OTMlarga qabul boshlanishiga oz qoldi. O‘qishga hujjat topshirayotgan abituriyent oliy ta'lim olish o‘zi uchun yaxshi kelajakka yo‘l ochib berishidan umid qiladi. Lekin hozirgi sharoitda faqat oliy ta'lim olib diplomli bo‘lishning o‘zi mehnat bozorida o‘rin topish uchun kamlik qiladi.
Endi mehnat bozori o‘zi uchun malakali kadrlarni talab qilmoqda, diplom esa birinchi darajali ahamiyatini yo‘qotib boryapti.
O‘zbekiston aholisining 1,6 millioni – ishsiz
Senat yalpi majlisida aytilishicha, 2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra respublikada iqtisodiy faol aholining 1,6 mln nafari ishsiz. Ularning 805,2 ming nafari – yoshlar, ya'ni 16–30 yosh oralig‘idagi fuqarolar.
Mehnat bozoriga 2021 yilda yana 560 ming bitiruvchi kirib keladi. OTMlarni 103 mingdan ortiq, umumta'lim maktablarini 440 mingga yaqin, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini 18 mingdan ziyod yoshlar tamomlaydi.
Natijada 2021 yilda yoshlar bandligini ta'minlash uchun ehtiyoj 1,3 milliondan oshadi.
Faqatgina oliy ma'lumotli kadrlarning o‘zi bir yilda 103 mingdan ortiqqa ko‘paymoqda. Bu esa shuncha yangi mehnat resursi ish o‘rni uchun da'vogar bo‘lishini anglatadi. Mehnat resursi bilan bog‘liq raqamlar yildan yilga oshib boraveradi.
Oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida yoshlarni oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasini 2030 yilga qadar 50 foizga yetkazish belgilangan. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 25 foiz edi.
Demak, 9 yildan keyin oliy ma'lumotli kadrlar soni deyarli ikki baravarga (xususiy universitetlar tayyorlaydigan kadrlar hisobiga undan ham ko‘proq) oshadi. Bu – kadrlar bozorda non topishi uchun kuchli kurash boshlanishini anglatadi. Kurashda g‘alaba qozonib ishli bo‘lish uchun esa faqat diplomli emas, malakali kadr bo‘lish ko‘proq muhimdir.
«Diplom yaqin kelajakda hech narsani hal qilmaydi» — Abduvali Xoliqov
«Kelayotgan o‘quv yilidan barcha OTMlarning birinchi kurs talabalari uchun kredit-modul tizimi joriy etiladi. Bu tizimda o‘qish uchun talaba o‘z ustida ko‘proq ishlashi kerak. Agar o‘z ustida ishlamasa, uning kursdan qolish ehtimoli oshadi va o‘qishni tugatishi uchun 8 yil muddat beriladi», deya oliy ta'limda yangi tizimga o‘tilayotgani haqida ma'lumot bergan edi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov Xpress.uz'ga bergan intervyusida.
«Bizda OTMga kirdingmi, bitirib ketishing shart degan fikr singib qolgan. Bu noto‘g‘ri va endi bunday bo‘lmaydi. Hozir OTMlarda talabalar soni yetarlicha. 5-6 yil oldin talabani haydasa, shtat qisqarib ketadi, degan fikrlar bo‘lgan. Endi talabalar ham, ota-onalar ham OTMga kirgandan so‘ng faqat diplom olishini emas, kelajakda yaxshi mutaxassis bo‘lib chiqishini o‘ylashi kerak.
Diplom yaqin kelajakda hech narsani hal qilmaydi. Sababi kadrlar soni ko‘paygach, raqobat ham oshib boradi.
Shu paytgacha bizda faqat ehtiyojga qarab kadr tayyorlangan. Ehtiyoj 50-60 ming ekani hisobga olinib, shuncha kadr tayyorlangan va bu bitta joyga faqat bir nafar odam ish uchun talabgor bo‘lib borganini bildiradi. O‘z-o‘zidan bitta o‘ringa 5-6 bitiruvchi borsa, bu yerda ish beruvchi ham o‘ylab, o‘ziga foyda keltiradiganini ishga oladi. Natijada, ishga kira olmagan qolgan bitiruvchilar ikkinchi mutaxassislikda o‘qiydi, o‘qisa ham yaxshiroq o‘qiydi. Yoki malaka oshirish kurslariga borib o‘z ustida ishlaydi.
Ishga kirganlari ham o‘z ustida ishlaydi, sababi u o‘z o‘rnini o‘zidan keyin keladigan biror kishiga berib qo‘yishni xohlamaydi», – deydi Abduvali Xoliqov.
Yoki migrantlik tanlovi...
Yaqindagina bir tanishim Rossiyaga ishlash uchun ketdi. Hozir mamlakatning shaharlaridan uzoq bir nuqtada joylashgan o‘rmonda tashkil qilingan yog‘och ishlab chiqaruvchi korxonada ishlayapti. U – oliy ma'lumotli kadr.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bergan ma'lumotga ko‘ra, 2021 yilning dastlabki 5 oyida 17 350 nafar fuqaro agentlik tomonidan xorijda ishga joylashtirilgan. Ularning aksari Rossiya va Qozog‘istondan ish topgan.
Bu raqamlar agentlik ishga yuborgan migrantlarga tegishli, umumiy hisobda esa chetga ishlash uchun ketganlar bundan karrasiga ko‘proqligi shubhasiz.
«O‘qishga kirmasa, bolaga bosimlar kuchayadi»
Firuz Allayev, Asaxiy.uz loyihasi asoschisi:
— Avvalo, mehnat bozorida ish topish uchun oliy ta'lim olish kerakmi yoki yo‘qmi degan savolga javob bersak. Agar fizik, shifokor, siyosatshunos yoki yurist bo‘lmoqchi bo‘lsangiz, bu kasblarni oliy ma'lumotli bo‘lmasdan egallab bo‘lmaydi. Shuning uchun ham birinchi savolni to‘g‘ri qo‘yish kerak: men tanlayotgan kasbga diplom muhimmi yoki muhim emasmi? Agar muhim bo‘lsa, oliy ta'lim olish kerak.
Lekin ba'zi kasblar, masalan, marketolog uchun uning marketing strategiyasini to‘g‘ri shakllantirib, sotishni tashkil qila olishi diplomidan ko‘ra muhimroq. Yoki dasturchi uchun kerakli kodni yoza olishi diplomdan muhimroq. Biroq kasb malakasiga ega bo‘lish uchun oliy ta'lim shart bo‘lsa, albatta, o‘qish kerak.
Lekin bizda 18 yoshli bola maktabni bitirgandan so‘ng unga yo o‘qishga kir, yoki oilali bo‘lib, biror joyga kirib ishlab pul top, degan bosimlar boshlanadi. Natijada, o‘qishga kirmagan bola katta hayotga tez kirishga majbur bo‘ladi. Oliy ta'limda o‘qiyotgan talabada esa o‘z ustida ishlash uchun 4 yil vaqt bo‘ladi. Shuning uchun dasturchi bo‘lishni xohlagan yosh ham oliy ta'limga kirishi va o‘ziga kerakli malakani boshqa joyda bo‘lsa ham o‘rganishga harakat qilishi mumkin.
Bundan tashqari, oliy ta'lim olish kelajakda mamlakatning elita qatlami bo‘lishga ham yordam beradi. Bu tanish-bilish orttirish, networking qilish imkoniyatini beradi va kelajakda yaxshi hamkorlar topishni anglatadi.
Fikrimcha, tanlangan kasbni egallash uchun diplom majburiy bo‘lsa, oliy ta'lim olish shart. Agar kasb uchun diplom shart bo‘lmasa, uni boshqa usullar bilan ham egallash mumkin. Muhimi – malaka. Sababi diplom bormi yoki yo‘qmi farqi yo‘q, hozir faqat malakali, o‘z kasbida professional bo‘lganlargina yaxshi ish topib, yaxshi yashaydi.
«Muhimi – natija, diplom emas»
Dildora Otajonova, Teodora Goods korxonasi rahbari, Dalatech loyihasi muallifi:
— Men uchun diplom birinchi o‘rinda turmaydi, ishga kirish uchun kelganlarni malakasiga qarab tanlayman. Hatto hozir men bilan ishlayotgan xodimlarning birortasida oliy ma'lumot diplomi yo‘q, lekin ular o‘z ishini yaxshi bajarishyapti.
Xodimlarning malakaga ega bo‘lish uchun qisqa muddatli kurslarga borib, kerakli ko‘nikmani olishlari ham yetarli, menimcha. Muhimi – natija, diplom emas.
«Diplomim bo‘lmagani uchun davlat ishiga kirolmay, xususiy sektordan ish topdim»
Mirolim Isajonov, jurnalist:
— Jamiyatda hali ham diplom malakadan ustun degan qarash bor, deb o‘ylayman. Sababi ko‘pincha davlat tashkilotlariga ishga kirmoqchi bo‘lganlardan uning malakasi, o‘sha kasbga qiziqishidan ham oldin diplomini so‘rashadi. Shu sabab ham odamlarda diplom eng muhimi, degan qarash shakllangan va bu ularning ongostidan o‘chmayapti, deb o‘ylayman. Agar ish joyida xodimlarning qiziqishi va malakalari bilan birinchi navbatda qiziqilsa, ko‘proq foydali bo‘lardi.
Hozir o‘rta maxsus ma'lumotli bo‘lsa-da, bir necha til biladigan, axborot texnologiyalaridan xabardor kadrlar bor. Ular o‘z vaqtida oilaviy sharoiti yoki boshqa sabablar bilan oliy ma'lumot ololmasdan o‘zini ishga urgan. Hozir xususiy sektor bunday kadrlarga ish beryapti. Masalan, o‘zim 2014 yilda OTMga kira olmaganim sabab jurnalistika sohasida ishlay boshlaganman va haligacha oliy o‘quv yurtiga kira olmayman, sababi OTMga kirish uchun alohida tayyorgarlik ko‘rishga imkonim bo‘lmagan. Lekin bundan afsuslanmayman. Hozir o‘z ishimga egaman.
Biroq vaqtida oliy ma'lumot haqidagi diplomim yo‘qligi uchun Andijon viloyat nashrlariga ishga kira olmaganman, shundan so‘ng xususiy tashkilotlarda ishlay boshlaganman.
Kuzatishlarim bo‘yicha davlat tashkilotlarida lavozimning oshishi ham diplomning, magistr darajasining mavjudligiga ko‘proq bog‘liq. Lekin asosiy e'tibor xodimning malakasiga qaratilsa, maqsadga muvofiqroq bo‘lardi.
Maosh miqdori malaka darajasi bilan o‘lchanadi
Malaka shunchalik muhimki, u qancha oylik olishni, qanday muvaffaqiyatga erishishni belgilab beradi.
Masalan, professional shifokor bo‘lsangiz, oilaviy poliklinikadagi juda kam oylikka ishlab o‘tirmaysiz (tibbiyot xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi 2 mln so‘m, ular – eng kam maosh oluvchilar qatorida) xususiy shifoxonalarda ishlashingiz mumkin. Ularda ko‘proq oylik olish va karera qilish imkoni yuqoriroq.
Yoki o‘qituvchi bo‘lsangiz, o‘zingiz alohida o‘quv markazi ochishingiz yoxud shunday markazlardan biriga ishga kirishingiz, xohlaganingizdek dars berishingiz mumkin.
Xullas, izlasa, imkoni topiladi. Faqat kasb tanlashda qiziqishlarga katta ahamiyat berish, ta'lim olishda malakaga ega bo‘lishni asosiy o‘ringa qo‘yish maqsadga muvofiq.
Darvoqe, Senat yalpi majlisida ma'lum qilinishicha, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan yuritiladigan Yagona milliy mehnat tizimida oliy ma'lumot talab etadigan (!) 19 177 ta bo‘sh ish o‘rni uchun 1 mln so‘mgacha, 26 754 ta bo‘sh ish o‘rni uchun 2 mln so‘mgacha maosh taklif etilyapti.
Demak, hozir O‘zbekistonda oliy ma'lumotlilar uchun 46 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rni bor. Lekin Senat bu maosh kontrakt to‘lab o‘qigan bitiruvchilarni qoniqtirmasligini bildirgan. Lekin bunday oylik faqat kontrakt to‘laganlarni emas, grantda o‘qiganlarni ham qoniqtirmaydi.
Xullas, tanlov o‘z qo‘lingizda. Xohlasangiz, yaxshi ta'lim olib (yo OTMda, yoki bevosita ishning o‘zida) o‘zingiz uchun o‘zingiz oylik belgilaydigan darajaga erishing. Agar bunga xohishingiz bo‘lmasa, unda diplomingiz bo‘lsa-bo‘lmasa, sizni 1-2 mln so‘m maoshlik ishlar kutyapti.
Zilola G‘aybullayeva,
jurnalist.