«Tolibon» Turkiyadan Afg‘onistondagi qo‘shinlarini olib chiqib ketishni talab qildi

Jahon 17:55 / 11.06.2021 11536

"Tolibon" harakati Turkiyadan NATOning boshqa a'zolari kabi Afg‘onistondagi qo‘shinlarini olib chiqib ketishni talab qildi. Bu haqda toliblar rasmiy vakili Suhayl Shahin ma'lum qildi.

"NATO a'zosi bo‘lgan Turkiya biz 2020 yil 29 fevralda AQSh bilan imzolagan kelishuvga muvofiq Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqib ketishi lozim. Turkiya buyuk musulmon mamlakati, Afg‘oniston u bilan tarixiy aloqalarga ega. Kelajakda mamlakatimizda yangi islomiy hukumat tuzilganidan so‘ng u bilan yaqin va yaxshi munosabatlar o‘rnatish umididamiz", deya Shahinning so‘zlaridan iqtibos keltirdi TOLO News telekanali.

Reuters agentligining xabar berishicha, may oyida Anqara NATO Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqib ketganidan so‘ng Kobul aeroportini qo‘riqlash taklifini bergan. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, Afg‘onistondagi Turkiya harbiylari 500 nafarni tashkil etadi.

AQSh aprel oxiridan Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni boshlagandi. AQSh prezidenti Jo Bayden qo‘shinlar Afg‘onistondan 11 sentyabrgacha to‘liq olib chiqilishini aytgan. Biroq ekspertlarning ta'kidlashicha, bu jarayon ancha avval yakunlanishi mumkin.

AQSh qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma'lum qilishicha, Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistondan qo‘shinlarining yarmidan ko‘pini olib chiqib bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: