Jizzaxda soxta diplom yasab sotuvchi jinoiy guruh ushlandi

Jamiyat 13:08 / 04.11.2022 16676

Jizzax viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, viloyat IIB uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Sharof Rashidov tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda fuqarolardan biriga diplom yasab berish evaziga undan 500 dollar, pasport va shahodatnoma nusxasini olgan ayol ushlangan. Tadbir davomida tumanning Sug‘diyona mahallasida yashovchi ushbu ayol fuqarodan olgan pulining 100 dollarini o‘zida qoldirib, 400 dollar va hujjatlarni hamkasbiga berishini ma’lum qilgan.

Shundan so‘ng tadbir davom ettirilib, kasb-hunar maktabining mansabdori ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Sharof Rashidov tumanida yashab kelgan ushbu ayol pullar va hujjatlarni Jizzax shahrining Zargarlik mahallasida yashovchi MChJ rahbari bo‘lgan tanishiga bergan vaqtida u ham qo‘lga olingan.

1981 yilda yilda tug‘ilgan MChJ rahbari avval ham jinoyat sodir etgani uchun axloq tuzatish jazosini o‘tayotgani aniqlangan.

Dastlabki surishtiruvda kasb-hunar maktabining ikki nafar mas’uli va MChJ rahbari o‘zaro til biriktirib, 10 kishiga ular o‘qimagan bo‘lsa-da, diplom tayyorlab berishgani aniqlangan.

Ushbu diplomlarning bittasi Jizzax shahar uy-joy kommunal xo‘jaligi, oltitasi Jizzax maishiy xizmat, ikkitasi Jizzax tumani iqtisodiyot, bittasi Jizzax transport va aloqa kasb-hunar kollejlari tomonidan rasmiylashtirilgan.

Qayd etilishicha, hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: