11 iyulga o‘tar kechasi Yevropa chempionatida ikkinchi finalchini aniqlab beradigan o‘yin bo‘lib o‘tdi.
Yevro-2024. Yarimfinal
Niderlandiya — Angliya 1:2
Gollar: Simons (7) — Keyn (18, penalti), Uotkins (90).
Niderlandiya – Verbryuggen, Dumfris (Zirkze, 90+3), de Vrey, van Deyk, Ake, Shauten, Reynders, Simons (Brobbi, 90+3), Malen (Vegorst, 46), Gakpo, Depay (Verman, 35).
Angliya – Pikford, Uoker, Stounz, Gehi, Trippiyer (Shou, 46), Rays, Foden (Palmer, 80), Bellinghem, Maynu (Gallaher, 90+3), Saka (Konsa, 90+3), Keyn (Uotkins, 81).
Ogohlantirishlar: Dumfris (17), Bellinghem (72), Saka (86), van Deyk (87), Simons (90+1), Trippiyer (90+5).
Yevro-2024 yarimfinaliga yetib kelgan juftliklar bir-biriga o‘xshash edi — yorqin hujumkor jamoalar bo‘lgan Ispaniya va Niderlandiya pragmatik va yopiq o‘yin ko‘rsatadigan Fransiya hamda Angliyaga qarshi. Bu qarama-qarshilikni futbolning antifutbol bilan to‘qnashuvi deb ataganlar ham bo‘ldi.
Birinchi juftlikda muxlislarga yoqqan jamoa ustun keldi — Ispaniya va ushbu avlod ramzi bo‘lgan Lamin Yamal Mbappe va Grizmanning akademik futbol ko‘rsatuvchi Fransiyasini mag‘lub etdi. Endi ikkinchi juftlikka navbat keldi. Agar ispanlar va fransuzlar nisbatan teng raqiblar deb ko‘rilgan bo‘lsa, Niderlandiya va Angliya to‘qnashuvida favorit ma’lum edi. Garet Sautgeyt jamoasi haddan tashqari zerikarli o‘yini bilan muxlislarning tanqidlariga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, baribir raqibidan ko‘ra kuchliroq tarkibga va barqaror o‘yin uslubiga ega edi.
Ronald Kuman kuchli raqibga moslashishga harakat qilmadi — «aldamchi» to‘qqizlik rolidagi Depay bilan 4-2-3-1 sxemasi saqlanib qoldi. Turkiyaa qarshi o‘yindagi bilan solishtirganda yagona o‘zgarish — hujumning o‘ng qanotida turnirni o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘tkazgan Stiven Bergveyn o‘rniga Doniell Malen tushishi bo‘ldi.
Sautgeyt turnir davomida uch markaziy himoyachi sxemasi bilan o‘ynashga o‘tdi. Inglizlar chorakfinalda Shveytsariya bilan shunday sxemada harakat qilgandi, bu safar ham futbolchilar 3-4-2-1 shaklida joylashdi. Diskvalifikatsiyani o‘tab qaytgan Gehi Uoker va Stouns bilan himoya uchligini tashkil etdi.
O‘yin startidayoq Xavi Simons inglizlarning rejasini o‘zgartirib yubordi. Yosh havbek jahonning eng yaxshi tayanch yarimhimoyachilaridan biri Deklan Raysdan to‘pni olib qo‘yib, o‘ylashga ortiqcha vaqt sarflamasdan jarima maydoni tashqarisidan yo‘llangan kuchli zarba bilan darvozaning uzoq burchagini nishonga oldi.
Bunday tarsakidan keyin Angliya to‘liq kuch bilan oldinga tashlandi. Niderlandlar tom ma’noda maydonning o‘z darvozasi tomonidagi qismiga qamalib oldi. Faqat bu safar inglizlar to‘pni shunchaki orqaroqda bir-biriga uzatib vaqt o‘tkazmasdan, xavfli kombinatsiyalar uyushtirishdi. Avvaliga Keyn uzoq masofadan Verbryuggenning hushyorligini tekshirib ko‘rdi. Keyin esa bahsli epizod yuzaga keldi — Saka dribling ishlatib, jarima maydoniga kirib bordi, ammo uning uzatmasi himoyachilardan qaytdi. To‘p Keyn tomonga keldi, u esa to‘pga havodaligidayoq zarba berdi, ammo to‘p xato ketdi, futbolchining o‘zi gazonga yiqildi. VAR bosh hakamni Feliks Tsvayyer monitorga chorladi va u videotakrordan keyin nuqtani ko‘rsatdi — inglizlar hujumchisi zarba berayotganida Dyumfris uning oyog‘iga tepgandi.
Harri imkoniyatdan unumli foydalandi — 1:1, Angliya javob qaytarishi uchun 10 daqiqa yetarli bo‘ldi.
Sautgeyt jamoasi shundan keyin ham bosim qilishda davom etdi. Fodenda yaxshi imkoniyat bo‘ldi, u jarima maydonida pasni qabul qilib olib, dribling ishlatgan holda to‘pni darvozabonning oyoqlari orasidan ham o‘tkazdi. Ammo shu pallada Dyumfris aybini yuvib, to‘pni darvoza chizig‘i ustida to‘xtatib qoldi.
Ko‘p o‘tmay Filda yana ikki imkoniyat paydo bo‘ldi, uning jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbalaridan keyin dastlab to‘p ustunga tegdi, keyingisida — Verbryuggen qutqardi. Bu inglizlarning Yevrodagi eng kuchli bo‘limi bo‘ldi.
Gol o‘tkazib yuborganidan keyin niderlandlarning kayfiyati tushib ketdi va jamoa yanada orqaroqda joylashib, jarima maydoniga qamalib oldi. Bunga Depay jarohat olib, almashtirilgani ham sabab bo‘ldi — uning o‘rniga Vermeren tushishi futbolchilarning dastlabki pozitsiyalarini o‘zgartirib yubordi va bu jamoaga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. To‘qsariqrang libosdagi futbolchilar to‘pga ega bo‘lib turganida nima qilishni bilmayotgandek ko‘rinardi. Tanaffusga qadar vaqt ichidagi yagona xavfli vaziyat — yana Dyumfris ijrosida ro‘y berdi, burchak zarbasi ijro etilganida u raqib jarima maydoni ichida barchadan baland sakrab bosh bilan zarba yo‘lladi, ammo to‘p to‘singa tegdi.
Kuman kech bo‘lmasidan nimadir qilish kerakligini tushunib turardi va ikkinchi bo‘limda Malen o‘rniga o‘z jokeri — ikki metr bo‘yga ega forvard Vaut Veghorstni tushirdi. Sautgeyt esa chap qanotda moslasha olmayotgan o‘ng qanot himoyachisi Trippiyer o‘rniga jarohatdan tuzalib safga qaytgan, tarkibdagi yagona chap qanot himoyachisi Shouni maydonga tashladi. Ammo bu o‘zgarishlar o‘yin kartinasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmadi. Ikkinchi bo‘limda ikki jamoa ham hisobga qarab o‘ynay boshladi. Angliyaliklar o‘yinning ko‘proq vaqtida to‘pga egalik qilishda davom etdi, ammo keskinlik yuzaga keltirishga shoshilmadi, niderlandlar esa qarshi hujumlardan omadini izlashga harakat qildi. Ularda faqat bitta supervaziyat yuzaga keldi — Verman jarima nuqtasidan van Deykga ajoyib pas berdi, ammo Pikford o‘zini ko‘rsatdi.
81-daqiqada Angliya yana bir bor darvozani ishg‘ol etdi — ammo Saka golni nishonlashga ulgurmasidan hakamlar unga pas bergan Uoker ofsaydda bo‘lganini qayd etishdi.
Undan biroz oldinroq esa Sautgeyt o‘z tanqidchilarining ovozini o‘chiradigan ishni amalga oshirgandi. U oxirgi o‘n daqiqalikda vaziyatni hal qilish uchun ikki futbolchini maydonga tushirdi — Foden o‘rniga tushgan Koul Palmer Keynni almashtirgan Olli Uotkinsni golli pas bilan ta’minladi. Turnir boshlanganidan buyon faqat Daniyaga qarshi o‘yin oxirida harakat qilgan «Aston Villa» forvardi birinchi vaziyatidanoq g‘alaba golini urdi. Inglizlar yana o‘yin oxirida kerakli natijaga erishdi.
Niderlandlarda esa vaziyatni o‘nglash uchun shunchaki vaqt qolmagandi. Angliya katta qiyinchiliksiz qolgan daqiqalarda natijani ushlab qoldi. Jamoa munosib o‘yin bilan qatorasiga ikkinchi bor Yevro finaliga chiqdi.
Uch yil muqaddam Londondagi o‘yinda Italiyadan penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchralgandi. Britaniya orollaridagi muxlislar nihoyat yirik turnirdagi g‘alabani kutishmoqda, ammo Piriney yarimoroli vakillari bunga osonlikcha rozi bo‘lmaydi. Turnir g‘olibligi uchun Ispaniyaga qarshi hal qiluvchi o‘yin 14 iyul kuni Berlinda bo‘lib o‘tadi.
Niderlandiya ustidan g‘alabadan keyin esa Uotkins «oldindan ko‘rish» qobiliyati ham borligi haqida aytib berdi: «O‘z farzandlarim hayoti bilan qasam ichaman, men bugun Palmerga biz zaxiradan tushishimiz va u menga golli pas berishini aytgandim. Va bu ro‘y berdi!»