Qadimiy hududning yangi davrdagi muammolari. Nega hanuz Falastin davlati tashkil etilmagan?

Jahon 21:01 / 07.06.2021 25655

Bu nafaqat Isroil, balki Yaqin Sharq uchun ham katta yangilikdir: ultrao‘ng qarashlarga ega Binyamin Netanyahuning 15 yillik (1996-1999 va 2009-2021) boshqaruvi davrida Ariel Sharonning falastinliklar bilan chegarani delimitatsiya qilish tashabbuslari qariyb yo‘q qilindi va unutildi. Iordan daryosining g‘arbiy sohilidagi yahudiy manzilgohlari Falastin hududiga ancha kirib bordi. Ikki millat uchun ikki davlat qurish konsepsiyasi haqida 2014 yildan beri churq etilmaydi.

Albatta, hozir hokimiyat tepasiga so‘l liberallar kelib, barchasini birdaniga o‘zgartirib tashlaydi deb o‘ylash soddalik bo‘ladi. Bosh vazirlikni dastlabki ikki yilda rotatsiya bo‘yicha «Yamina» partiyasi yetakchisi Naftali Bennet egallaydi. U mo‘'tadil koalitsiyaga g‘oyaviy hamfikr bo‘lgani uchun emas, Netanyahuni ag‘darish uchun qo‘shilgan.

Falastin-Isroil masalalarini hal qilish bo‘yicha jarayon 1993 yildayoq yo‘lga qo‘yilgan, lekin shu vaqtgacha birorta ham hukumat, hatto mo‘'tadillari ham eng birlamchi kelishuvlardan nariga o‘ta olishmagan.

O‘rtakashlar noravomi?

Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish jarayoni 30 yil ilgari AQSh ishtirokida amalga oshirila boshlangan, o‘shandan buyon rasmiy Vashington asosiy o‘rtakash rolini o‘ynab keladi. AQSh rasman Yevroittifoq, Rossiya va BMT bilan bir qatorda Yaqin Sharq masalasi bo‘yicha kvartetga kirsa-da, amalda bu funksiyani mustaqil ravishda bajarib kelyapti.

Jarayon boshlanishi haqidagi ilk kelishuvga 1993 yil 9 senyabrda Osloda imzo chekilgan va bir necha kun o‘tib Vashingtonda, Oq uy hovlisida Bill Klinton ishtirokida «Prinsiplar haqidagi deklaratsiya» bilan mustahkamlab qo‘yilgan.

Vashingtondagi bu tarixiy kelishuvdan ikki yil o‘tib Isroil bosh vaziri Itsxak Rabin tinchlik bo‘yicha tashabbusi tufayli ultrao‘ng fanatik yahudiy tomonidan o‘ldiriladi

O‘shanda tomonlar bir-biriga xavfsizlikni ta'minlash, Quddusning maqomi va boshqa munozarali hududlar bo‘yicha kelishuvga erishish hamda falastinlik qochqinlar muammosini aqalli qisman hal qilishga va'da berishadi. Bularga erishishga besh yil kerak bo‘lishi ko‘zda tutilgandi.

Oradan deyarli 30 yil o‘tdi, biroq hech narsa o‘zgargani yo‘q. Yaqin Sharq masalasi Amerika diplomatiyasining eng yorqin muvaffaqiyatsizliklaridan biriga aylandi.

«Vashington oramizdagi muammolardan biridir, uning yechimi emas», degandi 2019 yil BBC bilan suhbatda Soib Urayqot. U uzoq yillar davomida falastinliklar tomonidan kelishuv jarayoniga boshchilik qilgan.

G‘arbdagi ko‘plab mutaxassislar uning fikriga qo‘shiladi. Falastin-Isroil muammosi AQShning respublikachi va demokrat siyosatchilari birdamlik ko‘rsatadigan kam sonli masalalardan biridir. AQShning shu vaqtgacha hokimiyatda bo‘lgan barcha ma'muriyatlari Isroil tomon bo‘lib kelgan.

AQShning tashqi siyosati bo‘yicha Karnegi Aaron fondi mutaxassisi Devid Miller Oq uy faqat uch martagina Yaqin Sharq masalasini hal qilish bo‘yicha sezilarli qadam tashlaganini eslatadi – 1973-75, 1978-79 va 1991 yillar. Uch safar ham amerikaliklar barcha taraflarning manfaatlarini hisobga olishgan.

«Yechim AQShning xatti-harakatlari taraflarning barchasida birdek ishonch uyg‘ota olishida. Qiyin masalalarni hal qilishda bemalol birga bo‘lish mumkin bo‘lgan xolis o‘rtakash obro‘yini qaytarish zarur», deb hisoblaydi Miller.

Ekspertning fikricha, Donald Tramp ma'muriyati kutilganning aksini qilgan – Isroilning advokati bo‘lib olgan.

Tramp ma'muriyati hududning boshqa tomonlari bilan bir necha tarixiy kelishuvlarga erishgan, biroq Falastin-Isroil masalasiga kelganda falastinliklar ishtirokisiz avvaldan tayyorlab qo‘yilgan rejani taqdim qilgandi.

Economist nashrning fikricha, AQShning yangi prezidenti Jo Bayden Yaqin Sharqni o‘z prioritetlari qatorida ko‘rmayotgani haqidagi signallarni beryapti, xolos.

Quddusni bo‘lib olish

Yahudiylar uchun muqaddas hisoblangan Yig‘i devori musulmonlarning Al Aqso masjididan bir necha qadam narida. Tomonlardan hech biri Sharqiy Quddus uchun da'vosidan voz kechmaydi.

Hatto Falastin davlati qurilishi g‘oyasini qo‘llab-quvvatlovchi eng liberal isroilliklar ham Quddus taqdiri borasidagi savollarni yechimi yo‘q deb tan oladi.

Isroil birlashgan Quddusning to‘la suverenitetini talab qilsa, falastinliklar 1967 yilgi urush mobaynida Isroil tomonidan bosib olingan shaharning qadimiy qismi bo‘lgan sharqiy Quddusni so‘rashadi.

Sharqiy qismdagi Muqaddas tog‘da yahudiylar va musulmonlarning asosiy ibodatxonalari joylashgan – Yig‘i devori va Masjid-ul Aqso (Islom dinida ahamiyati jihatidan Makka va Madinadagi masjidlardan keyingi o‘rinda turadi).

Falastinliklar shaharga da'vosidan avvalo diniy e'tiqod tufayli voz kechmaydi. Isroilning esa, Iordan daryosining g‘arbiy sohilida 700 ming aholisi yashaydigan manzilgohlari mavjud bo‘lib, ularning 200 ming nafari bevosita Quddus yaqinida istiqomat qiladi.

Dastlabki kelishuvlarga ko‘ra, Falastin davlati barpo etilgach, bu manzilgohlarning bir nechtasi Isroil ixtiyorida qoladi. Isroil uchun Quddus nafaqat tarixiy-diniy balki, xavfsizlik masalasi nazorati uchun ham kerak.

Iordan vodiysidagi arab va yahudiy chegarasidagi ramziy belgilar

«Bu ikki davlatning eski paradigmalariga yopishishda davom etayotganlar bizga sharqiy Quddus va G‘arbiy sohilda 700 ming aholi yashaydigan joy ikki millat o‘rtasida qanday bo‘linishini tushuntirib berishlari lozim bo‘ladi», dedi Iordaniya sobiq tashqi ishlar vaziri Marvon Muashshir o‘tgan hafta Karnegi fondi tinchlik uchun tashkillashtirgan forumda.

BMT Bosh assambleyasining 1947 yilda qabul qilgan rezolyutsiyasiga ko‘ra, Quddusga maxsus xalqaro maqom berib, uni BMT boshqaruviga topshirish nazarda tutilgandi. 2009 yilda esa BMT bosh kotibi Pan Gi Mun Quddusni ikkala davlatning poytaxti sifatida e'lon qilish taklifini berdi. Ikki variantning birortasini ham tomonlar jiddiy qabul qilishmayapti.

Falastinlik qochoqlar muammosi

1949 yilda, 9 yoshligida oilasi bilan Tel-Avivga yondosh shahar Raffadan Suriyaga ketgan Rahma Abdul Qodir pasportini ko‘rsatmoqda. Rahma butun umrini falastinlik qochqin maqomida Damashqda o‘tkazdi.

Falastinlik qochoqlarning ilk to‘lqini yangi barpo etilgan Isroilni 1948 yilda tark etgan. Gap taxminan million kishi haqida boradi.

Ularning bir qismi sionistik davlat sarhadlarida yashashdan bosh tortib, ixtiyoriy ketgan bo‘lsa, bir qismi o‘sha yili mustaqillik uchun bo‘lgan urush davrida qochgan, yana bir qismi esa, mamlakat ichida Isroilga qarshi faoliyat yuritgan deya bahona bilan majburiy ko‘chirilgan.

Qochoqlarning ikkinchi to‘lqini Isroilni 1967 yildagi «olti kunlik urush»dan keyin tark etgan. Qochoqlarning ayrimlari falastinlik arablar uchun ajratilgan hududlarga o‘rnashgan bo‘lsa, ba'zilari Suriya, Livan va Iordaniyaga qochishgan. Bugungi kunda BMT ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda 4,7 million falastinlik qochoq mavjud. Bu maqom avloddan avlodga o‘tib kelyapti.

Qochoqlarning ajdodlar uyiga qaytish huquqi – Falastin tomonining har qanday muzokaralarda qo‘yadigan asosiy shartlaridan biridir. Biroq Isroilda bu shartni davlatni arablashtirish tomon qo‘yilgan qadam deb bilishadi va unga hech bir hukumat rozi bo‘lmaydi – na o‘nglar va na so‘llar.

FATH va HAMAS o‘rtasidagi kelishmovchilik

G‘azo sektori HAMASni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Falastin parlamentiga saylovlar qoldirilganidan keyin Jyebaliya shahrida tashkilot tarafdorlari ommaviy namoyishlar o‘tkazishdi.

Falastin muxtoriyatining siyosiy tizimidagi bo‘linish 2006 yilda ro‘y beradi. O‘sha yilgi parlament saylovida kutilmaganda HAMAS ko‘pchilik ovoz olib g‘olib chiqadi. Bungacha, 2000-2005 yillardagi Ikkinchi Intifadadan keyin Isroil G‘azo sektoridan aholisi va qo‘shinlarini olib chiqib, hududni HAMASga qoldirgandi va tashkilot mavqeyi kuchayib ketgandi.

Xalqaro hamjamiyat Mahmud Abbos va uning FATH partiyasi Falastinning yagona legitim hukumati deb tan oladi, 1987-1993 yillardagi Birinchi Intifada davrida paydo bo‘lgan HAMAS tashkiloti 1995 yilda AQSh, 2002 yilda Kanada, 2003 yilda AQSh bosimi ostida Yevropa Ittifoqi tomonidan terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga qo‘shilgan. 

Mahmud Abbos barcha falastinliklar nomidan gapirish imkoniyatini boy bergan. HAMAS G‘azo sektorida hokimiyatni qo‘lga olgach, FATHning boshqaruv lavozimlarida faoliyat yuritadigan tarafdorlarini quvib chiqara boshlagan. Ish shunchalikka borib yetganki, G‘arbiy sohildan kelgan delegatsiyalarga G‘azoga kirishni taqiqlab ham qo‘yishgan.

Iordanning g‘arbiy sohilidagi Falastin muxtoriyati rahbari Mahmud Abbos 2006 yildayoq G‘azo sektori ustidan nazoratni yo‘qotgandi

O‘shandan buyon ikki kuchning munosabatlari bir necha bosqichni bosib o‘tdi – ochiqchasiga dushmanlikdan tortib to sulhga bo‘lgan zaif harakatlargacha. 2014 yilga kelibgina yagona milliy hukumat tuzilgan. Mahmud Abbos ham, HAMAS yetakchisi Ismoli Xoniya ham bu kelishmovchiliklarni xolis samimiy bartaraf etish emas, shunchaki shartnoma ekanini yashirmagan.

O‘sha kunlarda Mahmud Abbos AQSh Bosh kotibi Jon Kerriga qo‘ng‘iroq qilib, o‘ylab ko‘rish uchun salkam yalinib yolvorgan. Kerri HAMAS ishtirokida hukumat shakllantirish tinchlik jarayonini kunpayakun qilishga teng ekanini aytib ogohlantirgan. Chunki Isroil radikallar bilan muzokaralar stoliga o‘tirmaydi.

Shunday ham bo‘ldi. Isroil va Falastin muxtoriyati o‘rtasidagi so‘nggi bevosita muzokaralar o‘sha 2014 yilda bo‘lib o‘tgan va «ikki millat uchun ikki davlat» konsepsiyasi shu kungacha boshqa muhokama qilinmadi.

FATH esa, hatto o‘z hududida ham pozitsiyalarni boy beryapti. Iordanning G‘arbiy sohilida yashovchi yoshlarning aksari borgan sari HAMASni ko‘proq qo‘llab-quvvatlashyapti. Ularning nazarida passiv Abbos fonida HAMAS ularning manfaatlarini himoya qiluvchi yagona kuch bo‘lib ko‘rinyapti.

Tomonlar buni istashmayapti

Ushbu suratdagi falastinlik bo‘ynidagi kabi Isroil davlati konturlari shaklidagi Falastin bayrog‘i - Falastin ozodlik harakatining eng keng tarqalgan ramzlaridan biri. Ko‘pchilik mustaqil Falastin davlatini Isroil bilan yonma-yon emas, balki uning o‘rnida ko‘rishni xohlaydi.

Ziddiyatning ikki tarafida turgan siyosatchilar uchun tinchlik jarayoni tinchlik konsepsiyasining o‘rnini egallab bo‘lgan. Muammo yechimidan bir qadam berida turish – qulay pozitsiya. Bu pozitsiya saylovoldi shiorlarida chiroyli ko‘rinadi, lekin shoshilish shart emas. Axir oxirgi qadam obdan o‘ylab olinishi shart.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu mamlakatni 12 yildan beri uzluksiz boshqaradi, Falastin muxtoriyati rahbari Mahmud Abbos esa, hukumat tepasiga 16 yil muqaddam kelgan.

Isroil siyosatining asosini tashkil qiluvchi partiyalar so‘nggi yillarda yoki ikki davlat uchun alohida davlat tuzish konsepsiyasiga qarshi yo unga mutlaqo loqayd. Netanyahu ham muzokaralarni qaytadan boshlash borasida ichkaridan hech qanday bosim his qilgani yo‘q.

Tinchlik jarayonini davom ettirish tarafdori bo‘lgan «Avoda» ultraso‘l partiyasi esa, Knessetda atigi yetti o‘ringa ega va amalda ovoz berish huquqi yo‘q. Solishtirish uchun – 1993 yilda Osloda kelishuv imzolanganda «Avoda»da 44 mandat bor edi.

Isroildagi alohida guruhlarning hisoblashicha, Netanyahu Abbos bilan muzokaralarni qaytadan yo‘lga qo‘yishni reja ham qilmagan va shu yo‘lda HAMAS bilan kelishmovchilikni qo‘llab-quvvatlab keladi.

Biroq so‘l-markazchilar hukumat tepasiga kelgach, mutlaqo boshqacha pozitsiyada turishlari ham qiyin masala. Hatto mo‘'tadil isroilliklar ham Oslodagi kelishuv imzolanganidan 30 yil o‘tsa-da Falastin tomoni asosiy shartlarni bajarmagan deb hisoblaydi. Busiz esa, muzokaralarni davom ettirishdan ma'no yo‘q – axir ular Isroilning mavjud bo‘lish huquqini tan olishmagan.

Turli harbiylashgan tashkilotlar birlashmasi bo‘lmish Falastin xalq qarshilik qo‘mitasining jangchilari tinchlik muzokaralariga qarshi chiqishadi. Ular Isroil davlatini butunlay yakson qilishni maqsad qilishgan.

Tinchlik jarayoniga Falastin tomonining munosabatiga kelsak, HAMAS guruhi muzokaralar jarayonining birinchi bosqichidan ko‘p o‘tmay vujudga kelgan – 1987 yil.

Turli davrlarda uni Suriya, Turkiya, Eron, Qatar va Saudiya moliyalashtirib kelgan. Ayrim ma'lumotlarga qaraganda, HAMAS Erondan yiliga 100 million dollargacha mablag‘ olib turgan.

Falastin muxtoriyatining rasmiy hukumati 2006 yilda to u rasmiy hukumatga aylanmagunicha HAMASni tiyib turish uchun hech qanday chora ko‘rmagan.

Sektorning ikki millionga yaqin aholisi ushbu guruhni o‘ziga rahbar etib tanlagan. Guruhning shiori - «Falastinni dengizdan Iordan daryosigacha ozod qilamiz». Xaritaga ko‘z yugurtirib, gap Isroil davlatini yo‘q qilish haqida ketayotganini tushunish qiyin emas.

O‘zgarishlar kutilgan ko‘p yillar asta-sekin har ikki tarafni ham apatiya yoki umidsizlik sari yetaklayapti. Economist nashri ma'lumotlariga ko‘ra, shu yilning mart oyida o‘tkazilgan so‘rovda falastinliklarning 40 foizigina ikki davlatning birgalikda mavjud bo‘lish konsepsiyasini qo‘llab-quvvatlashgan. Bu ko‘rsatkich 2016 yilda 51 foiz, 2011 yilda esa 56 foizni tashkil qilgandi.

O‘tgan yilgi ma'lumotlarga ko‘ra, Isroilda bu ko‘rsatkich 2016 yilgi 53 foizdan 42 foizga tushib ketgan. Isroil arablari orasida besh yil avval bu g‘oyani 82 foiz odam qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 59 foiz.

Mutaxassislar bugun voqealar rivoji bo‘yicha ikki xil ssenariyni ko‘rishmoqda. Boshi berk bo‘lsa-da eng yaxshisi – status-kvo holatini saqlab qolish.

Eng yomoni – «bir davlat – ikki tizim» modelini yaratish. Bu variantni agar Isroil hukumatiga so‘l-markazchilar kelsagina amalga oshirish mumkin. Lekin bu ham uning ijrosini ta'minlashga kafolat emas.

«Vaziyat aperteid deb ataladigan boshqa tomonga og‘ib ketishi ham mumkin. Ko‘pchilik u bor deb aytyapti, lekin unda qonuniylashtiriladi, xolos. «Ikki millat uchun ikki davlat» eng yaxshi variant, biroq buni endi amalga oshirishning imkoni bo‘lmasa kerak», deydi International Crisis Group’ning Yaqin Sharq bo‘yicha mutaxassisi Yost Hilterman.

«Hatto bu tarafda bu yo‘nalish bo‘yicha qadam tashlashga tayyor odamlar bo‘lgan taqdirda ham, Falastin tomonidan jarayonni qo‘llab-quvvatlovchi kim bo‘ladi, degan savol paydo bo‘ladi», deydi isroillik siyosatshunos Tal Shnayder.

Ziddiyatning bahosi qancha?

HAMAS va Isroilning so‘nggi qurolli to‘qnashuvi G‘azo sektorining infratuzilmasi uchun oxirgi yillardagi eng talafotlisi bo‘ldi. Falastin tomoni hisob-kitoblariga ko‘ra, infratuzilmani tiklash uchun kamida 10 yil muddat va o‘rtacha 250 million dollar kerak bo‘ladi.

Falastin sanoat federatsiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, energiya va suv ta'minoti kanallari sezilarli darajada shikastlangan. 18 zavod va fabrika vayron bo‘lgan, ularning sakkiztasini tiklab bo‘lmaydi. Yuzlab kishilar ishsiz qolgan. Shuningdek, minglab uy-joy, tijorat va jamoat binolari shikastlangan yoki vayron bo‘lgan.

Bu G‘azodagi plastik quvurlar ishlab chiqarilgan zavod xarobalari

Isroilning ta'kidlashicha, HAMAS o‘z obektlarini atayin aholi zich joylashgan hududlarga yashirib, G‘azo infratuzilmasini xavf ostiga qo‘ymoqda.

G‘azoning zararlari doim donor mamlakatlar tomonidan qoplab kelingan. Ular asosan Misr va Qatar. O‘tgan hafta Yaqin Sharqqa tashrif buyurgan AQSh bosh kotibi Entoni Blinken Kongress ham G‘azo sektori zaruratlari uchun 75 million dollar ajratishini ma'lum qildi.

G‘azo sektoridagi ziddiyat ortidan gumanitar yordam sifatida milliardlab dollar kelib tushgan (alohida davlatlarning terrorchi guruhlarni moliyalashtirishini hisobga olmaganda). Biroq jahon hamjamiyatining toqati va hamyoni o‘lchovsiz emas va Isroildagi hukumat o‘zgarganidan foydalanib, tomonlarni «ikki millat uchun ikki davlat» konsepsiyasi muhokamasiga qaytarishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: