«Endi mutasaddilar yerni auksionga chiqarishga majbur bo‘ladi» - vazir

O‘zbekiston 22:22 / 11.06.2021 14947

«Ming harakat qilsak ham inson omilini to‘liq yo‘qotib bo‘lmaydi. Biz hammamiz insonmiz-ku, boshqarib boramiz, o‘sha jarayonlarda ishtirok etamiz. Inson omilini 100 foiz ketkazish uchun hamma ketib qolib, quruq yer qolishi kerak.

Inson omilini iloji boricha minimallashtirish, keskin kamaytirish kerak. Auksionlarda shu holat yuz berishi kerak. «Qaysi yer auksionga chiqariladi?» degan savolga javob berishda inson omili qoladi. Bu yerda insonsiz ish qilishning iloji yo‘q, chunki kimdir yerni auksionga chiqarishi kerak.

Buning muammo bo‘lgan joylari ko‘p bo‘lgan, ya'ni ayrim tumanlarda yer auksionga chiqarilmagan. Nimaga? Chunki to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratish imkoni bo‘lganidan keyin, yaxshi yerlar ajratib yuborilgan. «Yoshlar kelajagimiz» dasturiga, mahallaga guzar qurish uchun deyilgan… Lekin mahallada 1 sotix joyga guzar quradi-da, yonidagi 20 sotix chiroyli joyni bervoradi. Shu sababli auksionga yer chiqarish kam bo‘lgan. Yoki hech kim olmaydigan, uzoq joylardagi yerlar auksionga qo‘yilgan, yotibdi olinmasdan…

Masalan, auksionga 26 mingta yer chiqarilgan bo‘lsa, 14 mingtasi sotilgan. Bundan bizga hozirda 270 milliard so‘m pul tushgan, juda katta mablag‘. Oldin u ham tushmagan. Bu 2020 yil 1 yanvardan beri tushgan pullar, yomon emas bu raqamlar.

Bizning taxminga ko‘ra, endi istisnolar qolmagach, mutasaddilar yerni auksionga chiqarishga majbur bo‘ladi. Chunki qani rivojlanish, qani ishchi o‘rni, servis va tadbirkorlar degan talablar bo‘lyapti. Auksionga inson omili bilan yer tanlab chiqarilganidan keyin qolgan ishlarning barchasi 100 foiz avtomatik ravishda amalga oshadi.

Auksionda ishtirok etish ham, hujjatni rasmiylashtirish ham avtomatik bo‘ladi. Hokim yer ajratish bo‘yicha qaror chiqarmaydi, auksion natijasidagi bayonnoma asosida Kadastr agentligi avtomatik ravishda yerni ro‘yxatdan o‘tkazadi», – deydi Davletov.

Kadastr agentligi direktori Fazliddin Umarovning qo‘shimcha qilishicha, yangi ishlab chiqilayotgan ilova orqali endi barcha fuqarolar tomonidan bo‘sh turgan yerlarni auksionga qo‘yish taklifi berilishi mumkin bo‘ladi.

«Taklifni ko‘paytirish maqsadida, biz yerlarning auksionga chiqarilishini tahlil qilib ko‘rdik. 10 mingga yaqin mahallalarni «qizil», «sariq» va «yashil»ga bo‘lib oldik. 50 foiz mahallalarda taklif bo‘lmagan, ya'ni yer auksionga chiqmagan.

Hozir mahallalardagi 15 mingga yaqin auksionga chiqmagan yerlar bo‘yicha zaxira yaratildi. Albatta, bu yerlarni auksionga chiqarishda vazirlik va hududiy tashkilotlar bilan kelishuv jarayoni bor. Bu kelishuvdan keyin, har oyning 5- va 20-sanalarida yer maydonlari auksionga qo‘yiladi. Bu ishimizning natijalarini shu oydan ko‘rsak bo‘ladi.

Hozir biror bo‘sh yerni auksionga chiqarish mumkinligi yoki yo‘qligi haqida ma'lumot yo‘q. Bu borada bizga 1 sentyabrga qadar mobil ilova qilish vazifasi qo‘yilgan. Hozir mutaxassislarni jalb qilib, mobil dasturni ishlab chiqish jarayonidamiz.

Ilova orqali tadbirkor o‘zi ko‘rgan biror yerni tanlab, uning lokatsiyasini yuboradi. Bu ma'lumot Davlat kadastrlar palatasining bazasiga kelib tushadi. U baza orqali bu yer kimgadir tegishli yoki tegishli emasligi, himoya zonasimi yoki unday emasligi haqidagi ma'lumotlar so‘rovchiga yuboriladi. Agar yer maydoni bo‘sh turgan bo‘lsa, u yer bo‘sh turgan yer sifatida hisobga olinib, auksionga chiqarish jarayoni boshlanadi.

Auksionga chiqqach, barcha xohlovchilar unda shaffof tarzda qatnashib, yerni sotib olishlari mumkin bo‘ladi», – deya Kadastr agentligi direktorining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: