So‘nggi 15 yilda sug‘oriladigan yerlar aholi jon boshiga 24 foizga kamaygan – Adliya vaziri

O‘zbekiston 15:20 / 09.06.2021 5042

«Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi yerini tadbirkorga ajratish mumkin emas. Sug‘oriladigan yerlar faqat prezident qarori asosida berilishi kerak.

Nima qiladi – toifani ham almashtirib qo‘yadi. «Bu yerni qishloq xo‘jaligidan noqishloq xo‘jaligi yeriga o‘tkazamiz», deydi-da, bitta qaror bilan yer toifasini almashtirib, keyin berib yuboradi», – deydi Ruslan Davletov.

Vazir shunga o‘xshash «tirqish»lar farmon bilan yopilayotganini hamda sug‘oriladigan yerni ajratishni prezident darajasiga olib chiqish orqali ushbu toifa yerlarni saqlab qolish mo‘ljallanayotganini bildirdi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, respublikada oxirgi 15 yilda sug‘oriladigan yerlar aholi jon boshiga 24 foizga kamaygan, ya'ni avval bir kishiga 0,23 ga yer to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 0,16 gani tashkil etadi.

Ma'lumot uchun, yuqoridagi farmon bilan mahalliy davlat hokimiyati organlarining sug‘oriladigan yerlarni sug‘orilmaydigan yerlar toifasiga yoki boshqa yer toifasiga, sug‘orilmaydigan qishloq xo‘jaligi yerlarini boshqa yer toifasiga o‘tkazish vakolatlari hamda bu bo‘yicha qaror, farmoyish yoki boshqa turdagi hujjat qabul qilish huquqi 2021 yil 1 avgustdan bekor qilinmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: