Nodira Toshkent shahridagi Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi axborot kommunikatsiya va texnologiyalarga ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinfini tamomladi.
U ko‘plab xalqaro olimpiadalar g‘olibasi bo‘lish bilan birga, Xalqaro faxrli yoshlar jamiyati (International Juniors Honor Society) hamda BMTning Xalqaro bolalar fondida O‘zbekiston Yoshlar delegatsiyasi a’zosi hamdir.
«Kishi matematikani aniq bilsagina mantiqiy fikrlashi rivojlanadi va boshqa fanlarni ham to‘g‘ri tushuna boshlaydi»
— Oyim matematika fanidan dars beradilar. 6 yoshimdan boshlab o‘qishga, umuman bilim olishga juda ham qiziqaman va shu yoshdan oyimdan matematikani o‘rganishni boshlaganman. Chunki kishi matematikani aniq bilsagina mantiqiy fikrlashi rivojlanadi va boshqa fanlarni ham to‘g‘ri tushuna boshlaydi.
4-sinfdan matematikani o‘rganishni va olimpiadalarga tayyorlanishni boshlaganman. Xalqaro olimpiadalarga 7-sinfdan qatnashganman. Bu – «Formula Yedinstva/Trete tycyacheletiye» olimpiadasi bo‘lib, unda 3-o‘rinni qo‘lga kiritganman. 2019 yilda prezident tashabbusi bilan ochilgan Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi axborot kommunikatsiya va texnologiyalarga ixtisoslashtirilgan maktabiga kirganman.
«Boshqaruv lavozimidagilar ham matematika va mantiqdan imtihon topshirsa, budjetni isrof qilmaydi»
— Matematika insonga aniq bir formulalar orqali misol yechishdan tashqari, uning o‘ylashi, fikrini ham kengaytiradi. Hayotning har bir jihatida mantiqni ko‘radi va bunda eng yaxshi natijalarga erisha oladi.
O‘ylaymanki, matematika faqat matematik, fizik yoki aniq fan bilan shug‘ullanuvchilar uchun emas, balki har qanday kasb egalariga kerak bo‘ladi.
Insonning mantiqiy fikrlashi yosh davrlarida rivojlanadi. Shuning uchun farzandingizning kelajakda matematik bo‘lishini xohlamasangiz ham, aniq fan bo‘yicha ishlashini xohlamasangiz ham, hech bo‘lmasa, unga 10 yoshigacha matematikani o‘rgatish kerak. Shunda mantiqiy o‘ylashi yaxshi shakllanadi va kelajakda qanday ishda ishlasa ham, to‘g‘ri qarorga kela oladi.
O‘ylaymanki, yuqori lavozimda ishlaydiganlar, ya’ni hokimlar, ularning o‘rinbosarlari yoki boshqa boshqaruv lavozimida ishlaydiganlarni ham matematika va logikadan imtihon qilish kerak. Chunki ular shundagina kelajakda to‘g‘ri mantiqiy yechimlarni topadi, ya’ni budjetni isrof qilmaydi, xalq ham qiynalmaydi. Aynan shunday to‘g‘ri fikrli, to‘g‘ri o‘ylay oladigan insonlar boshqaruv lavozimlarida ishlashi kerak deb o‘ylayman.
«5 yoshimda ensiklopediya o‘qiy boshlaganman»
— 5 yoshimda ensiklopediya o‘qiy boshlaganman. Ya’ni matematikaga qiziqishdan avval, umumiy hamma fanlarga ham qiziqqanman. Kichkina paytimda eng yaxshi ko‘rgan ishim – ko‘chaga chiqib o‘ynash yoki qo‘g‘irchoqlarni o‘ynash emas, aynan ensiklopediya o‘qish bo‘lgan.
O‘yinlar o‘ynaganda ham mantiqiy o‘yinlar o‘ynash mumkin. Masalan, bir-biriga topishmoq aytib yoki detektiv kitoblarni o‘qib turish mumkin. Bu ham mantiqni oshiradi. Va, albatta, faqat dars yoki mehnat emas, balki orada dam olib turish ham kerak.
Ko‘pchilik kuniga 1 soat, yarim soat yoki ko‘pi bilan 2 soat uy ishini qiladi. Keyin kunini bekorga sarflaydi. O‘ylaymanki, 2 soat ishlab orada 1 soat dam olsangiz, yana 2 soat ishlab, 1 soat dam olsangiz, ham juda ko‘p ishlagan, ham dam olgan bo‘lasiz. Mana shu eng yaxshi kombinatsiya deb o‘ylayman.
«3 oy mustaqil tayyorlanib, IELTS'dan 7 ballni qo‘lga kiritdim»
— 3 yoshdan rus tilini o‘rganishni boshlaganman. Maktab paytimda ko‘pchilik sinfdoshlarim ingliz tili to‘garaklariga borishardi. 6 yildan beri til kursiga boradiganlar ham bor edi va ular 10-sinfning yozgi ta’tilda IELTS topshira boshladi. Men o‘shanda hali ham ingliz tili kursiga bormay, o‘zim qiziqadigan fanlar bilan shug‘ullanayotgandim. Ya’ni ingliz tili bo‘yicha maktabda olgan boshlang‘ich bilimlarim bilan yurganman. Va yozda, avgustdan noyabrgacha 3 oy o‘zim mustaqil ingliz tilidan tayyorlandim. Chunki o‘sha paytda hamma joy karantinga yopilib qolgani uchun o‘quv kursiga ham borolmay qoldim. Natijada internetdagi videolar, turli kitoblar yordamida o‘z ustimda ishlay boshladim.
Bir necha yil ichida orttirilgan matematikadan mustaqil ishlash tajribam va mantiqiy fikrlash qobiliyati yordamida 3 oyda IELTS topshirib, 7 ballni qo‘ga kiritdim.
Matematika tufayli insonning miyasi ma’lumotni tezroq qabul qila boshlaydi. Chunki matematikaning o‘zi ham ko‘p formulalar, katta ma’lumotlar bazasini tashkil etadi. Natijada insonning miyasiga katta ma’lumotni olish qiyin bo‘lmay qoladi, deb o‘ylayman.
Hozir nemis, chex va yapon tillarini o‘rganmoqdaman. Boshqa tillarni bilish va mantiqiy fikrlash orqali tillarni o‘rganishning oson yo‘llarini topish mumkin. Arab tilini o‘rganish rejalarim bor. O‘shanda Qur’oni Karimni haqiqiy o‘z tilida o‘qiy olaman.
«10dan ziyod xalqaro matematika olimpiadalarida sovrindor bo‘lganman»
— 7-sinfdan beri «Formula Yedinstva/Trete tycyacheletiye» olimpiadasiga har yili qatnashib kelmoqdaman. Unda va 1ta kumush 2ta bronza medali sovrindori bo‘lganman. Shundan keyin 10dan ziyod xalqaro matematika olimpiadalarida sovrindor bo‘ldim.
Rossiyaning Oliy iqtisodiyot maktabi (VShE) tomonidan tashkillashtirilgan Xalqaro yoshlar olimpiadasida qatnashganman. Bu olimpiadada 100ta davlat qatnashgan edi va unda bronza medalini qo‘lga kiritganman.
Bundan tashqari, Singapur tomonidan tashkillashtirilgan «Singapore International Math Olympiad Challenge»da 2 bora oltin medal sovrindori bo‘lganman. Bunda individual va jamoaviy tur uchun ham oltin medal olganman. Va bu olimpiadada oltin medallar ballarga qarab bir nechta beriladi. 30ta davlat ichida oltin medalni 2-o‘rinda turib olganim uchun, ya’ni eng yuqori natijalarga erishgan 3 nafar yoshga Xalqaro yoshlar jamiyatiga a’zolikni taqdim etishdi.
BMTning Xalqaro yosh delegatlar konferensiyasida ham qatnashib, unda Xalqaro bolalar fondi O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar Delegatsiyasi a’zosi («The Delegate of UNICEF Uzbekistan in Asia Youth International Model United Nations Conference») ham bo‘ldim.
«O‘z tajribamdagi misollarni jamlab, kitob chop etdim»
— 6 yoshimdan boshlab xalqaro olimpiadalarga tayyorlanish maqsadida juda ko‘p chet el matematika kitoblarini yechganman. Qatnashadigan olimpiadalarimdan oldingi yil materiallarini ham ko‘rib chiqqanman. Shuningdek, o‘zim qatnashgan olimpiadalardan ham ancha material yig‘ilgan.
Boshqa o‘quvchilarga mening tajribamda yig‘ilgan misollar yordam bo‘lishi mumkin deb, qatnashgan olimpiadalarimda yechgan misollarimini yig‘ib, kitob holiga keltirdim.
Bu kitob «Logicheskiye i olimpiadnyye zadaniya po matematike» («Matematika bo‘yicha mantiq va olimpiadaga oid topshiriqlar) deb nomlanib, unda yerda 300ga yaqin misollar yechimi bilan o‘zbek va rus tillarida yozilgan.
Olimpiadalar orqali xorij universitetlariga grant yutgani haqida
— Bitiruvchilar uchun ko‘pchilik xalqaro universitetlar olimpiadalar uyushtiradi va shu olimpiadalar orqali xalqaro iqtidorli yoshlarni yig‘ib, o‘zining universitetiga grantga yoki biror bir imtiyoz bilan o‘qishga taklif qiladi.
Masalan, Singapur xalqaro olimpiadasida qatnashganim uchun Singapur davlat universitetida o‘qishga imtiyozim bor. «Mejdunarodnaya olimpiada molodeji» olimpiadasida 3-o‘rinni olganim uchun Oliy iqtisodiyot maktabi (VShE) nomli nufuzli universitetga o‘qish uchun grantim bor.
Bundan tashqari, Moskva Fizika-texnika institutining xalqaro olimpiadasida matematika va fizikadan yuqori natija ko‘rsatganim uchun matematikadan bronza medali oldim va shu institutga ham kirishga grantim bor.
Sankt-Peterburg davlat universiteti, Florida xalqaro universiteti, Pragadagi Charlz universiteti, Novosibirsk milliy tadqiqot davlat universiteti kabi qator xalqaro oliygohlarga to‘liq grant yutganman.
«Yuqori sifatli ta’lim va mahalliy olimpiadalardagi nohaqliklar sabab ham chet elda o‘qishni xohlayman»
— Maktabni tamomlab, Germaniya, Chexiya yoki Rossiya davlatlaridan birortasida o‘qimoqchiman.
Chet elda o‘qishni xohlashimning 2 sababi bor. Birinchi sababi – u yerda olimpiadalar, imtihonlar orqali xalqaro eng iqtidorli yoshlarni yig‘ib o‘qitishadi va ta’lim ham yuqori sifatda bo‘ladi.
Ikkinchisi esa, O‘zbekistonda o‘tadigan olimpiadalarda ko‘rgan nohaqliklarim meni chet elga ketishga undaydi.
Ko‘pchilik xalqaro va mahalliy olimpiadalardan orttirgan tajribam shuki, xalqaro olimpiadalarda xalqaro tillar bo‘lgani uchun rus yoki ingliz tilida qatnashaman. Va ularda 30ta davlat ichida eng yaxshi natijaga erishganlarning ro‘yxatida 2-o‘rinda turaman. Lekin mahalliy olimpiadalarda qatnashsam, o‘zbek tiliga tarjima qilinibmi yoki qandaydir ishlar bo‘lib, ba’zida yaxshi o‘rin ololmay qolaman. Bu menda ba’zi bir savollarni tug‘diradi. Va mana shunday savollar, nohaqliklar bolalarda bo‘lmasligi kerak deb o‘ylayman. Aynan shunday olimpiadalarda nohaqlik qilish bu juda ham noto‘g‘ri ish. Chunki bolalar bolaligida nohaqlikni ko‘rmay o‘sishlari kerak. O‘shandagina kelajakda ular ham shu ishni qilishmaydi va ichida dardi ham qolib ketmaydi.
Ta’lim sohasi – davlatni rivojlantiradigan birinchi navbatdagi soha va bu sohada har doim to‘g‘rilik, halollik bo‘lishi kerak. O‘shandagina yaxshi rivojlanishga umid qilsa bo‘ladi.
TikTok va ijtimoiy tarmoqlar haqida
— Tengdoshlarim ijtimoiy tarmoqlar va TikTok'ka ko‘proq e’tibor berishadi. Chunki u yerdagi videolarning ko‘pchiligi hech qanday ma’noga ega emas. Shunchaki, insonning miyasi kunning qaysidir paytida dam olgisi keladi va hech qanday ma’no kasb etmaydigan, o‘rgatmaydigan, hazilomuz videolarni ko‘rgisi keladi. Va bu oddiy holat. Lekin mana shunday narsaga bog‘lanib qolmaslik kerak.
Ya’ni miyani har doim bo‘sh turadigan ishlamaydigan holatga o‘rgatib qo‘yish kerak emas, deb o‘ylayman. Bu ishni ozgina qilib, keyin esa o‘z xohishi bilan ishlash kerak. Chunki insonning miyasi qancha ko‘p ishlasa, u yog‘iga ham shunchalik chidamli bo‘lib boradi. Qancha ko‘p dam olsa, bunga shuncha o‘rganadi.
Bir kun bir soat video ko‘rsangiz, ertasi kuni 2 soat ko‘rgingiz keladi.
«Birovlarning yonida bilimsizlik tufayli uyalib qolgandan ko‘ra, hozir mehnat qilganim yaxshi»
— «Bugun boshqalar xohlamaydigan narsani qilsang, ertaga boshqalar qilolmaydigan narsani qilasan», degan jumlani ko‘p eslayman. Har kuni yangi narsa o‘rganaman. Ya’ni yangi atmosferaga kirib boraman. Har kuni vaqtimni matematika bilan shug‘ullanishga sarflamasam, unda kelajakda o‘z hamkasblarim oldida uyalib qolaman.
Birovlarning yonida bilimsizlik yoki o‘z ishini yaxshi eplolmaslik tufayli uyalib yurishdan ko‘ra, hozir o‘zimni qo‘lga olib, mehnat qilishim yaxshiroq deb o‘ylayman. Hozir bir inson ishlasa, u kelajakda 10 nafar insonga shuni o‘rgata oladi.
Matematikada qatorlar bor, masalan, geometrik progressiya. Geometrik progressiyaning har bir hadi avvalgi hadidan ko‘ra bir necha barobar ko‘payib boradi. Men hayotni shunga o‘xshataman. O‘tmishda qilgan bitta kichkina ishingiz kelajakda bir necha barobar ko‘payib boraveradi. Ya’ni yoshligingizda qanchalik ko‘p bilim olish bilan shug‘ullansagiz, vaqt o‘tishi bilan u yana ham ko‘payib, kattalashib boradi.
Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.