Suhbat davomida taniqli aktyor o‘z hayot va ijod yo‘li, dublyaj va teatrda o‘tgan oltin davrlari bir muddat san'atdan ketishi, Amerikada o‘tgan hayoti, dublyajning kecha va buguni mulohazalari haqida gapirib berdi.
O‘zbek teatrining bugungi holati
— Hozirda pandemiya sababli teatr karantinga yopilgan. Teatr binosida [O‘zbek milliy akademik drama teatri nazarda tutilmoqda – tahr.] tomoshalar ko‘rsata olmasak-da, gastrol tadbirlarda qatnashib turibmiz. Kino va seriallardagi s'yomkalar, dublyajdagi ishlarimiz har doimgidek davom etyapti.
Bugungi internet zamoni, telekanallar orqali istalgan va qiziqtirgan filmlar, teatr tomoshalari va boshqa ko‘rsatuvlarni topib olib ko‘rish mumkin. Shu ma'noda ba'zida teatrning davri o‘tib qoldimikan degan o‘y-fikrlarga ham boraman. Lekin teatr kassasi oldida biletga navbatga turishganda, zalda to‘plangan odamlarni ko‘rganda ko‘nglim joyiga tushadiki, teatrning ham o‘z muxlislari, o‘z tomoshabinlari bor. Chunki tomoshabin aktyorga quvvat beradi, shuning o‘ziyoq mehnatimiz bekor ketmayotganini ko‘rsatadi, ijodkor kuchiga kuch qo‘shadi.
San'at va teatr
— Teatr shunday hodisaki, u bir tomondan televideniyening serial va kinolari, tanqidiy yoki ko‘ngilochar ko‘rsatuvlari kabi turli janrda bo‘ladi: tragediya, drama, komediya, melodrama – har kim o‘z qiziqishidan kelib chiqib ulardan birini tanlab ko‘radi.
Ikkinchi tomondan, har bir sahnalashtirilgan asar mohiyatida tarbiya yotadi, uni sahnada ijro etish orqali ham madaniy ozuqa berish, ham estetik zavqlantirish yoki kuldirish mumkin. Janrlariga qarab asarlar muallifning dolzarb deb bilgan g‘oyasini ko‘rsatib berish yoki tomoshabinni dam oldirish uchun qo‘yiladi. Chunki hamma ham katta asarlarni hazm qilolmaydi.
Ba'zida tashkilotlar tomonidan biletlari sotib olingan xodimlar tomoshabin bo‘lib keladi, ular bilet bo‘lgani uchun keladi, lekin o‘sha kungi spektakl ularni qiziqtirmaydigan janr bo‘lsa birdan bilinadi. Sahnadagi aktyor va zaldagi tomoshabin o‘rtasida bog‘liqlikni his qilib turamiz. Aktyor tomoshabinga qaramasa ham uning nafas olishi spektakl qanday ketayotganini bildiradi.
Aktyor va improvizatsiya
— Improvizatsiya aslida tomoshabinni tortib olish uchun emas, spektakl payti shunga mos yaxshi bir fikr, so‘z kelib qolsa, shunda ham tomosha saviyasini ko‘taradigan bo‘lsa, qo‘llanadi. Lekin bu doim ham kelavermaydi. Bundan tashqari, kutilmagan holatlarda ham vaziyatdan chiqish uchun improvizatsiya qilinadi. Masalan, sahnaga chiqishi kerak bo‘lgan aktyor kechikib qoldi, shu payt sahnadagi aktyor nimadir qilib improvizatsiya bilan vaziyatdan chiqishi kerak. Yoki sherigining so‘zi kelmay qolsa, improvizatsiya qo‘llab ketadi.
Janrga qarab improvizatsiya ko‘pincha hajviy spektakllarda ko‘proq qo‘llanadi, bu janr improvizatsiyani ko‘taradi. Lekin jiddiy spektakl qo‘yilayotgan bo‘lsa va ustiga ustak she'riy asarlar bo‘lsa bu yerda improvizatsiya qiyin masala.
Kino: kecha va bugun
— Mamlakat hayotida, xususan san'at dunyosida bo‘layotgan voqealar ham barcha odamlar qatori aktyorlik kasbini tutgan inson hayotida muhim o‘ringa ega. Keyin hamma sohaning ham yuksalgan yoki pasaygan davri, ikkinchi darajali ishga aylanib qolgan payti bo‘ladi.
Ma'lumki, kinolar avval plyonkada olinardi va bunga katta mablag‘ sarflanardi. Umuman olganda, kinoga bo‘lgan munosabat ham boshqacha edi. Hozir esa qo‘pol bo‘lsayam telefonda ham kino olinyapti. Kimlardir bekor yurgandan ko‘ra kinoda omadimni sinab ko‘ray deb kino olayotgandek, sohaga aloqasi yo‘q odamlar rol o‘ynayapti.
Kino suratga olish ittifoq davrida juda qimmatga tushardi, buni tan olish kerak. Raqamlarda aytadigan bo‘lsam, o‘sha paytda o‘rtacha film olish uchun boshidan oxirigacha taxminan 400-500 ming rubl ketardi, o‘sha pulning qiymati, qadri hozirgi 10 mln AQSh dollariga to‘g‘ri kelsa kerak. Hozirgi kabi uncha-muncha odamning kino olishga qurbi yetmasdi. Katta-katta korporatsiyalar yoki davlat tomonidan mablag‘ ajratilardi. Qiyinchilik davrlari kelgan mustaqillikning ilk yillarida kinoga pul ajratilmay qoldi.
O‘tish davri muammolari sabab madaniyat va san'atga e'tibor kamaydi. Bir paytlar odamlar gavjum, hayot qaynagan tashkilot bo‘lgan O‘zbekfilm qabristonni eslatadigan holatga kelib qolgandi. Inflatsiya sabab teatr va dublyajda beriladigan oyliklarimiz yo‘lkiraga ham yetmay qoldi.
Teatrga kelib yuradigan odamlarda ham undan ko‘ra uyimga 2 kilo kartoshka olib bora qolay degan darajaga kelgandi o‘sha vaqtlar.
Bir so‘z bilan aytganda, soha orqaga ketdi. Yurt ko‘rish, moliyaviy tomondan yaxshiroq sharoitga ega bo‘lish uchun Amerikaga ketishga qaror qildim.
«Qismat» – tomoshabinini topmagan film
— Amerikaga ketish oson emas, buni ko‘pchilik yaxshi biladi, lekin menda o‘sha paytlar imkoniyat paydo bo‘lib qoldi. Amerika bilan hamkorlikda «Qismat» nomli film suratga olinganda viza berilgandi, keyinchalik o‘sha vizamdan foydalanib ko‘rmoqchi bo‘ldim.
Film haqida qisqacha gapirsam, bu filmni xalq ko‘rmadi. Panoramadagi premeradan keyin kino taqiqqa uchradi. Film real voqealarga asoslanib suratga olingan, qahramonning esa prototipi bor edi. O‘sha vaqtda O‘zbekiston havo yo‘llarining rahbari edi. U ishdan olingandan so‘ng film ham tomoshabinlarga yetib bormadi.
Filmga mashhur «Boeing» kompaniyasi ham homiylik qilgan, filmga ketadigan plyonkani olib berishgan. Bir metr plyonka 3 rubl, bitta filmga 10 ming metr plyonka kerak bo‘ladi.
S'yomka jarayonlarida biz Amerikada «Boeing»ning samolyot yig‘iladigan sexida suratga olish ishlarini olib borganmiz. O‘sha yili «Boeing»dan 6 ta samolyot xarid qilganimiz uchun O‘zbekiston havo yo‘llariga o‘zgacha hurmat bilan qarashar ekan, biz uchib borganimizda martabali mehmon sifatida kutib olishgan. Ba'zi sahnalari samolyot havoda bo‘lgan, uchayotgan paytda ham olingan. Xullas o‘sha film sabab vizali bo‘lib qolgandik.
Shaytanat serialining uchinchi mavsumini suratga olganimizdan so‘ng s'yomka to‘xtadi deyishdi. Men esa vizamdan foydalanay deb Amerikaga ketdim va taqdir taqozosi bilan 9 yil qolib ketdim.
Amerikadagi hayot
— Begona yurt, begona odamlar, tanishim ko‘rib qoladi degan istihola yo‘q, qo‘ldan kelgan ishni qilib ketardim. Texnika hali bu darajada emas, uydagilar bilan gaplashish maqsadida kartochka sotib olardim. Kelib-ketishga ham imkon qilolmadim.
Shu yillar ichida viza muddatim tugab bo‘lganini bilmay qolganman, viza rejimini buzib qo‘yganim uchun O‘zbekistonga kelib-ketish imkoniyati yo‘q edi, kelsam qaytib borolmasdim. Chunki qonunchilikka ko‘ra, migrant vizasi muddatidan bir soniya o‘tib ketsa ham qonunni buzgan hisoblanadi. Shu sababli oldimga qo‘ygan maqsadlar, moliyaviy masalalarimni bajarmaguncha qaytishni xohlamadim.
Yuqorida aytganimdek, qo‘limdan keladigan ish borki, qilib ketaverardim: qurilishda, mehmonxonada, supermarketlarda ishladim, pitssa ham tashidim, restoranlarda ofitsiantlikdan tortib, oshpazlik ham qildim. Amerikada 9 yil davomida yashagan bo‘lsam, o‘zim uchun ko‘p tajribalar, hayotiy xulosalar oldim.
Amerika hayotingizga nima berdi desangiz, musofirlikni ko‘rdim. Undan oldin ba'zi s'yomkalarga sal uzoqroq qolib ketsak yoki armiya xizmatida o‘tkazgan ikki yilni o‘zimizcha musofirlik deb yurgan ekanmizda degan xulosalarga kelardim. Hatto armiyada ham yotadigan joy tayin, har mahal yeydigan ovqat bo‘ladi, sizga rahbar bo‘lgan odamlar bor.
Amerikada o‘tkazgan 9 yilim mobaynida amin bo‘ldimki, chet davlatda ishlash haqiqiy musofirlik.
Aktyorlik kasbida bu kabi qiyinchilik foydadan xoli emas.
Amerikada 9 yil yo‘qotgan bo‘lsam-da, men ko‘rgan narsani uncha-muncha odam ko‘rmagan, bu tajriba keyingi o‘ynaydigan rollarimda qo‘l keladi. Hayotiy tajriba aktyorni boyitadi, dunyoqarashini oshiradi. Ingliz tilini bilganim dublyajda ham qo‘l kelib turadi, ovoz berayotgan odamim nima deyotganini bilib turaman.
Professional sinxron dublyaj va bugungi tarjimalar
— O‘zbek dublyaji professional bo‘lgan davrlarda men ham ishlaganman, men ham o‘sha sinxron professional dublyajdan chiqqanman. Nega bu darajada sifat va saviya tushib ketdi – zamonning taqozosi bo‘ldi.
Yuqorida film olishga 500 ming rubl ketardi dedim, dublyajga ham xuddi shunday katta mablag‘ sarflanardi. Bitta film 15-20 kun deganda ovozlashtirishdan chiqarilardi, hozir esa bir soatlik filmni bir soatda tayyor qilyapmiz.
Dublyaj aktyori o‘qiydigan matn aktyor qo‘liga kelgunicha 3 qo‘ldan o‘tardi: tarjimon, muharrir, lablashtiruvchi. Tarjimon ma'nosini tarjima qiladi, muharrir xatolarini to‘g‘rilasa, oxirida lablashtirishda o‘zbekcha matn va ekranda gapiruvchining og‘zi ochilib-yopilishi, unli bilan tugayaptimi, undosh bilanmi, to‘g‘ri kelmasa o‘sha joyga sinonim so‘zni topib qo‘yardi. Bo‘g‘inlarni joylashtirardi, asliyatda nechta bo‘g‘in bo‘lsa, dublyajda ham shunday bo‘lishi kerak.
Hozir esa tarjimonning qo‘lidan o‘qiydigan matnimizni to‘g‘ridan to‘g‘ri olyapmiz. Gohida so‘zlarimiz uzunlik qiladi, gohida yetmay qoladi.
Avval ish haqimiz kunbay hisoblanardi, hozir esa ishbay, qancha tez bu ishni tugatib, keyingisiga ulgurish degan tushuncha bo‘ladi. Kunbay bo‘lgandan keyin ish ko‘ngildagidek chiqmaguncha qayta-qayta repetitsiya qilinaverardi. Avval tanlov ham katta bo‘lardi, aktyorlar tanlab olinardi. Hozir esa nari borsa 15-20 nafar dublyaj aktyori bor. Keyin faqat bir aktyor bitta kishiga ovoz berardi, endi butun boshli film 4-5 aktyorga bo‘lib beriladi, 3-4tadan 20tagacha rolga ovoz berishga to‘g‘ri keladi.
Har bir qahramonning xarakteri, yoshi va boshqa xususiyatlariga mos ovoz bo‘lishi kerak, Taqvim shunchalar tig‘izki, efirga ketishi kerak bo‘lgan qismning tarjimasi o‘sha kuni tayyor bo‘ladi, dublyaj qilinadi va efirga uzatiladi. Tarjimani olib repetitsiya qilishga ham vaqt bo‘lmay qoladi. Tarjima qo‘lingizga keldimi, olib o‘qib ketasiz. Shu ma'noda bugungi dublyaj qiyin, hozirgi ish miya uchun bosim xolos.
Bundan tashqari, gonorar narxi avval juda baland bo‘lgan. O‘sha davrlarni eslab bitta filmning dublyaji gonorariga sunnat to‘yi o‘tkazganini aytishadi. Bugun ham birorta kanal xuddi o‘shanday sharoit, imkoniyat va gonorar to‘lasa, o‘sha eski davrdagi kabi sinxron professional dublyaj qilib bera olamiz deb ayta olaman.
Professional dublyaj nuqtayi nazaridan qaraganda, bugungi ishimiz dublyaj emas, kadr ortidan qilib turilgan tarjima desa bo‘ladi. Dublyaj o‘z nomi bilan filmning ikkinchi nusxasi bo‘lishi kerak. Aktyor yig‘lasa yig‘lashi, kulsa kulishi, barcha hissiyotlari mimikasini ochib bera olishi talab qilinadi, bugungi ishlarimizda bu narsa to‘la amalga oshyapti deb bo‘lmaydi.
Bobur Akmalov suhbatlashdi.
Tasvirchi: Muhiddin Nido