Erta turmushga berilgan ayollarning yarmidan ko‘pi o‘qishini davom ettirmagan - tadqiqot

Jamiyat 21:29 / 03.06.2021 13350

«Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti erta nikoh va erta tug‘uruq sabablarini aniqlash bo‘yicha sotsiologik tadqiqot o‘tkazdi. Bu haqda institut direktori o‘rinbosari Hamid Abdurahmonov 3 iyun kungi brifingda ma'lum qildi.

Tadqiqot erta nikoh va erta tug‘uruq holatlari eng ko‘p qayd etilayotgan hududlar – Samarqand viloyatining Urgut va Samarqand tumanlari hamda Samarqand shahrida, 2021 yil fevral oyida o‘tkazilgan.

Unda erta turmush qurgan va erta tug‘uruqni boshidan kechirgan 250 nafar o‘smir qiz va yosh kelinlar ishtirok etgan.

Erta nikoh sababchisi – ota-onalar

Natijalarga ko‘ra, erta turmushga chiqqan kelinlarning 70 foizi erta nikohning asosiy sababchisi sifatida ota-ona va oila a'zolarini ko‘rsatgan.

26 foiz ishtirokchi erta turmush qurganini sevgi-muhabbat bilan izohlagan. 3,4 foizi bu homila bilan bog‘liq bo‘lganini, 1,5 foizi esa yosh erga tegishiga diniy qarashlari sabab bo‘lganini bildirgan.

«Erta turmush qurish oqibatida 38,2 foiz o‘smir qizlarning sog‘lig‘i, 22,9 foizida ota-onasi va boshqa oila a'zolari bilan munosabatlar yomonlashgan.

25,2 foizi iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan. Shuningdek, 9 foiz holatda erta turmush kelinning yaqin do‘stlari bilan aloqalari uzilishiga olib kelgan», – dedi Hamid Abdurahmonov 3 iyun kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda.

Yosh turmushga chiqqanlarning katta qismi to‘ydan keyin o‘qishini davom ettirmagan

Uning so‘zlariga ko‘ra, erta turmush qurish yoshida o‘smirlar maktab, kollej yoki litseyda o‘qiyotgan bo‘ladi, shundan kelib chiqib, respondentlarga «Oila qurganingizdan keyin o‘qishingizni davom ettirdingizmi?» degan savol berilgan.

Savolga javoban, bor-yo‘g‘i 37,6 foiz yosh kelin to‘ydan keyin o‘qishini davom ettirganini ma'lum qilgan. Respondentlarning 25,6 foizi o‘qishni davom ettirishga eri ruxsat bermaganini, 17,1 foizi o‘qishni davom ettirishni o‘zi xohlamaganini, 13,3 foizi esa o‘qishiga qaynona/qaynotasi qarshi bo‘lganini aytgan.

Yosh erga tekkan kelinlarning 13 foizi homiladorlik va tug‘uruq davrida zarur tibbiy yordamni umuman olmagan

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, 41,6 foiz respondent homiladorlik va tug‘uruqdan keyingi davrda zarur tibbiy yordamni to‘liq olgan. Ammo jami respondentlarning 12,7 foizi tibbiy yordamni to‘liq olmagani, 25,1 foizi esa zaruriy darajada olmaganini bildirgan.

7,2 foiz respondent tibbiy yordamga ko‘p mablag‘ sarflashga to‘g‘ri kelganini ta'kidlagan.

To‘rtta hududda chuqurlashtirilgan tadqiqotlar o‘tkaziladi

Brifingda aytilishicha, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi mazkur tadqiqotga katta qiziqish bildirgan. 2021 yil iyun-iyul oylarida Aholishunoslik jamg‘armasi bilan hamkorlikda erta nikoh va erta tug‘uruq holatlari ko‘p kuzatilayotgan Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari, Namangan va Toshkent shahrida chuqurlashtirilgan sotsiologik tadqiqot o‘tkazish rejalashtirilgan.

Tadqiqot natijalari asosida tahliliy ma'lumotnoma tayyorlanib, Oliy Majlis Senati va Samarqand viloyati hokimligiga taqdim etilgan.

Eng ko‘p erta nikoh – Samarqand va Qashqadaryoda

Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda 88 ta erta nikoh holati qayd etilgan. Tahlillar o‘tgan yilga nisbatan erta nikohlar sonining 97 foizga kamayganini ko‘rsatgan.

Buning asosiy sabablaridan biri – 2019 yil 1 sentyabrdan erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshi (18 yosh) tenglashtirilganidir. Faqat tuman/shahar hokimi nikoh yoshini 1 yilga kamaytirishga ruxsat bergan holatlardagina nikohlar FHDYo bo‘limlarida qayd etgan.

Biroq, «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot institutiga ko‘ra, aslida aksariyat holatlarda erta nikohlar yashirin tusga ega.

«Tahlillar erta nikoh holatlari asosan Urgut, Samarqand, Past Darg‘om, Kattaqo‘rg‘on, Denov, Shahrixon tumanlari, Namangan, Samarqand va Andijon shaharlarida ko‘p qayd etilganini ko‘rsatdi.

2020 yilda 1044 ta erta tug‘uruq holati qayd etilgan bo‘lib, 2019 yilga nisbatan 12,7 foizga kamaygan. Ammo hududlar kesimida tahlil qilinganda, erta tug‘uruqlarning qariyb yarmi, ya'ni 43,1 foizi Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari ulushiga to‘g‘ri keladi», – dedi institut direktori o‘rinbosari Hamid Abdurahmonov.

Ko‘proq yangiliklar: