Yiliga 800ga yaqin bolada saraton aniqlanadi. Sabablar va unga qarshi kurash haqida

Jamiyat 19:10 / 31.05.2021 13695

Dunyoda har yili 300 ming bolada onkologik va gematologik xastalik tashxisi aniqlanadi. Ularning uchdan bir qismi hayotdan ko‘z yumadi. Bu kasalliklar bolalar o‘limiga sabab bo‘lish bo‘yicha ikkinchi o‘rinda (birinchi o‘rinda - jarohatlar) turadi.

2020 yilda O‘zbekistonda 884 nafar bolada saraton kasalligi, 402 nafar bolada esa gemotologik kasalliklar qayd etilgan. 4 505 nafar bola saraton, 2 396 nafar bola qon kasalliklari bo‘yicha dispanser hisobida turadi. Onkologik kasalliklar strukturasida bolalar onkologiyasi 3,7 foizni, leykozlar 19,1 foizni, bosh miya va orqa miya o‘smalari 17,5 foizni, buyrak o‘smalari 7,6 foizni, suyak, bo‘g‘im xavfli o‘smalari 5,6 foizni tashkil etadi. Eng achinarlisi, bolalarda saraton kasalligi kattalarnikiga nisbatan harakatchanroq bo‘ladi.

O‘zbekistonda har yili 800 nafar atrofidagi bolalar saraton kasalligiga chalinadi. Ularning 30 foizigina davolanish hamda tuzalib ketish imkoniyatiga ega. Ba'zi rivojlangan mamlakatlarda onkologik xastalikka duchor bo‘lgan bolalarning 80 foizi davolanadi, o‘rta va kam daromadli mamlakatlarda esa bu ko‘rsatkich 15 foizdan 45 foizgachani tashkil etishi taxmin qilinadi. Bolalarning saratonga chalinishi nimadan kelib chiqishi mumkin? Bu ko‘pchilikni o‘ylantiradigan savol hisoblanadi.

Bolalar milliy tibbiyot markazi gematologiya va onkologiya bo‘limi mudiri Kamol Iskandarov bolalarda onkologik xastaliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ladigan omillarni sanab o‘tdi.

«Bolalarda onkologik kasalliklar yuzaga kelishiga asosan, homiladorlik vaqtida onaning har xil kasalliklarga chalinishi, radiatsiya, kanserogen mahsulotlar iste'mol kilish, mashinalar va zavodlardan chiqayotgan karbonat angidrid, stress holatlar, bolalarning surunkali kasalliklar bilan og‘rigani sabab bo‘lishi mumkin.

Kundan kunga buzilayotgan ekologik muhit ham kasallik ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Bu omillar tufayli hujayralarning DNK zanjirida mutatsiya kuzatiladi va hujayraning o‘zgarishiga olib keladi.

Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda onkologik kasalliklarda yashash ko‘rsatkichi 30 foizdan kam. Dunyo reytingiga ko‘ra, onkologik kasallikdan tuzalish 70-80 foizdan yuqori. Ayrim nozologiyalarda yashash ko‘rsatkichi 95 foizga teng», deydi u.

Saratonning barcha turlarida kasallikka qarshi kurashishning eng samarali usuli – tezkor aniqlash. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, buyrak saratonining 1-bosqichida kasallik aniqlansa, 10 bemordan 9 nafari yashab ketadi. Bu kasallikning o‘z vaqtida aniqlanishi bemorlarning 50 foizi hayoti saqlab qolinishiga sabab bo‘ladi. Ammo respublika viloyatlarida erta tashxis qo‘yish uchun asbob-uskunalar, laboratoriya jihozlari yetarli bo‘lmagani sabab kasallikni 1-bosqichda aniqlash imkoniyati yo‘q edi. Bemor poytaxtga yetib kelguniga qadar esa kasallik 3-4 bosqichlarga o‘tib ketishi mumkin.

2021 yilda bolalar onkologiyasi yo‘nalishida keskin o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. Jumladan, Bolalar milliy tibbiyot markazida umumlashtirilgan gemato-onkologiya bo‘limi tashkil etildi.

Shu yilning 14 may kuni Shavkat Mirziyoyevning Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlariga tashriflaridan so‘ng prezidentning «Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorga binoan, Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi o‘z faoliyatini Toshkent shahri Chilonzor tumani, Arnasoy ko‘chasida yangi barpo etilgan tibbiyot muassasasida ilg‘or xorijiy tibbiyot muassasalarining tajribasidan kelib chiqqan holda davom ettiradi.

Bundan tashqari, xorijiy ekspertlar va yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari ishtirokida Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi faoliyatini tashkil etiladi.

Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida, keyinchalik esa Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida ilik ko‘chirish operatsiyasi yo‘lga qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz, onkologiya yordamini takomillashtirish va onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun davlat budjetidan 2021 yilda qo‘shimcha 60 mlrd so‘m, 2022 yildan boshlab esa yiliga 125 mlrd so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda pul ajratiladi.

Ko‘proq yangiliklar: