Nargiza Jo‘rayeva va Abdulhay Jo‘rayevlar Xalq ta'limi vazirligi e'lon qilgan tanlovda farzand tarbiyasiga oid tajribalarini bayon etib, mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi. Ularning ikki nafar farzandi baravariga Prezident maktabiga o‘qishga kirgan. Ular farzand tarbiyasida nimalarga ko‘proq e'tibor qaratishadi? Bunda qandaydir sir bormi? Jo‘rayevlar oilasining muvaffaqiyatli tajribalari bilan yaqindan tanishish maqsadida ular bilan suhbat uyushtirdik.
“Bola 2 yoshgacha o‘yinchoq o‘ynamaydi”
Ota-onam, qaynona-qaynotam o‘qituvchi bo‘lishgan. O‘zimiz ham o‘qituvchimiz. Asosiy bilimni oilada olganmiz. Bizga ota-onamiz tomonidan berilgan ta'lim-tarbiyani farzandlarimizga ham berib kelyapmiz. Ularning Prezident maktabiga kirishida ham bizga berilgan tarbiyaning samarasi juda katta.
Aslida hech kim ota yoki ona bo‘lib tug‘ilmaydi. Ota-onalikni kasbday qabul qilish kerak. Kasbimiz ortidan maosh olamiz. Atrofdagi hamkasblarimiz bilan raqobatda bo‘lamiz. Ulardan ustunroq bo‘lish uchun ko‘proq o‘qiymiz, izlanamiz. Ota-onalik ham xuddi shunday. Ota-ona bo‘lishini bilgan, his qilgan odam o‘zini shunga tayyorlashi kerak.
Men o‘zim nimadan boshlaganman: 2006 yilda birinchi farzandimni dunyoga keltirganimda internet unchalik rivojlanmagandi. Bola tarbiyasiga oid adabiyotlarga tayanardim. Tarbiyada turli usullar bor. Menga yoqqani Montessori usuli hisoblanadi. Bunda bolaning rivojlanishi uchun uydagi oddiy anjomlardan foydalanish mumkinligi aytiladi.
Bilamizki, bolaga qanchalik qimmat o‘yinchoq olib bersangiz ham, uni 1-2 kun o‘ynashi mumkin. Bola 2 yoshgacha o‘yinchoq o‘ynamaydi. Buni o‘z tajribamdan kelib chiqib, uch farzandning onasi sifatida aytyapman. Bola 2 yoshgacha uyda bo‘ladi. Sizning nima qilayotganingizni kuzatadi. Qimmat o‘yinchoqlarni olib kelgandan ko‘ra uydagi idish-tovoq, kiyim uchun mo‘ljallangan qisqichni olib kelib bersangiz, uni maza qilib o‘ynaydi. Chunki bola sizga taqlid qilishga moyil bo‘ladi va unga siz ishlatayotgan narsani ishlatish qiziq.
Kir yoyganingizni ko‘rgan bola bir marta bo‘lsayam qisqichni ushlab ko‘rishga harakat qiladi. Bolaning qo‘liga ip va qisqichni bering. U o‘zi qisqichni ishlatishga harakat qiladi. Mayli, u qo‘lini qisib olsin, bir-ikki marta urinadi. Bunda muhimi qo‘l harakati - motorika ishlaydi. Shu oddiy narsa orqali foydali bilim berayotgan bo‘lamiz.
“Prezident maktabiga kirishimizda ota-onamizning e'tibori juda muhim rol o‘ynagan”
Yuqorida aytilganidek, oilaning ikki farzandi - Faxrinur va Abdulloh bir yilda Prezident maktabiga o‘qishga kirishgan. Ulardan qanday qilib prezident maktabiga kirish mumkinligi, ota-ona farzandiga qanchalik e'tibor berishi kerakligi, kelajakdagi maqsadlari xususida suhbatlashdik.
“Prezident maktabiga kirish uchun alohida tayyorlanmaganmiz. Maktab ochilarkan, deb eshitgach, o‘zimizni sinab ko‘rganmiz. Maktabga kirishdan oldin bizda fanlar bo‘yicha baza bo‘lgan. Ota-onamiz ingliz tili o‘qituvchilari bo‘lgani uchun chet tilini ulardan o‘rganganmiz. Bobomiz matematika o‘qituvchisi bo‘lgan. Ulardan o‘rganganmiz. Asosiy bilimlarni oiladan olganmiz, shuning uchun alohida kurslarga bormaganmiz.
Bu maktabga kirishimdan oldin kimyo, biologiya fanlarini qo‘shimcha darsda o‘rganganman. Chunki maktab ta'limi menga yetarli bo‘lmagan. Prezident maktabiga kirishimizda ota-onamizning e'tibori juda muhim rol o‘ynagan. Barcha ota-onalar ham bolasiga yetarli e'tibor qaratmaydi. Maktabda yaxshi o‘qiyaptimi, bo‘ldi, yetadi, deb kifoyalanishadi. Ota-onamiz maktabdan tashqari ta'limimizga katta e'tibor qaratishgan. Bizni tinglab, muammolarimizni so‘rashadi, barcha masalalarda ular bilan suhbatlasha olamiz”.
“Farzand oliy ne'mat, uning mas'uliyati katta”
Farzand, avvalo, hammaga ham nasib qilavermaydigan ne'matdir. U bizga berildimi, uning mas'uliyatini his qilishimiz kerak. Alloh tomonidan berilgan kichkina buyumning javobgarligi bor, farzandning javobgarligi bo‘lmaydimi? Bolaga dunyoviy bilim berish osonroq, tashqi muhitda o‘qituvchilar, adabiyotlar bor. Bolaning o‘zi mustaqil o‘rganishi mumkin bo‘lgan adabiyotlar ko‘p.
Lekin bola tarbiyasida eng qiyin masala unga diniy tomondan bilim berishdir. Chunki diniy bilimni bola uyida olishi mumkin, maktabda o‘qitilmaydi. Ikkalasini ham baravar olib ketib, “oltin o‘rtalik”ni topa olish juda muhim. Iloji boricha bolaga kichkinaligidan Qur'on oyatlari, suralarni o‘rgatish kerak. Dunyoviy bilimlarni ham bergan holatda buni parallel olib borishga harakat qilganmiz. Ota-onalik kurslariga bormaganman. Men ota-onamning menga bergan tarbiyasi, adabiyotlar, internet va turmush o‘rtog‘imning qo‘llab-quvvatloviga tayanganman.
“Maqsad boshqa, kelajakdagi orzu boshqa”
Nodavlat ta'lim muassasasida ingliz tilidan dars beraman. Oldimga til o‘rganish uchun kelgan bolalardan eng avvalo, “Maqsading nima?”, deb so‘rayman. 8-9-sinf bola buni tushunmaydi. Keyin savolni o‘zgartirib, “Kelajakda qanday kasb egasi bo‘lasan”, deb so‘rasam, “biznesmen yoki yurist” degan umumiy javoblarni olaman. 80-90 foiz bolalar “Bilmadim, ota-onam aytmadi”, deydi. Bu haqiqiy fojia.
Yaxshi o‘qiydigan bolalarning ham hayotiy muhim maqsadlari hali aniqmas. Maqsad vaqt o‘tgani sari o‘zgarib boraveradi. Bittama-bitta maqsadlarga erishib, keyingilariga zamin yaratilmas ekan, kelajakdagi kasbni egallash orzuga aylanib qoladi. Ota-onaning vazifasi bolaga maqsadlarni to‘g‘ri qo‘yishni o‘rgatishdir.
Bola ma'lum kasbni tanlasa uni o‘z holiga tashlab qo‘yishni yoki sen shu kasbni egallaysan, deyilishini ham oqlamayman. Bizning oilada farzandlarimda 5-sinfgacha kasb tanlash davri bo‘lgan. Bu juda og‘ir davr. Bola o‘zgaruvchan bo‘ladi. Har kuni egallamoqchi bo‘lgan kasbini o‘zgartiradi. Siz uning gaplarini yig‘ib boraverishingiz kerak. Keyin vaqti kelganda bola bilan yaxshilab suhbatlashib, kelajakdagi kasbi haqida aniq xulosani chiqarishga ko‘maklashasiz.
“Bola xato qilsa, uni urishmang”
Bolalarim kichkina sirigacha bizdan yashirmaydi. O‘zaro suhbatlashishga doim vaqt topamiz. Uyda televizorni o‘chirib qo‘yamiz va bolalarni tinglay boshlaymiz. Ularning ichidagi gaplarini eshitib, yig‘amiz, qayerda xato qilayotganini tahlil qilamiz. Bola xato qilayotganini o‘sha paytdayoq aytmaymiz. Uning qilgan xatosiga to‘g‘ri keladigan vaziyatga bog‘lab yoki kitobdan shu vaziyatga to‘g‘ri keluvchi jumlalarni o‘qib berib, uning xatosini ko‘rsatib berishga harakat qilamiz.
Keyin u adashayotganini o‘zi ongli ravishda tushunib, bu ishni qayta qilmasligini aytib, uzr so‘raydi. Bolaga ota-onaday emas, do‘stday muomala qilish kerak. Nimaga bu ishni qilding, deb urishsangiz, u darrov “yopilib” qoladi. Boshqa sizga ichidagilarini kelib aytmaydi.
Muhabbat Ma'mirova, Kun.uz muxbiri,
Tasvirchi va montaj ustasi – Sherzod Egamberdiyev