Chexiya bosh vaziri Yevroparlamentni mamlakatning ichki ishlariga aralashishda aybladi

Jahon 09:15 / 12.06.2021 4472

Chexiya bosh vaziri Andrey Babish Yevroparlamentni mamlakatning ichki ishlariga aralashishda aybladi. U bu haqda Twitter sahifasida yozdi.

Babishning so‘zlariga ko‘ra, Yevroparlamentning uni YeI subsidiyalaridan noto‘g‘ri foydalanishda tanqid qilgan rezolyutsiyasi nafaqat unga, balki butun Chexiyaga qarshi qaratilgan. Chexiya bosh vazirining fikricha, hujjat kuzda bo‘lib o‘tadigan saylovlarga ta'sir ko‘rsatishga urinishdan boshqa narsa emas.

Siyosatchi shuningdek, butun boshli rezolyutsiya — yolg‘on, Yevroparlament esa chexlarga ularning bosh vaziri kim bo‘lishi kerakligini o‘rgatishga urinayotganini aytdi.

«Chex Respublikasi Yevropa parlamentining koloniyasi emas», — deb ta'kidladi Babish.

May oxirlarida Praga politsiyasi Babishni Yevroittifoq ajratgan subsidiyalar borasida tovlamachilik qilganlikda ayblashni tavsiya qilgandi. Surishtiruv Babishning qarindoshlariga tegishli Agrofert holdingi tarkibidagi ferma bilan bog‘liq. Ferma ilgari Babishga tegishli bo‘lgan. Agrofert 250dan ortiq kompaniyani birlashtiradi hamda kichik va o‘rta biznes uchun mo‘ljallangan subsidiyalarni olgan. Babish bu ishga aloqadorligini rad etgan.

Ko‘proq yangiliklar: