Britaniyaning Derbi shahrida yashovchi Ted Mijli 15 yoshida maktabni tark etgan. U bolaligidan disleksiyadan (o‘qish va yozish ko‘nikmalarini egallash qobiliyatining buzilishi) aziyat chekib kelardi, ammo erkak 58 yoshida o‘qishni o‘rganishga muvaffaq bo‘ldi.
BBC bilan intervyuda Mijli o‘zining “nuqsoni”ni hech qachon odamlardan yashirmaganini va butun umri davomida tanishlari hamda do‘stlarining yordamiga tayanib kelganini aytdi. Yaqinda u o‘qish darslarini olishga qaror qildi va nihoyat 1985 yilda xarid qilgan Speedway Star jurnalini o‘qishga muvaffaq bo‘ldi.
“Bu jurnal menda ancha vaqt chang bosib yotdi, chunki uni o‘qiy olmasdim. Nihoyat buni uddalaganimdan mamnunman”, — dedi u.
Maktabdagi o‘qituvchilari Mijlining o‘qishda qiynalishini “dangasalik” deb atashgan. Faqatgina yillar o‘tib, Ted o‘rta maktabda ta’lim olayotgan paytida, o‘qituvchilar uning ota-onasiga bolada disleksiya bo‘lishi mumkinligini aytgan.
Shundan so‘ng Mijlini maxsus ta’lim muassasasiga yuborish taklif qilindi, biroq maktabning o‘zi Ted uchun “yoqimsiz joy” edi. U 15 yoshida o‘qishni tashlab, to‘qimachilik fabrikasiga ishga joylashdi.
Mijli umrining aksariyat qismida hatto oddiy xabarni ham o‘qiy olmagan. Biroq bu uning muvaffaqiyatli karera qurishiga to‘sqinlik qilmadi. Mijli motosportning noyob turi — spidveyda mexanik sifatida ta’lim oldi. Bu sport turida poygachilar tuproqli oval trassalarda tormozlarsiz bir tezlikli mototsikllarda musobaqalashadi. Ted poygalarda ishtirok etib, dunyo bo‘ylab ko‘p sayohat qildi. Hozirda u Derbidagi Joe Hughes International kompaniyasida ishlaydi, bu kompaniya spidvey uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Bir kuni Mijli avstraliyalik yosh poygachi Breyden Elliot bilan tanishib qoladi va uning menejeri bo‘lish istagi tug‘iladi. Buning uchun u elektron xatlarni o‘qishni o‘rganishi kerak edi — shunda Ted dars olishga ahd qiladi.
Mijli repetitor— Dunkan Livsini yolladi. Ular haftada ikki marta 30 daqiqadan individual mashg‘ulotlar o‘tkazdi.
“U juda pozitiv odam bo‘lgani uchun uni o‘qitish oson bo‘ldi. Har safar u bilan muloqot qilganimda mamnunlik his qilaman”, — dedi Livsi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘qishni bilmaydigan kattalar soni odatdagidan ancha ko‘p. Biroq ularning ko‘pchiligi Teddan farqli o‘laroq, yordam so‘rashga jur’at eta olmaydi.