Kun.uz 29 may kuni «Toshkentda sog‘lom homila tug‘uruqxonada nobud bo‘ldi. Shifokorlar pul berilmagani uchun beparvo bo‘lganmi?» sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qildi.
Unda, Yashnobod tumanida yashovchi ayolning homilasi I.Irgashev nomli 4-son shahar klinik shifoxonasi tug‘uruq bo‘limida nobud bo‘lgani, shu vaqtga qadar ayol ham, homila ham sog‘lom bo‘lgani, bola o‘limiga shifokorlarning mas'uliyatsizligi sabab bo‘lishi mumkinligi haqida hikoya qilinadi.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov holat yuzasidan Kun.uz'ga qo‘shimcha ma'lumot taqdim etdi.
Unga ko‘ra, Yashnobod tuman prokuraturasi holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda.
«Fuqaro B.T.Boqiyev tuman IIO FMBga ariza bilan murojaat qilib, nevarasi shifokorlarning e'tiborsizligi, o‘z vaqtida va lozim bo‘lgan tibbiy yordamni ko‘rsatmagani natijasida nobud bo‘lganini bayon qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 11.09.2017 yildagi 139-sonli buyrug‘i 3.3-bandida tug‘uruqxonalarda ona va bola o‘limi, shuningdek bir yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limining har bir holati bo‘yicha tibbiyot xodimlarining harakatlariga tegishli huquqiy baho berilishi lozimligi qayd qilingan.
Ushbu buyruq talablaridan kelib chiqib, go‘dakning o‘limi sabablarini o‘rganish yuzasidan uning yashash joyidagi hududiy oilaviy poliklinika va I.Irgashev nomli 4-son ShKSh tug‘uruq bo‘limi mas'ul xodimlariga nisbatan keng qamrovli xizmat tekshiruvi o‘tkazilishini tashkillashtirish yuzasidan 26.05.2021 yilda Toshkent shahar sog‘liqni saqlash Bosh boshqarmasiga taqdimnoma kiritilgan.
Bundan tashqari, go‘dakning o‘limi sabablarini aniqlash uchun sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlanib, ijro qilish uchun sud-tibbiy Byurosi Toshkent shahar filiali ekspertlari zimmasiga topshirilgan.
Mazkur holat yuzasidan hozirda tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda, natijasi haqida qo‘shimcha axborot berilishi ta'minlanadi», – deyiladi munosabatda.