Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini o‘qitish bo‘yicha bepul onlayn platforma ishga tushiriladi

Iqtisodiyot 18:19 / 16.06.2021 8494

29 iyundan boshlab Moliya vazirligi va akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazlari hamkorligida moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini (MHXS) o‘qitish bo‘yicha ikkinchi onlayn o‘quv platformasi ishga tushirilmoqda. Vazirlik xabariga ko‘ra, kurslarning birinchi bosqichi noyabrgacha veb-seminarlar shaklida o‘tkaziladi va uchta o‘quv modulini o‘z ichiga oladi.

Mazkur bosqichda talabalar va barcha soha mutaxassislariga sohaning bilim va ko‘nikmalarini tasdiqlovchi buxgalteriya hisobi va hisoboti bo‘yicha xalqaro hamda milliy sertifikatlarni olish uchun tayyorgarlik ko‘rishda ko‘maklashiladi. O‘z navbatida olingan bilimlarni amalda qo‘llash va xalqaro talablar asosidagi moliyaviy hisobotlarni mustaqil tuza olish ko‘nikmalari shakllantiriladi.

Platformada budjet hisobi va hisoboti sohasida xalqaro standartlarni (IPSAS) joriy etish ko‘nikmalari ham ta'minlanadi.

Ma'lum qilinishicha, o‘quv mashg‘ulotlarini muvaffaqiyatli tugatgan tinglovchilar moliyaviy hisob va hisobotni tuzishga doir:

  • korxonaning moliyaviy hisobotini tuzishda hisob yuritishning asosiy xalqaro tamoyillarini amalda qo‘llash;
  • hisobotlarning munozarali masalalarini hal qilishda professional yondashish ko‘nikmalarini egallash;
  • MHXS bo‘yicha "Moliyaviy hisobot" imtihonini topshirishga puxta tayyorgarlik ko‘rish bilim va ko‘nikmalariga ega bo‘lishadi.

Mazkur onlayn o‘quv platformasidan foydalanish imkoniyati:

  • «MHXS asoslari» kursini muvaffaqiyatli tugatgan;
  • moliyaviy hisob sohasida xalqaro tan olingan sertifikatlar,  auditor, ichki auditor, soliq maslahatchisi sertifikatlari, «MHXS asoslari» kursi bo‘yicha olingan sertifikatlarga ega shaxslarga taqdim etiladi.

Ma'lumot uchun, 2020 yil sentyabr oyida «MHXS asoslari» bo‘yicha o‘zbek va rus tillarida bepul onlayn o‘quv platformalari ishga tushirilgan edi. Hozirga qadar ushbu ta'lim platformalaridan 13 ming nafardan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Mazkur bepul onlayn o‘qitish platformalari 2025 yilga qadar har yili yangilanib boradi. 

Ko‘proq yangiliklar: