Jahon | 13:23 / 19.03.2025
10602
5 daqiqa o‘qiladi

Istanbulning muxolifatchi meri Akrom Imomo‘g‘li qo‘lga olindi

U Erdo‘g‘anning prezidentlik saylovlaridagi ehtimoliy raqibi hisoblanadi. Turkiyada ijtimoiy tarmoqlarga kirish cheklangan.

Foto: Getty Images

19 mart kuni Turkiya politsiyasi Istanbul shahri meri, muxolifatdagi Respublika xalq partiyasi (CHP) vakili Akrom Imomo‘g‘lini hibsga oldi, deb xabar bermoqda CNN Turk. Shahar hokimidan tashqari uning matbuot kotibi, shuningdek, shahar ma’muriyatining yana 100 ga yaqin xodimi hibsga olingan.

Mahalliy OAV mer konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, jinoiy tashkilot tuzish va «„Kurdiston ishchilar partiyasi“ga yordam berish»da ayblanmoqda. Associated Press agentligi aniqlik kiritishicha, Imomo‘g‘li tender va shartnomalar bilan bog‘liq, korrupsiyaga qarshi keng ko‘lamli amaliyot doirasida ushlangan.

2019 yildan buyon Istanbul shahri meri hisoblangan siyosatchi hibsga olinishi fonida shaharda bir nechta yo‘l yopildi va to‘rt kun davomida har qanday namoyishlar o‘tkazish taqiqlandi. Shuningdek, NetBlocks monitoring xizmati xabar berishicha, Turkiyada X ijtimoiy tarmog‘i (sobiq tvitter), YouTube, Instagram va TikTok’ga kirish cheklangan.

Bu voqea fonida turk lirasi kursi rekord darajada quladi. Toshkent vaqti bilan soat 12:42 ga kelib lira kursi bir dollar uchun 40,95 liraga tushdi, bu tarixdagi eng past ko‘rsatkich bo‘ldi. Yahoo Finance ma’lumotlariga ko‘ra, valuta keyinchalik biroz pasayib, soat 13:10 ga kelib bir dollar uchun 38,91 liraga teng bo‘lgan.

Sessiya boshida Borsa Istanbul 100 fond indeksi 6,9 foizga tushib ketgan, shu sababli aksiyalar savdosi to‘xtatilgan. Ular tiklanganidan so‘ng indeksning pasayishi 4,6 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, Turkiyaning 10 yillik davlat obligatsiyalarining daromadliligi 175 punktiga – 29,94 foizgacha oshdi. Bu 2025 yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

18 mart kuni Istanbul universiteti Turkiya prokuraturasi so‘roviga ko‘ra Imomo‘g‘lining 1995 yilda olgan diplomi bekor qilinishini ma’lum qildi. Bunga 1990 yilda Kipr shimolidagi xususiy universitetdan Istanbul universitetining biznes boshqaruvi fakultetiga o‘tishida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar sabab qilib ko‘rsatilgan.

Bu ko‘pchilik tomonidan muxolifatchi merning navbatdagi prezidentlik poygasida ishtirok etishiga to‘sqinlik qilish uchun siyosiy sabab sifatida qabul qilindi. Chunki oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom Turkiyadagi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishning majburiy sharti hisoblanadi. Imomo‘g‘li universitet qarorini «yuridik jihatdan asossiz» va «akademik hayotga siyosiy aralashuvning xavotirli belgisi» deb atadi.

53 yoshli siyosatchi qo‘lga olingani haqidagi xabarlardan keyin uning ijtimoiy tarmoqlarda sahifasida shunday matnli post paydo bo‘ldi: «Xalq irodasini qo‘rqitish yoki qonunga xilof xatti-harakatlar bilan bo‘g‘ib bo‘lmaydi. Men nafaqat Istanbulning 16 million aholisiga, balki Turkiyaning 86 million fuqarosiga va butun dunyo bo‘ylab demokratiya hamda adolatni qo‘llab-quvvatlovchi barchaga ishonib, qat’iy turibman. Men asosiy huquq va erkinliklar uchun kurashda qat’iy turaman!»

Avvalroq uning uyida tintuv o‘tkazilgan.

Respublikachilar xalq partiyasi 23 mart kuni Imomo‘g‘li keyingi prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida e’lon qilinadigan qurultoy o‘tkazishni rejalashtirgan edi, deb yozadi AP. Turkiyada prezidentlik saylovlari 2028 yilga belgilangan, ammo muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishi istisno etilmayapti.

2025 yil yanvarida Imomo‘g‘liga nisbatan bir nechta surishtiruvlar, jumladan, tergov, ekspert yoki guvohga ta’sir o‘tkazish bo‘yicha tekshiruvlar boshlangandi.

2024 yilda Turkiyada munitsipal saylovlar bo‘lib o‘tkazilgandi, unda muxolifat nomzodlari Anqara va Istanbulda Erdo‘g‘anning partiyasi nomzodlarini mag‘lub etdi. Turkiya prezidentining Adolat va taraqqiyot partiyasi mahalliy saylovlarda deyarli 20 yil ichida eng yomon natijani qayd etdi.

Mavzuga oid