Yil oxirigacha 70ta imkoniyati cheklangan bolalar bog‘chasi maxsus uskunalar bilan jihozlanadi – Maktabgacha ta'lim vazirligi

Jamiyat 14:31 / 04.06.2021 3778

3 may kuni Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta'lim tashkilotlariga maxsus uskunalar tarqatildi. Ular ichida imkoniyati cheklangan bolalar uchun ortopedik yurish trenajyorlari, bolalarda sezuvchanlikni rivojlantiradigan rangli to‘p bilan to‘ldirilgan quruq hovuz, bolalar uchun massaj va gimnastika matraslari bor.

"Maktabgacha ta'lim yoshidagi bolada muayyan rivojlanish kasalliklari bo‘lsa, bu bolaga kompleks tarzda yordam berish kerak. MTTga tarqatilgan uskunalar, ya'ni korreksion, pedagogik va reabilitatsiya moslamalari yordamida buning imkoni tug‘ildi. Ya'ni, endi imkoniyati cheklangan bolaga MTTda ham yordam ko‘rsatilib, ahvoli yaxshilanishiga ko‘maklashish mumkin”, dedi Maktabgacha ta'lim vazirligi bolalar salomatligi, sog‘lom ovqatlantirishni ta'minlash va ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Umida Muhiddinova.

Qayd etilishicha, “Toshkent shahrida korreksion-pedagogik va reabilitatsiya uskunalari bilan jihozlangan davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan MTTlarini tashkil qilish dasturi”ning 1-bosqichi 2021 yil martda o‘tkazilgan. Unda Toshkent shahridagi 17ta ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan MTTga zamonaviy asbob-uskuna, didaktik material, maxsus o‘yinchoqlar yetkazilgan.

Umida Muhiddinovaning ma'lum qilishicha, keyingi bosqichlarda Toshkent shahridagi davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan MTTni maxsus uskunalar bilan jihozlash rejalashtirilgan. Mamlakat bo‘yicha 70ta ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta'lim tashkilotlari yil oxirigacha maxsus jihozlar bilan to‘ldirilishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: