O‘zbekistonda minimal iste'mol xarajatlari miqdori belgilandi. Buning ahamiyati nimada?

Iqtisodiyot 17:54 / 01.06.2021 14536

Minimal iste'mol xarajatlari – moddiy va boshqa ijtimoiy yordamga muhtoj aholining maqsadli guruhini aniqlash mezoni.

Bu orqali kambag‘allik chegarasi belgilanadi. Moddiy imkoniyati shu chegaraga yetmagan yoki undan past uy xo‘jaliklariga davlat tomonidan moddiy va ijtimoiy ko‘mak beriladi.

O‘rganishlar natijasida O‘zbekistonda minimal iste'mol xarajatlari bir oyda kishi boshiga 440 ming so‘mni tashkil etishi ma'lum qilindi.

Bunda masalan, 5 kishidan iborat oilaning bir oylik xarajatlari 2 mln 200 ming so‘mga to‘g‘ri keladi. Ya'ni o‘sha oilaning oylik iste'mol xarajatlari mana shu mablag‘dan kam bo‘lsa, uni 2 mln 200 ming so‘m miqdoriga yetkazish davlat e'tiboridagi masalaga aylanadi.

Rasmiylarga ko‘ra, kam daromadli xonadonlarda kishi boshiga kunlik iste'mol qilinadigan oziq-ovqat 2200 kilokaloriya bo‘lishi kerak. Buning minimal miqdori esa jon boshiga oyiga 295 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 39-moddasiga asosan, pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qo‘yilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz bo‘lishi mumkin emas.

Shu asosda hozir ayrim fuqarolarga ijtimoiy nafaqalar yoki pensiya miqdori 440 ming so‘mdan kam to‘lanayotgan bo‘lsa, endilikda ular shu miqdorga yetkazilishi kutilmoqda.

Minimal iste'mol xarajatlari qanday hisoblanadi?

Bugungi kunda minimal iste'mol xarajatlari qiymatidan Argentina, Armaniston, Vetnam, Gruziya, Moldova, Mo‘g‘uliston, Malayziya, Pokiston, Tojikiston, Xitoy va Qirg‘izistonda foydalanib kelinmoqda.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga ko‘ra, minimal iste'mol xarajatlarini hisoblash bir nechta bosqichlarda amalga oshiriladi.

Dastlab, kam daromali uy xo‘jaliklari o‘rtasida minimal iste'mol xarajatlari qancha miqdordaligi to‘g‘risida so‘rov o‘tkaziladi, aholi jon boshiga jami iste'mol xarajatlari o‘rtacha respublika narxlarida aniqlanadi. So‘ngra bir kishi iste'mol qilgan 1 kkal narxi aniqlanadi va uy xo‘jaliklari 10 foizlik guruhlarga (detsil) ajratiladi.

Birinchi 3 ta detsil minimal xarajatlarni hisoblash uchun referent guruh sifatida ajratib olinadi. Referent guruhdagi har bir uy xo‘jaligining Engel koeffitsiyenti va minimal oziq-ovqat xarajatlar qiymati aniqlanadi. Mazkur ikki qiymat yig‘indisi orqali minimal iste'mol xarajatlari miqdori aniqlanadi.

Yuqorida qayd etilganidek, dastlabki bosqichda O‘zbekistonda Jahon banki ko‘magi bilan 5 400ta uy xo‘jaliklari o‘rtasida so‘rov o‘tkazilgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, kam daromadli uy xo‘jaliklarining minimal iste'mol xarajatlari hajmi bir oyda kishi boshiga 440 ming so‘mdan to‘g‘ri kelishi belgilandi. Buning 67 foizini, ya'ni 295 ming so‘mini oziq-ovqat xarajatlari tashkil etadi.

Minimal iste'mol xarajatlari va yashash minimumida qanday farqi bor?

Bu ikki tushunchadan bir xil ma'noda foydalanish holatlari uchrab turadi. Aslida ularda ayrim farqlar bor.

Xususan, minimal iste'mol xarajatlari aholining kambag‘al qatlami real iste'molidan kelib chiqib, statistik usulda hisoblanadi. Bunda iste'mol tarkibining o‘zgarishi to‘liq inobatga olinadi va uy xo‘jaliklari so‘rovi ma'lumotlar bazasidan foydalaniladi.

Yashash minimumi esa me'yoriy statistik usulda hisoblanadi. Mazkur o‘lchovda iste'mol tarkibining o‘zgarishini inobatga olish darajasi past bo‘ladi. Mutaxassislar yordamida tuzilgan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari hamda xizmat turlari me'yorlari orqali ma'lumotlar bazasi shakllanadi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining bildirishicha, minimal iste'mol xarajatlarini hisoblash uchun Jahon banki ko‘magi bilan respublikadagi 5 400ta oilada so‘rovnoma o‘tkazilgan. Natijada eng kamxarj oilalar aniqlanib, minimal iste'mol xarajatlarini belgilash uchun shu oilalarning talab va ehtiyojlari asos qilib olingan.

Minimal iste'mol xarajatlari pensiya tizimiga qanday ta'sir qiladi?

Bugungi kunda yoshga doir eng kam pensiya miqdori 513 350 so‘m, staji to‘liq bo‘lmagan fuqarolar pensiyasi esa 256 ming so‘m qilib belgilangan.

Ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga 315 030 so‘m nafaqa puli to‘lanadi.

Endilikda Konstitutsiyaning 39-moddasi talabiga binoan, pensiya va nafaqalarning eng kam miqdori minimal iste'mol xarajatlari qiymatiga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

Ko‘proq yangiliklar: