O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, bir necha yildan buyon yuqorida ko‘rsatilgan jinoiy harakatlarni amalga oshirib kelayotgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, 2021 yilning 1 iyun kuni fuqaro A.A.X. o‘z jinoiy faoliyatini davom ettirayotgan paytda ushlanib, uning yonidan bir dona sovuq qurol, jabrdiyda fuqarolardan o‘g‘irlangan bank plastik kartalari va mobil aloqa kompaniyalarining bir nechta sim kartalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Aniqlanishicha, fuqaro A.A.X. internetdagi e'lonlar sayti orqali poytaxt markazida joylashgan xonadonlardan birini ijaraga beraman, deb e'lon joylashtirgan. Arzon narxdagi barcha qulayliklarga ega bo‘lgan xonadon viloyatlardan kelgan ijarada yashovchilarning e'tiborini o‘ziga qaratgan.
Unga telefon orqali aloqaga chiqqan fuqarolarga o‘zini harbiy xizmatchi deb tanishtirib, hozirda boshqa viloyatda ekanini va xizmat safaridan 2-3 kunda poytaxtga qaytgach, ijaraga oluvchiga xonadonni ko‘rsatishini, boshqa odamga ijaraga bermaslik uchun esa oldindan plastik kartasiga pul o‘tkazib berishi kerakligini aytgan.
Shu tariqa, fuqaro A.A.X. o‘ziga tegishli bo‘lmagan bir nechta plastik kartalarga pul mablag‘larini o‘tkazib olgan zahoti mijozlar bilan aloqani uzgan.
Fuqaro A.A.X. ushbu uslub bilan poytaxtda ijaraga xonadon olmoqchi bo‘lgan 100 nafardan ortiq fuqaroning har biridan 200 ming so‘mdan 2 mln so‘mgacha, bir yil davomida jami 80 mln so‘mdan ortiq miqdordagi mablag‘ini noqonuniy yo‘llar bilan talon-toroj qilgan.
Hozirda fuqaro A.A.X. qo‘lga olinib, unga nisbatan tegishi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, shuningdek fuqaro A.A.X.ning jinoiy sheriklarini aniqlash yuzasidan surishtiruv va tergov harakatlari davom ettirilmoqda.