doktorant tayyorlash mexanizmi
Rivojlangan davlatlarda PhD darajasiga hujjatlar sifat va miqdor jihatdan yaxlitlanadi. Hujjat topshirish jarayonida, hujjatlar onlayn ravishda ma'lum bir yirik platforma yoki mavjud universitetlar kafedralar yoki fakultetlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri topshiriladi. Mamlakatimizda esa PhD darajasiga topshirish uchun kandidatlardan talab etiladigan hujjatlar miqdori ko‘pligi ularning ko‘rib chiqish muddati uzayishiga olib keladi.
PhD darajasini olish uchun Buyuk Britaniya va ko‘pgina Yevropa Ittifoqi davlatlarida 3 yil, AQShda 6 yilgacha vaqt kerak bo‘ladi. Yurtimizda esa, masalan, mustaqil izlanuvchi toifasida ilmiy ish boshlagan kandidat ba'zida 1-2 yilda himoya qiladi, ba'zida 8 va undan ham ko‘p yilga cho‘zilib ketishi kuzatilmoqda.
Ko‘pgina Yevropa doktorlik dasturlarida talabalardan kurs ishlari unchalik talab qilinmaydi. Nomzodlar darhol o‘zlarining dissertatsiya loyihalari ustida ishlashni boshlaydilar. AQShda PhD dasturlari, qaysi sohada bo‘lishidan qat'i nazar, talabalardan dissertatsiya ustida ishlashdan oldin ikki yoki uch yillik o‘quv kurslari va seminarlarda qatnashishni talab qiladi.
Mamlakatimizda ayniqsa 3 yillik PhD stipendiyasi bo‘yicha o‘qiyotgan nomzodlar deyarli har hafta keraksiz hisobotlar bilan mashg‘ul bo‘lishga majbur. Bu esa o‘z navbatida vaqtdan yutqazish, ortiqcha stress va ilmiy ishga bo‘lgan qiziqishning so‘nishiga olib keladi.
Yevropaning bir qator mamlakatlarida doktorantlar xodimlar sifatida qabul qilinadi va mehnat shartnomalari mavjud. Xodimlar sifatida doktorantlarga tibbiy sug‘urta, pensiya va ishsizlik sug‘urtalari to‘lanadi.
Shuningdek, tibbiy sug‘urta va konferensiyalarga sayohat qilishni ham o‘z ichiga oladi. Boshqa universitetlarda talabalar doktorlik dissertatsiyasini himoya qilish uchun universitet, shtat yoki milliy darajadagi stipendiyalar uchun kurashishlari kerak. Ushbu masala – hozirgi paytda mamlatimizda ilmiy salohiyatni oshirishga to‘siq bo‘layotgan eng yirik muammo.
Yurtimizda kam sonli faqat 3 yillik PhD stipendiyasi orqali o‘qiyotgan nomzodlarga oylik maoshi to‘lanadi va ushbu summa, ayniqsa, hozirda kelajak fanlari sifatida qaraladigan aniq va tabiiy fan yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy ishlar amalga oshiriladigan tadqiqotlarga umuman yetarli emas.
Bundan tashqari, nomzod supervayzeri ham moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlamagani tufayli supervayzer bor e'tiborini o‘zining shaxsiy ishlariga qaratadi va bu esa nomzodga yuklamaning ikki barobar ortishiga olib keladi.
Mustaqil tadqiqotchi esa deyarli hamma xarajatni o‘z hisobidan to‘laydi, ushbu yo‘nalish bo‘yicha ilmiy ish olib borayotgan ko‘p sonli tadqiqotchilar uchun na davlat tomonidan moddiy yordam, na maosh to‘lanadi.
Yevropa PhD dasturlari aksarida nomzodlardan kirish imtihonlarida nomzodlik imtihonlarini topshirish talab etilmaydi. Ba'zi istisnolar mavjud, masalan Shvetsiyada nomzodlar fan doktori ilmiy darajasining yarmida og‘zaki va yozma imtihon topshirishadi. AQShda nomzodlar dissertatsiyalari ustida ishlashni boshlashdan oldin odatda keng qamrovli imtihonlardan o‘tishlari kerak. Imtihonlar talabaning o‘z faniga oid asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazadi.
Har bir universitetda imtihon tuzilmasi biroz boshqacha bo‘lsa-da, odatda og‘zaki va yozma qism mavjud. Nomzod kurs ishlarini tugatib, barcha kerakli imtihonlarni topshirgandan so‘ng, ularga PhD dissertatsiyasi himoyasi uchun ruxsat beriladi. Mamlakatimizda esa PhD dasturida (faqat 3 yillik stipendiyali) o‘qish uchun kirish imtihonlari mavjud. Bu esa tanish-bilishchilik, korrupsiya va iqtidorli nomzodlarning muvaffaqiyatsizligi bilan tugamoqda.
Chet elda o‘qib kelayotganlar g‘oyasi bilan hech kimning ishi yo‘q
Inson resurslaridan va ulardan foydalanishdagi qoloqlik. Hozirda ko‘pgina yosh iqtidorli magistrlar va PhD diplomli mutaxassislar turli xil yo‘nalishlarda «El-yurt umidi» jamg‘armasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va boshqa fondlar orqali xorijga borib tahsil olib o‘z ko‘nikmalarini oshirmoqdalar. Lekin masalaning eng nozik jihati shuki, ular yurtimizda qaytib kelgandan keyin o‘z-o‘zidan yo‘qolib qolishmoqda.
Ularning fikri, g‘oyasi bilan hech kimning ishi yo‘q, faqat yuqoridagi fondlar har yilgi «hisobot»ni Vazirlar Mahkamasiga topshirib, qattiq mehnat qilayotganini isbotlab tursa bo‘lgani.
To‘g‘ri, ba'zi birlari xo‘jako‘rsinga ayrim vazirliklarga o‘rinbosar bo‘lib ishga olinmoqdalar, lekin o‘zlariyam bilishadiki, har doim «boshliq» aytgani bo‘ladi. Ammo milliardlar shu kadrlarni o‘qib kelish xarajatlariga ketmoqda, davlat budjetidan qanchadan qancha mablag‘lar ajratilmoqda.
Bizda hali ham eski kadrlar tizimi amalda. Bunga kompleks yondashib barcha sohalarga tegishli kadrlarni saralash tizimini yangitdan yaratish kerak.
Importatsiya muammosi
Bilamizki, ilmiy ishlarning asosiy qismi aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishlarida bajariladi. Holbuki, ushbu ilmiy ishning asosiy qismi bo‘lmish metodologiyasi uchun laboratoriya uskunalari, reagentlar, texnik qurilmalar va boshqa instrumentlar kerak bo‘ladi. Ushbu uskunalarning qimmatligi, olib kelishdagi bojxona muammolari va yagona platformaning yo‘qligi ilmiy ish boshlamasdan oldin tugashiga olib keladi.
Xalqaro gaydlaynlardagi standartlarga yondashuvdagi muammo. Ma'lumki, har bir ilmiy ish yo‘nalishining xalqaro tan olingan standart qoliplari bor. Masalan, tibbiyot sohasida ma'lum sondagi bemorlar soni bo‘yicha ilmiy ish qilinayotgan paytda birinchi galda etika qo‘mitasidan ruxsat olish, har bir bemorda shu ilmiy ishga rozilik, dori kompaniyalari nomidan ish qilmaslik kabi talablari bor. Lekin to‘g‘risini aytaman, ushbu talablarning birortasiga amal qilinmaydi.
Buning asosiy sababi – izlanuvchi ushbu talablar haqida hech narsa bilmaydi va bilishni xohlamaydi. Ikkinchidan, supervayzer-professorlar ham bu haqida ogohlantirmaydi. Eng achinarlisi, OAKdan ham bemalol tasdiqlanadi.
Oliy ta'lim tizimi va vazirlik
Oliy ta'lim tizimini barcha vazirliklar tasarrufidan chiqarish kerak. Bu – nafaqat O‘zbekistonda, balki MDH mamlakatlarida keng tarqalgan eng asosiy muammo. Oliy ta'lim vazirligi xohlasa ma'lum bir fanni kiritadi, xohlamasa inkor qiladi.
Men o‘zim xorijda magistratura bosqichini tugatgandan so‘ng Toshkent Tibbiyot akademiyasi kafedralaridan birida dars berdim. Har kuni Oliy ta'lim vazirligidan, «KabMIN»dan, yana qanchasidir boshqa vazirliklardan 10 ga yaqin hujjat kelardi. Ularda «Kim ko‘p kitob o‘qish bo‘yicha tanlov», «Kim ko‘p she'r aytish bo‘yicha tanlov», har juma kuni «Muzeyga majburiy borish bo‘yicha» bayonnoma, «Yotoqxonada yashayotgan talabalar bilan rasmga tushish» bayonnomasi va shunga o‘xshash o‘nlab noshud bayonnomalar to‘ldirilishi so‘raladi.
Talabaga umuman vaqt ajratilmagandan keyin qanday qilib ulardan shifokor bo‘lishni talab qila olasiz. To‘g‘risi, hayotimda eng qiynalgan va ta'lim tizimizdan nafratlangan yil bo‘lgan edi. Hozir hujjatbozlik yanada avjiga chiqib ketgan, ming shukrlarki, u yerdan bo‘shadim. Bu nafaqat tibbiyot, balki boshqa yo‘nalishlarda ham shu ahvol.
Xorijda Oliy ta'lim vazirligi faqat baholash va kam hollarda kirish imtihonlari tizimida ishtirok etadi, chunki u yerda deyarli hamma oliygohlar mustaqil.
Davlatga tegishli OTMlarga halol, malakali mutaxassislar boshqaruvga qo‘yilmas ekan, tizimni samarali qilish judayam qiyin. Yagona yo‘li – OTMlarni mustaqil qilish va ularning boshqaruviga mos kadrlarni olib kelish.
Ayni paytda OTM rektorlarini tayinlash vazirning vakolatida emas, Vazirlar Mahkamasi hamda Prezident Administratsiyasi tasarrufida. Ularning tushunarsiz saralov tizimidan hozircha yaxshi kadrlar o‘ta olgani yo‘q.
Respublikamizda barmoq bilan sanoqli laboratoriyalar bor, shularda ham eski tehnologiyalar. Bunday sharoitda majburlasa ham, ilmiy ish qilib bo‘lmaydi. Nega hamma Yevropaga yoki AQShga intiladi o‘qishga, chunki qaysidir oliy o‘quv yurtining eshigidan kirsangiz, laboratoriyadan boshlanib, laboratoriya bilan tugaydi. Bunday atmosfera hattoki ilmiy ishga xohishi bo‘lmagan nomzodni ham o‘ziga chorlaydi.
Muammoni hal etish uchun hozirda ko‘plab bo‘sh yotgan kollejlar va litseylarning binolari davlat tomonidan to‘liq jahon standartlariga mos ravishda xorijdan ekspertlar chaqirib, maxsus laboratoriyalar qurish lozim.
Turli «siti»lardan ko‘ra, shu mablag‘larni ushbu laboratoriyalarga sarflagan ma'qul deb o‘ylayman.
Shuningdek, xususiy tadbirkorlarni 5 yil muddatda barcha soliqlardan ozod qilib, shu laboratoriyalarga sarmoya kiritishni qo‘llab-quvvatlash va to‘la huquqni shu tadbirkorlarga berish zarur. Albatta, birinchi taklif ishlamasligini ich-ichimdan sezgan holda, ikkinchisini amalga oshirish ehtimolligi yuqori deb hisobladim.
Top-500 talikka kirgan oliy o‘quv yurtlarining (Rossiya universitetlari emas) filiallarini mamlakatimizda ochish va uzoq muddatli imtiyozlar berish. Albatta, ushbu universitetlar o‘z navbatida o‘zlarining HUB’lari, kutubxonalari va ilmiy laboratoriyalarini ham ochadilar.
Bu bir tomondan raqobatning o‘sishiga, ikkinchi tomondan hozirda eng rivojlangan soha – ta'lim turizmining ham o‘sishiga olib keladi. Qo‘shni mamlakat talabalari ham shu universitetlarga o‘qishga kela boshlaydi. Ta'lim turizmi oddiy turizmga nisbatan davlat budjetiga foyda olib kelishi bir necha marta isbotlangan.
Xulosa
Davlat tomonidan yiliga ilmiy ishlarga va tadqiqotlarga ajratiladigan budjet taqsimoti ochiqlanishi kerak. The GlobalEconomy nashriga ko‘ra, O‘zbekistonda tadqiqot va rivojlanishga (Research and Development) ajratilgan miqdor 2000 yildan 2018 yilga borib turg‘un kamaya boshlagan. Eng yirik ko‘rsatkich bu 2000 yilda kuzatilgan bo‘lib, yalpi ichki mahsulotning 0,36 foizini tashkil etgan. 2018 yilgi holatida esa yanada pastlamoqdamiz – 0.16 foiz.
Solishtiradigan bo‘lsak, Janubiy Koreyada – 4,55, Isroilda – 4,54, Shvetsiyada – 3,33 foiz. Ko‘rinib turibdi, biz ilm fan yo‘nalishida zamonga qarab teskari progressiyada rivojlanyapmiz. Hech bo‘lmasa, Singapurning «Singapore’s six masterplans for science and technology» loyihasini ham o‘zimizda integratsiya qilsak, uxlab yotgan sobiq ittifoq davlatlari orasidan yo‘lbarsdek yorib chiqib ketamiz.
Hozirda mavjud bo‘lgan «El-yurt umidi» fondi va Innovatsion rivojlanish vazirligi maqsadlarini tubdan o‘zgartirish kerak. To‘g‘ri, ushbu fondlar ko‘plab talabalar xorijga malaka va o‘qishlarini rivojlantirishda katta rol o‘ynamoqda. Lekin shu bilan birgalikda ushbu kandidatlarning vatanga qaytganidan so‘ng kerakli ish joylari va o‘rinlar bilan ta'minlashda hamon oqsamoqda.
Shaxsan «El-yurt umidi» stipendianti sifatida aytishim mumkinki, hozirda shu fondlardan o‘qib kelgan talaba va kandidatlar allaqachon sharoit va e'tibor yaratilmagani uchun shaxsiy biznesga o‘tib ketgan. Shuncha ajratilgan mablag‘ havoda sovurilmoqda.
Ochig‘ini aytganda, ushbu muammolarni hal qilishda o‘ta «innovatsion» takliflarni bayon qilmadim, chunki mavjud imkoniyatlardan foydalanib olishimiz zarur. Yuqoridagi ishlarni amalga oshirish uchun avvalo tegishli rahbarlar ongiga tadqiqotlar va ilmiy kashfiyotlar mamlakatni dunyoga tanitishi haqidagi tushunchalar singishi lozim.
Amaldorlar bizning ta'lim tizimimiz yomon emas, deb bong urishadi, vaholanki, ularning farzandlari xorijda tahsil oladi yoki ishlab o‘sha yerda biznes qiladi, fuqarolik oladi. 30 yildan buyon qurigan daraxtga mevalarni ip bilan bog‘lab, rangini bo‘yab kelmoqdamiz, hech bo‘lmasa shu qurigan daraxtning yonidan yangi nihollar o‘sib chiqishiga imkon beringlar…
Ma'rufjon Salohiddinov,
Zangiota 2-koronavirusga ixtisoslashgan klinik shifoxonasi
Radiologiya bo‘limi mudiri,
Buyuk Britaniya Aberdin universiteti magistri