Joriy yilning dastlabki 5 oyi davomida O‘zbekiston 155,4 million dollarlik avtomobillar eksport qildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,3 barobarga ko‘p.
Yanvar-may oylari davomida 55,9 million dollarlik( o‘tgan yilga nisbatan 3 foizga oshgan) elektr toki, 27,3 million dollarlik(34 foizga ko‘paygan) neft va neft mahsulotlari, 294,1 million dollarlik meva va sabzavotlar eksport qilingan.
Shuningdek, joriy yilda 1,1 milliard dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari eksporti amalga oshirilib, umumiy eksportning 19,2 foizini tashkil etgan va o‘tgan yilga nisbatan 68 foizga o‘sgan.
2021 yilning yanvar-may oylari yakunida eksport bo‘yicha asosiy hamkor davlatlar tarkibida XXR (eksport umumiy hajmining 14,6 foizi) va Turkiya (12,1 foizi) davlatlari yetakchilik qilgan.
O‘tgan 5 oy davomida 2,9 milliard dollarlik mashinalar va transport asbob-uskunalari import qilingan. Bu umumiy import tarkibida 32,6 foizni egallagan.
Bundan tashqari, xorijdan 143,8 million dollarlik o‘simlik moyi va yog‘ mahsulotlari olib kelingan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 60,4 foizga ko‘p.
Avvalroq, may oyida qariyb 1,2 milliard dollarlik oltin sotilgani ma'lum qilingandi.