Yevro-2020: Amsterdamda Yevroning eng yaxshi o‘yini, Angliyada qiyin g‘alaba

Sport 17:43 / 14.06.2021 13905

Yevropa chempionati. C guruhi
Niderlandiya — Ukraina — 3:2
(0:0)
Gollar: Veynaldum, 52 (1:0). Veghorst, 59 (2:0). Yarmolenko, 75 (2:1). Yaremchuk, 79 (2:2). Dyumfris, 85 (3:2).
Niderlandiya: Stekelenburg, Dyumfris, de Fray, Blind (Ake, 64), Timber (Feltman, 88), van Anholt (Veyndal, 64), de Ron, Veynaldum, F.de Yong, Veghorst (L.de Yong, 88), Depay (Malen, 90+1).
Ukraina: Bushchan, Karavayev, Matviyenko, Zabarniy, Mikolenko, Yarmolenko, Zinchenko, Malinovskiy, Sidorchuk, Zubkov (Marlos, 13. Shaparenko, 64), Yaremchuk.
Ogohlantirishlar: Sidorchuk, 90+3.
Hakamlar: Brix. Borsh, Lupp (barchasi — Germaniya).
VAR: Frits. Dingert (ikkisi — Germaniya), Bets, Attuell (ikkisi — Angliya).
13 iyun. Amsterdam. «Yohan Kroyf Arena» stadioni.

Ukraina terma jamoasi formasi atrofidagi gaplar futbolni ikkinchi planga olib chiqib qo‘yay degandi. Ammo muxlislar maydonda Yevropa chempionatining hozircha eng yaxshi o‘yiniga guvoh bo‘lishdi.

Ukraina termasiga Yevropa chempionati startiga qadar ham jiddiy yondashishayotgandi. Bu jamoa saralash turnirida ajoyib ishtirok etdi, Andrey Shevchenko va uning shtabi o‘z darajasini namoyish etdi, jamoa tarkibi esa Yevropada tanilib ulgurgan futbolchilarga to‘la.

Yarmolenko («Vest Hem»), Malinovskiy («Atalanta»), Yaremchuk («Gent»), Zinchenko («Manchester Siti»), Zubkov («Ferensvarosh») — ukrainlar legioni deyarli to‘liq tarkibda Amsterdamda Niderlandiyaga qarshi o‘yinda maydonga chiqdi. Birinchi bo‘limdayoq sariq-ko‘klar ularni bejiz S guruhi favoritlari qatorida sanashmayotganini isbotlashdi.

Ukraina ochiq, shu bilan birga xotirjam o‘yin namoyish etdi. Niderlandiya o‘z maydonidagi o‘yinda to‘pga egalik qilib, ko‘proq vaziyatlar yaratgan bo‘lsa-da, mehmonlar ham himoyaga o‘tirib olmadi va hatto katta kuch bilan oldinga chiqishdi. Nafaqat qanotlar orqali, balki markazdan ham hujumlar uyushtirildi. Ukrainlarda maydon markazida ham ustunlik kuzatildi: Malinovskiy, Zinchenko va Sidorchuk qarshi hujumlarda raqibni poylashdi, ammo Niderlandiyaning tig‘iz himoyasi zarbalar yo‘liga to‘siq bo‘ldi.

Shiddatli va hujumkor o‘yin uchun ukrainlarni maqtash mumkin, ammo hujumga ko‘proq e'tibor qaratilganda himoyada muammolar yuzaga keladi. Ukraina himoyachilari esa juda oldinda joylashishgandi va ilk daqiqalardanoq bundan Depay foydalanishi mumkin edi: ukrainlar hujumda to‘p yo‘qotishganida u raqibning to‘rt futbolchisidan qochib ketdi va to‘pni oldinga olib borib, darvozaga zarba berishga ham ulgurdi, ammo bu vaziyatda Bushchan jamoasini qutqardi.

Kiyevning «Dinamo» klubi darvozaboni birinchi bo‘lim oxiriga qadar o‘yinning eng yaxshi futbolchisi bo‘lib turdi. Umuman, Ukraina termasini darvozada Pyatovsiz tasavvur qilish qiyin (darvoqe, u turnirga olib kelingan va bu o‘yinga zayavka ham qilingandi), ammo milliy jamoada 2020 yilda debyut qilgan Bushchan ham ishonchli o‘yin ko‘rsatmoqda - u birinchi bo‘limda a'lo darajadagi o‘yin namoyish etdi.

Ukraina hujumkor 4-3-3 sxemasida, bir nominal tayanch yarimhimoyachisi bilan o‘ynadi, Niderlandiya futbolchilari esa Depayga erkin ijodkor rolini berilgan holda 3-5-2 sxemasida joylashdi. Qiziq tomoni, bu jamoalar mart oyida JCh-2022 saralashi doirasidagi o‘yinlarda yakshanba kungi raqiblari sxemasida harakatlanishgandi. 

O‘yinning birinchi bo‘limida hisob ochilmagan bo‘lsa-da, tanaffusdan keyin ukrainlar olti daqiqa ichida ikki gol o‘tkazib yuborishdi. Dastlab Veynaldum darvozabondan qaytgan to‘pni to‘rga joyladi va golini jarohat tufayli turnirda qatnasha olmayotgan Virjiyl van Deykka bag‘ishladi.

Ikkinchi golni forvard Vut Veghorst urdi - u golini FIFA simulyatoridagi kabi nishonladi. Bu uning yirik turnirlardagi birinchi, terma jamoadagi ikkinchi golidir.

Bu gollar niderlandlarning g‘alabasini kafolatlagandek edi. Ammo Shevchenko vaziyatni o‘nglay oldi.

Ukrainaga birinchi bo‘lim boshida jarohatlangan Zubkov o‘rniga tushirilgan Marlos Shaparenkoga almashtirilgani yordam berdi — shu tariqa, Shevchenko maydon markazidagi futbolchilar sonini oshirdi va niderlandlar markaziy hududda ustunlik qila olmay qoldi. Ammo Yarmolenkoning aql bovar qilmas zarbasi darvoza «to‘qqizligi»ga aniq bormaganida taktika haqida hech kim eslab o‘tirmasdi.

Bu zarba Ukrainada muvaffaqiyatga ishonch paydo qildi. Ko‘p o‘tmay jamoa hisobni tenglashtirdi — Malinovskiyning standart vaziyatdan uzatgan to‘pini Yaremchuk boshi bilan darvozaga joylab qo‘ydi. Bu vaziyatda tajribali Martin Stekelenberg to‘pga sakrashga ham ulgurmadi.

Ammo ukrainlar natijani saqlab qola olishmadi. Qiyin bo‘lmagan vaziyatda gol o‘tkazib yuborildi - himoyachi Natan Ake qanotdan bergan uzatmani jarima maydoni markazida turgan boshqa bir himoyachi Denzel Dyumfris boshi bilan darvozaga yo‘lladi, Bushchan qutqara olmadi. Dyumfris avvalgi ikki golda ham ishtirok etgandi.

Ukraina 2:3 hisobida yutqazdi, ammo o‘z o‘yini bilan barchada yaxshi taassurot qoldirdi. Agar ikkinchi bo‘lim boshidagi 15 daqiqani chiqarib tashlasak, Shevchenko jamoasi juda kuchli o‘yin o‘tkazgan va kamida durangga loyiq edi, deyish mumkin. Shu bilan birga, guruhdagi eng kuchli raqib bilan o‘yin ortda qoldi, ukrainlar Avstriya va Shimoliy Makedoniyaga qarshi o‘yinlarda kerakli ochkolarni jamg‘arishi mumkin.

Buxarestda Yevro o‘yinining bir bo‘limi takrorlarsiz uzatildi

Yevro-2020. S guruhi
Avstriya — Makedoniya — 3:1
(1:1)
Gollar: Layner, 18 (1:0). Pandev, 28 (1:1). Gregorich, 78 (2:1). Arnautovich, 89 (3:1).
Avstriya: Baxmann, Dragovich (Linxart, 46), Ulmer, Alaba, Xinteregger, Layner (Baumgartlinger, 90+3), Zabitser, Laymer, K.Shlager (Ilzanker, 90+4), Baumgartner (Arnautovich, 58), Kalaydjich (Gregorich, 58).
Makedoniya: Dimitriyevski, S.Ristovski, Alioski, Velkovski, Musliu (M.Ristovski, 87), Ademi, Bardi (Trichkovski, 82), Nikolov (Beytulai, 63), Elmas, Pandev, Traykovski (Kostadinov, 63).
Ogohlantirishlar: Traykovski, 42. Alioski, 53. Layner, 85.
Hakamlar: Ekberg. Julum, Hallberg (barchasi — Shvetsiya).
VAR: Dankert (Germaniya). Pajyes (Fransiya), Kavana (Angliya), Brizar (Fransiya).
13 iyun. Buxarest. «Milliy» stadion.

Guruhdagi ikkinchi uchrashuvda 37 yoshli Pandev makedoniyaliklar uchun tarixiy golni urgan bo‘lsa-da, bu gol Avstriya g‘alabasiga xalal bera olmadi.

Avstriyaning Shimoliy Makedoniyaga qarshi Buxarestda kechgan o‘yini deyarli bir bo‘lim davomida birorta takrorsiz uzatildi. Ruminiya poytaxtidagilar faqat 41-daqiqaga kelib o‘yinning e'tiborga sazovor epizodlarini takroran uzata boshlashdi.

Shu tufayli bu vaqtgacha bo‘lgan gollarni tomoshabinlar takroran ko‘ra olishmasdi. O‘yinning 18-daqiqasida Avstriya himoyachisi Shtefan Layner hisobni ochgandi. Zabitserning diagonal uzatmasidan keyin Layner bir harakat bilan raqib darvozasi uzoq burchagini aniq nishonga oldi.

O‘yinda hisob makedonlarning keksa futbolchisi Goran Pandev tomonidan tenglashtirildi. Afsonaviy futbolchi Shimoliy Makedoniyaning xalqaro turnirlardagi ilk goli muallifiga aylandi. Avstriyaliklar himoyalanishda xatoga yo‘l qo‘yganda darvozabon ham to‘pni qo‘ldan chiqarib yubordi va Pandev bo‘sh darvozaga to‘pni yumalatib yubordi.

Goran 37 yoshda, u terma jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purar, bundan tashqari jamoa uchun ko‘p o‘yin o‘tkazish bo‘yicha rekordchi. U 20 yil muqaddam terma jamoada debyut qilgan, hozirda o‘zi 2010 yilda ochgan maktab tarbiyalanuvchisi bilan birga to‘p surmoqda.

Ikkinchi bo‘limda Ruminiya o‘yindagi barcha vaziyatlar takrori bilan to‘laqonli translatsiya amalga oshira boshladi. Ikkinchi bo‘limning so‘nggi 15 daqiqaligida avstriyaliklar ikki gol urib, g‘alabani ilib ketishdi va turnir jadvalida peshqadamga aylanishdi.

Angliya Xorvatiyaga qarshi juda kuchsiz o‘yin ko‘rsatdi, ammo g‘alaba qozondi. Yevro favoritlari orasida inglizlar hozircha eng kuchsizi

Yevro-2020. D guruhi
Angliya — Xorvatiya — 1:0
(0:0)
Gol: Sterling, 57.
Angliya: Pikford, Uoker, Mings, Stouns, Tripper, Sterling (Kalvert-Lyuin, 90+2), Rays, Fillips, Maunt, Foden (Reshford, 71), Keyn (Bellingem, 82).
Xorvatiya: Livakovich, Vrsalko, Chaleta-Tsar, Vida, Gvardiol, Kramarich (Brekalo, 70), Kovachich (Pashalich, 85), Modrich, Brozovich (Vlashich, 70), Perishich, Rebich (Petkovich, 78).
Ogohlantirishlar: Chaleta-Tsar, 42. Kovachich, 49. Foden, 64. Brozovich, 66.
Hakamlar: Orsato. Jallatini, Preti (barchasi — Italiya).
VAR: Irrati. Meli (ikkisi — Italiya), Pineyru (Portugaliya), Valeri (Italiya).
13 iyun. London. «Uembli» stadioni.

Angliyaning Xorvatiyaga qarshi o‘yinlari — klassikaga aylangan. Barchasi 2007 yilning noyabridagi yomg‘irli kechada boshlangan, xorvatlar safarda natijasi o‘zi uchun ahamiyatsiz o‘yinda 3:2 hisobida g‘alaba qozonib, saralash bosqichidan o‘zi bilan Rossiyani olib chiqqan. Keyin Fabio Kapello nazokat bilan qasos olgan: JCh-2010 saralashida inglizlar ikki o‘yinda ham xorvatlarni yengib, guruhda birinchi bo‘lishgan, so‘nggi turda esa Ukrainaga yutqazib (0:1) xorvatlarni hatto pley-off o‘yinlarida ishtirok etish imkoniyatidan mahrum qilishgan. 2018 yilgi jahon chempionati yarimfinalida esa Mario Manjukichning overtaymdagi goli o‘yin taqdirini hal qilgan.

Ammo birinchi bo‘lim klassikaga tortmadi, Angliyadan bu safargi Yevropa chempionatida juda ko‘p narsa kutishmoqda, britanlar deyarli barcha favoritlar ro‘yxatlarida Fransiya va Belgiyadan keyin tilga olingan, ammo birinchi tur o‘yinini o‘tkazib bo‘lgan «Qizil iblislar» yoki Italiya jamoalari fonida Garet Sautgeyt shogirdlari o‘yini juda rangsiz ko‘rindi. Xorvatiya — Rossiya yoki Turkiya emas va dastlabki 10—15 daqiqalik asabiylikdan keyin jiddiy qarshilik ko‘rsata boshladi, ammo ularning o‘yini ham juda zo‘r emasdi. Baribir 2018 yilgi jahon chempionatidan beri bolqonliklar keksayishdi, qolaversa, kiyim almashtirish xonasida muhit yaxshi emasligi haqida mish-mishlar yuribdi, aytishlaricha, yoshlar an'analarni va faxriy futbolchilarni hurmat qilmayapti va terma jamoa uchun borini berib o‘ynamayapti.

Lekin shu holatida ham Xorvatiya o‘yinning bir soati mobaynida inglizlar hujum chizig‘ini osonlik bilan zararsizlantirib turdi. Sautgeyt iste'dodli murabbiylardan sanalsa-da, u shunday kuchli tarkibni munosib o‘ynata olmayapti. Soch turmagini ko‘chirgan bo‘lsa-da, Fil Fodendan hozircha yangi Pol Gaskoyn chiqmadi. Rahim Sterlingni vaziyatdan foydalanib, g‘alaba keltirgani uchun maqtash mumkin — u hamisha ham birinchi imkoniyatdayoq gol uravermaydi. 

Harri Keyn — sardor, yetakchi va aqlli futbolchi, ammo uning odatdagi o‘yinlari bundan ancha yorqinroq bo‘ladi. Meyson Maunt yaxshi harakatlandi, ammo juda yaxshi sport formasida bo‘lgan YeChL g‘olibidan bundan ko‘proq narsa kutishmoqda. Boshqa tomondan, Sautgeytning ixtiyorida zaxiradagi Jyek Grilish va Markus Reshford kabi futbolchilar bor, Jyeydon Sancho esa o‘yin zayavkasiga kira olmagandi...

Ammo inglizlarning bunday tarqoq o‘yinini ham tushunish mumkin. Ularda turnirga yetarlicha tayyorlanish uchun imkon bo‘lmadi. Terma jamoa o‘zagini tashkil etuvchi «Manchester Siti» va «Chelsi» futbolchilari 29 may kuni Chempionlar ligasi finalida o‘ynashdi. Ular dam olishga ulgurishmagan. Natijada Yevro arafasida Avstriya va Ruminiyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida Sautgeyt turnirga zayavka qilinmagan Jyessi Lingard va Ben Godfri kabi futbolchilarni o‘ynatishga majbur bo‘ldi.

Shularni hisobga olgan holda, aytish mumkinki, Angliya turnir davomida ochiladi. Inglizlar yaxshiroq o‘ynashga majbur, Xorvatiyaga qarshi ko‘rsatilgan o‘yin bilan esa chorakfinaldan nariga o‘tib bo‘lmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: