O‘zbekiston aholisining minimal iste’mol xarajatlari qiymati e’lon qilindi

Iqtisodiyot 12:43 / 31.05.2021 44971

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov O‘zbekiston aholisining minimal iste’mol xarajatlari miqdorini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, mazkur hisob O‘zbekiston iqtisodiy bloki, Jahon banki va boshqa bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Minimal iste’mol xarajatlarini hisoblash uchun tajriba sifatida Jahon banki ko‘magida 2020 yilda respublikaning barcha hududlaridan tanlab olingan 5 400 ta uy xo‘jaliklarida so‘rovnoma o‘tkazilgan. Bunda so‘rovnomada ishtirok etgan uy xo‘jaliklari xarajatlari miqdori bo‘yicha o‘nta guruhga ajratilib, ushbu oilalar orasidan eng kam xarajat (daromad)ga ega bo‘lgan 30 foiz uy xo‘jaliklari ajratib olingan.

«Dastlabki hisob kitoblarga ko‘ra, kam daromadli aholining jami xarajatlari uchun oyiga kishi boshiga 440 ming so‘m kerak bo‘ladi. Bu miqdor kambag‘allik chegarasini aniqlashda muhim hisoblanadi. Hozirga qadar kambag‘allik chegarasi real ko‘rsatgichlarga asoslanmagan edi.  Endilikda shu qiymat orqali kambag‘allikka qarshi kurashishda bu chegaradan foydalanamiz. MIX aholiga moddiy-ijtimoiy yordam berishda, pensiya va nafaqalari tayinlashda yaxshi samara beradi», dedi vazir o‘rinbosari.

So‘rovnoma natijasida olingan ma’lumotlar asosida mazkur oilalarda jon boshiga kunlik iste’mol qilinadigan oziq-ovqat (2200 kilokaloriya) va zarur bo‘lgan nooziq-ovqat tovarlar hamda xizmatlar uchun minimal iste’mol xarajatlar bir oyda kishi boshiga (2021 yildagi narxlar o‘zgarishini inobatga olgan holda) kamida 440 ming so‘mni tashkil etishi hisob-kitob qilingan. Ayni damda, minimal oziq-ovqat xarajatlari miqdori esa kishi boshiga bir oyda 295 ming so‘mni tashkil qilgan.

Hisoblangan minimal iste’mol xarajatlarining jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulotga nisbati (YaIM) 26,8 foiz bo‘lib, mazkur ko‘rsatkich rivojlanayotgan mamlakatlarda asosan 4-20 foizni tashkil etadi.

«Minimal iste’mol xarajatlarini hisoblash tajribasini yakuniga yetkazish maqsadida 2021 yilda Davlat statistika qo‘mitasi Jahon banki bilan birga 10 mingta uy xo‘jaliklarida so‘rovnoma o‘tkazmoqda. Mazkur so‘rovnomalar natijasidan kelib chiqib, joriy yil yakuniga qadar minimal iste’mol xarajatlarni hisoblash metodologiyasini tasdiqlash va uni qayta hisoblangan miqdorini e’lon qilish ko‘zda tutilmoqda», deyiladi vazirlik axborotida.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil dekabrda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi O‘zbekistonda iste’mol savatining miqdori bir kishi uchun taxminan 2,15 million so‘mni tashkil qilishini ma’lum qilgandi. 

Ko‘proq yangiliklar: