Mudofaa vazirligi 30 mln so‘mga 2ta «tilla qoplamali ruchka» xaridi bo‘yicha e'lon berdi

O‘zbekiston 14:53 / 10.06.2021 32379

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tomonidan Davlat xaridlari portaliga premium-klassdagi tilla qoplamali 2 dona ruchka sotib olish taklifi joylashtirildi.

Vazirlik ushbu qimmatbaho ruchkalarning har biri uchun 15 million so‘mdan, jami 30 million so‘m taklif qilgan.

9 iyun kuni joylashtirilgan lot uchun takliflar 16 iyunga qadar qabul qilinadi.

Ushbu davlat buyurtmasi e'lon qilinishi bilan jamoatchilikda ushbu qimmat ruchkalarning nima maqsadda ishlatilishi bo‘yicha turli savollar va hashamat uchun budjet mablag‘lari sarflanishi yuzasidan e'tirozlar paydo bo‘la boshladi.

«Har biri 15 milliondan «premium-klassdagi tilla qoplamali» yaxshi ruchka. Mudofaa vazirligiga esa balli!» – deya kinoya qiladi bu holatga birinchi bo‘lib e'tibor qaratgan Kurbanoff.net kanali muallifi.

«15 million so‘mga olingan ruchkani Mudofaa vazirligi qay maqsadlarda ishlatar ekan, qiziq.

Milliardlik shartnomalarga imzo qo‘yishgami? Himoya uchunmi? Yo qarshi hujum taktikasi uchunmi?» – deya savollar qo‘yadi bakiroo.

Kun.uz bu masalada izoh olish uchun Mudofaa vazirligi axborot xizmati rahbari Bahrom Zulfiqorov bilan bog‘landi. Uning ma'lum qilishicha, davlat xaridi bo‘yicha tanlov vazirlikning Ishlar boshqarmasi tomonidan e'lon qilingan bo‘lib, tanlovga qo‘yilgan ruchkaning ta'rifida va narxida anglashilmovchilik bo‘lgan. Ya'ni aslida tilla rangli ruchkaga buyurtma berilgan bo‘lgan va bu noto‘g‘ri tushunilib, tilla qoplangan ruchkaga buyurtma berib yuborilgan va 15 mln so‘mlik narx ham shunga monand taxminan belgilangan.

Bahrom Zulfiqorov vazirlik 15 mln so‘mga tilla ruchka olishday dabdabaga o‘ch emasligini ta'kidlab, anglashilmovchilikka tez orada chek qo‘yilishini bildirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, tilla rangli ruchkalardan vazirlikning xalqaro munosabatlar doirasidagi tadbirlarida foydalanish mo‘ljallangan va bunday ruchkalar narxi bozorda 100 ming so‘m ham turmaydi.

Vazirlik buyurtmasida aynan qaysi brendning tilla qoplamali ruchkalari nazarda tutilganiga aniqlik kiritmagan. Internet do‘konlarida dunyoning eng mashhur brendlarining (Parker, Cross, Waterman) tilla qoplamali ruchkalari narxi 50-55 dollardan 100-110 dollargacha turganini ko‘rish mumkin. Lotda esa tilla qoplamali ruchka uchun 1500 dollarga yaqin narx taklif etilgandi.

 

Ko‘proq yangiliklar: