«Kafka ham xijolat!» - Yangiyo‘l tumani soliq inspeksiyasi mantiqsizlik bilan qurollanib, fermerlarni «o‘ldirmoqchi»

Iqtisodiyot 11:00 / 10.06.2021 42217

Bir yoqda jamiyatda byurokratizm va hujjatbozlikka qarshi kurashilayotgan paytda ba'zi joylarda ba'zi idoralar xodimlari nafaqat bu ikki illat, balki mumtoz asarlar qahramonlarinida dog‘da qoldiruvchi hiylakorliklar bo‘yicha «master-klass» o‘tishyapti. Bu yerda eng e'tiborlisi – mazkur xodimlarning har qanday mantiqiy hadlarni kiprik qoqmay buzib o‘tishi!

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani soliq inspeksiyasi tomonidan shu kunlarda fermerlarga yuborilgan xabarnomalar bunga bir misol bo‘la oladi. Tumandagi yuzlab fermerlarga qo‘shimcha soliqlarni to‘lash zarurligi to‘g‘risida deyarli bir xil (hujjatlarning tuzilishi bo‘yicha) «baxt xatlari» yuborilib, katta miqdorda qo‘shimcha hisoblangan soliqlarni to‘lash talab etilgan.

Mana shunday xabarnomalardan bittasi:

Bu esa «samarasiz» deb topilgan va «qo‘shimcha soliq»qa tortilayotgan xo‘jaliklarning kichik bir qismi:

Kun.uz Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi (CED) direktori Yuliy Yusupovning ushbu holatga nisbatan fikr-mulohazalari bilan qiziqdi. Mutaxassis Yangiyo‘lda ro‘y berayotgan holat oldida nur va zulmatni mavhumlik holatida tasvirlay olgan buyuk adib Frans Kafkaning mantig‘i ham ojiz qolishi haqida gapirdi...

Normativlar, xususiy tadbirkorlik tamoyillari va ilmiy-texnik taraqqiyot standartlari haqida

92 gektar yer maydoniga ega bo‘lgan bir fermerga yuborilgan xabarnomada qayd etilishicha, xo‘jalikning ushbu turi va hajmida 104 nafar ishchi yollanishi kerak ekan. Shuningdek, sug‘oriladigan yer maydoni uchun suvni iste'mol qilish me'yorlari mavjud: 92 gektar maydon uchun 822,1 kub / m.

Ko‘rinib turibdiki, yuqoridagi hujjatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ayrim turlarini ishlab chiqarishda korxonalar tomonidan sarflanadigan taxminiy o‘rtacha xarajatlar miqdori ko‘rsatilgan. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, ushbu standartlar majburiy emas va majburiy bo‘lishi mumkin ham emas. Bular, asosan, ishlab chiqarish jarayonini rejalashtirishda foydali bo‘lgan maslahatlargina, xolos. Masalan, agar guruch yoki pomidor yetishtirmoqchi bo‘lsangiz, bu kabi qo‘llanmalar sizga qancha ishchi yollashingiz, o‘g‘itlar miqdori, yer maydoni, suv sarfi va hokazolarni to‘g‘ri hisoblashda yordam beradi. Ammo siz ushbu resurslardan foydalanishga majbursiz degani emas.

Bunday standartlar majburiy bo‘lishi mumkin emas, chunki bu quyidagilarga zid keladi:

a) xususiy tadbirkorlik tamoyillari (tadbirkor qancha va qanday resurslardan foydalanishini o‘zi hal qiladi);

b) zamonaviy ilmiy-texnik taraqqiyotning amaliyotga tatbiq etilishi (yangi texnologiyalar xarajatlar tarkibini tubdan o‘zgartirishi mumkin, masalan, tomchilatib sug‘orish suv sarfini keskin kamaytiradi, mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish esa – ishchilar sonini).

Shuning uchun 92 gektar maydonda kamida 104 kishi ishlashi kerakligi va aynan 822 kub/m suv ishlatilishi haqidagi gaplar mutlaqo bema'nilikdir.

Shunga ko‘ra, yollanmagan ishchilar va aslida foydalanilmagan suvga indikativ standartlarni hisobga olgan holda soliqlarni qayta hisoblash – mantiqsizlik.

Suv miqdorini hisoblash hisoblagichlarning ko‘rsatkichlari bo‘yicha yoki (hisoblagich mavjud bo‘lmaganda) turli ekinlar tomonidan suv iste'mol qilish me'yorlariga muvofiq amalga oshirilishi mumkin.

Dehqonlarning ta'kidlashicha, suv kerakli hajmda yetkazib berilmagan. Shuning o‘zi dehqonlarga zarar yetkazgan. Endi esa «o‘lganning ustidan tepgan» qilib soliq inspeksiyasi yetkazib berilmagan suv uchun pul to‘lashni talab qilmoqda.

Soliq idorasining mazkur harakatlari – qaroqchilik

Xabarnomadagi bug‘doy va paxtani sotishdan tushgan mablag‘ni qayta hisob-kitob qilish talabi yanada kulgili va bema'nidir. Ushbu talabning vahshiyligi shundan iboratki, bug‘doy va paxta majburiy ekinlar bo‘lib, uni dehqonlar belgilangan narxlarda davlatga sotishlari shart. Ushbu narxlar bozor narxlariga nisbatan ancha pastdir (fermerlarning ta'kidlashicha, o‘tgan yil bu ko‘rsatkich bozor narxining yarmini tashkil qilgan).

Ya'ni davlat mazkur holatda birato‘la:

- fermerlarni ma'lum ekinlarni yetishtirishga majbur qilyapti;

- yetishtirgan hosilini majburiy ravishda arzon narxlarda sotib olyapti;

- va nihoyat (Yangiyo‘l tumani soliq inspeksiyasi «jonbozligi» bilan) fermerlardan shu tarzda olib qo‘yilgan mahsulotlarga o‘z bilganicha soliq belgilayapti.

Iqtisodchi shundoq ham majburan olib qo‘yilgan mol-mulk uchun soliq undirishni ochiqchasiga qaroqchilik sifatida baholamoqda.

Yangiyo‘l tumani soliq inspeksiyasi va fermerlar o‘rtasidagi ushbu holat yuzasidan Kun.uz o‘z surishtiruvini boshladi. Surishtiruv davomida soliq idorasining mazkur harakatlaridan norozi bo‘layotgan fermerlar va Yangiyo‘l tuman soliq inspeksiyasi mas'ullarining izohlari, shuningdek, mutaxassis-ekspertlarning fikrlari bilan tanishasiz.

Keyingi voqealar rivojini rasmiy sahifalarimiz orqali kuzatib boring.

Ko‘proq yangiliklar: