Boltiq dengizida NATOning katta ko‘lamli harbiy-dengiz mashg‘ulotlari boshlandi

Jahon 21:13 / 06.06.2021 10561

Hammasi bo‘lib mashg‘ulotlarda 40ta kema, 60ta samolyot va vertolyot hamda 4 ming harbiy ishtirok etadi. Ular davomida havo hujumiga qarshi mudofaa, minalar va kemalarga qarshi kurash hamda Litva sohilida desant tashlash mashqlari sayqallanadi.   

Mashg‘ulotlarga qo‘mondonlik qilayotgan AQSh harbiy-dengiz kuchlari 6-tezkor floti qo‘mondoni vitse-admiral Jin Blekning ta'kidlashicha, “joriy yilda NATO o‘zaro harakatlanishi negizini tashkil qiluvchi Baltops mashg‘ulotlari 50 yilligi nishonlanadi”.

Mashg‘ulotlar ikki bosqichda o‘tkaziladi. Dastlabki 6 kun davomida kemalar, samolyotlar va vertolyotlar Daniya bo‘g‘ozlari hududida o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajaradi. So‘ngra mashg‘ulotlar Boltiq sharqiga ko‘chadi. 

Mashg‘ulotlar boshqaruvi AQSh 6-tezkor flotining Mount Whitney kemasidan amalga oshiriladi.

Avvalroq Baltops’da ishtirok etish uchun Boltiq dengiziga AQShning Roosevelt raketa esminetsi kirgandi.

Baltops mashg‘ulotlari 1971 yildan beri muntazam ravishda o‘tkazib kelinadi.

Ko‘proq yangiliklar: