Mudofaa vazirligi tilla ruchkalar xaridi bo‘yicha rasmiy izoh berdi

O‘zbekiston 19:09 / 10.06.2021 21528

«Bugun o‘zbek segmentidagi ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarida Mudofaa vazirligi tomonidan xarid qilinishi rejalashtirilgan ruchkalarga oid xabar keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Albatta, fuqarolarimizning soliq to‘lovchi pozitsiyasidan turib bildirayotgan bu kabi fikrlarini hurmat qilamiz va bunga e’tiborsiz emasmiz.

Ma’lumki, keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlar o‘rtasida harbiy va harbiy-texnik sohalardagi hamkorlik rivojlanib, aloqalar tobora kengayib bormoqda. O‘z o‘rnida, ushbu hamkorlik asosini mustahkamlash borasida bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar imzolanyapti.

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va xorijiy davlatlar mudofaa idoralari bilan o‘zaro hamkorlik bitimlari haqidagi muhim hujjatlarni imzolash rasmiy tadbirlarida foydalanib kelingan kanselyariya jihozlarini yangilashga ehtiyoj paydo bo‘lgan va ularning foydalanish muddati yakuniga yetmoqda.

Shu bois kelgusida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi rahbariyati ishtirokidagi xorijlik hamkorlar bilan amalga oshiriladigan protokol tadbirlarini yuqori saviyada tashkillashtirish va Mudofaa vazirligi nufuzini saqlash maqsadida istiqbolda xalqaro miqyosdagi taniqli firmalarning kanselyariya ashyolaridan foydalanish rejalashtirilgan. Ya’ni xalqaro tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi rasmiy vakillari tomonidan foydalanish uchun qo‘llaniladigan ashyolar xalqaro nufuzga loyiq darajada bo‘lishi shart, deya hisoblanadi.

Shu maqsadda mazkur turdagi mahsulotlarni yetkazib beruvchi mahalliy tadbirkorlarning takliflarini o‘rganish uchun vazirlik ishlar boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi tovar xom-ashyo birjasining maxsus axborot portali exarid.uzex.uz saytiga ruchka xarid qilinishi haqidagi e’lon joylashtirildi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, e’londa ko‘rsatilgan narx yakuniy to‘xtam emas, balki bozor qoidalariga ko‘ra tadbirkorlik va mahsulot yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan korxona va tashkilotlarning mahsulot va narxlar bo‘yicha barcha takliflari o‘rganiladi, tanlov asosida yakuniy xulosaga kelinadi. Xuddi shunday talablarga javob bera oladigan boshqa firmalarga tegishli mahsulotlar taklifi ham o‘rganib chiqiladi.

Ijtimoiy tarmoq faollari va davlatimiz budjeti sarfiga befarq bo‘lmagan barcha yurtdoshlarimiz bilishini istardikki, ushbu mahsulot vazirlikning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan xarid qilinishi ko‘zda tutilgan», deyiladi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti ma’lumotida.

Qo‘shimcha qilinishicha, bugungi kunda Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism, muassasa va bo‘linmalar qoshida xo‘jalik hisobida faoliyat yurituvchi ishlab chiqarish korxonalari hamda yordamchi xo‘jaliklar (issiqxona, baliqchilik, asalarichilik, chorvachilik, bog‘dorchilik, ekin maydonlari) mavjud bo‘lib, ular vazirlikning budjetdan tashqari mablag‘larini shakllantiradigan asosiy manbalar hisoblanadi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tomonidan Davlat xaridlari portaliga 30 million so‘mga premium-klassdagi tilla qoplamali 2 dona ruchka sotib olish taklifi joylashtirilgach, ijtimoiy tarmoqda e’tirozlar bildirilgandi.

Vazirlik matbuot xizmati rahbari Bahrom Zulfiqorov esa tanlovga qo‘yilgan ruchkaning ta’rifida va narxida anglashilmovchilik bo‘lgani, aslida tilla rangli ruchkaga buyurtma berilgan bo‘lgan va bu noto‘g‘ri tushunilib, tilla qoplangan ruchkaga buyurtma berib yuborilganini aytgandi.

Vazirlikning rasmiy munosabatida tilla qoplamali ruchka haqidagi gap rad etilmagan, bu shuni anglatadiki, e’lon tilla rangli ruchkalar uchun emas, aynan qimmatbaho ruchkalar sotib olish uchun berilgan.

Ko‘proq yangiliklar: