«Har olti oiladan bittasi ijtimoiy nafaqa shaklida davlatdan yordam olmoqda» - Moliya vaziri o‘rinbosari

Iqtisodiyot 12:53 / 01.06.2021 10269

Moliya vaziri o‘rinbosarining ta'kidlashicha, ayni paytda davlatdan ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar soni 1 million 260 mingtani tashkil etmoqda.

O‘zbekistonda minimal iste'mol xarajatlari qiymatining dastlabki hisob-kitoblari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida moliya vaziri o‘rinbosari Jamshid Abruyev respublika miqyosida kam ta'minlangan oilalarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy yordam masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

«2015 yilda davlat budjetidan ijtimoiy himoya uchun ajratilayotgan mablag‘lar miqdori Yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmiga nisbatan ulushda 0,7 foizni tashkil etgan. 2020 yilda esa ushbu ko‘rsatkich 1,4 foizga yetdi, ya'ni davlat budjetidan ijtimoiy himoya sohasiga sarflanayotgan mablag‘lar 2 baravar oshganini kuzatishimiz mumkin.

Masalan, o‘sha kam ta'minlangan oilalarga beriladigan nafaqalarga qaytadigan bo‘lsak, 2020 yilning boshida ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar soni 560 mingtani tashkil etardi. Bugungi kunda ularning soni 1 million 260 mingtaga yetdi. Bu degani respublika miqyosida har olti oiladan bittasi, chekkaroq hududlarda esa har to‘rt oiladan bittasi ijtimoiy nafaqa shaklida davlatdan ko‘mak olib turibdi», deya ta'kidladi Jamshid Abruyev.

Avvalroq, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov olti kishilik oila bir oyda eng kamida 2 million 640 ming so‘m daromad olishi kerakligi haqida aytib o‘tgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston aholisining minimal iste'mol xarajatlari miqdori dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, kishi boshiga bir oyda 440 ming so‘m etib belgilandi.

Ko‘proq yangiliklar: