2 mingta oilaviy nodavlat bog‘chalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi 

O‘zbekiston 12:08 / 12.06.2021 5948

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasi past bo‘lgan 53ta tumanda 2021–2022 yillarda:

  • 2 mingta oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 50 ming nafar tarbiyalanuvchi uchun yangi o‘rinlar yaratiladi;
  • umumiy quvvati 11,2 ming o‘rindan ziyod bo‘lgan 100ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta'lim tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
  • quvvati 7,5 ming o‘ringa teng bo‘lgan 50ta davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti quriladi;
  • davlat va nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish hisobiga ularning soni 20 mingtaga yetkaziladi hamda 7,5 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

2021 yil 1 iyuldan:

  • oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlariga mavjud quvvatiga qarab 50 nafargacha bolani tarbiyalashga hamda tarbiyalanuvchilar sonidan kelib chiqib 4 nafargacha tarbiyachi va yordamchilarni yollashga ruxsat beriladi;
  • oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari tomonidan yollangan (Toshkent shahri, Nukus shahri va viloyatlar markazlarida – 2 nafargacha, boshqa hududlarda – 4 nafargacha) tarbiyachi va yordamchilarga tegishli toifa bo‘yicha qisqa muddatli yoki 9 soatlik davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlarida va hajmlarda ish haqi to‘lanadi;
  • oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari hududiy maktabgacha ta'lim boshqarmalari orqali o‘quv materiallari bilan bepul ta'minlanadi;
  • 2022 yil 1 yanvarga qadar oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlariga mebel, jihoz va asbob-uskunalarni sotib olish uchun 30 million so‘mgacha miqdorda 3 yil muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan 5 foizli stavkada kreditlar ajratiladi.
Ko‘proq yangiliklar: