«Olti kishilik oila bir kunda kamida 100 ming so‘m daromad ko‘rishi kerak» - Ilhom Norqulov

Iqtisodiyot 21:46 / 31.05.2021 15984

O‘zbekistonda minimal iste'mol xarajatlari qiymatining dastlabki hisob-kitoblari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov hayotiy misollar orqali bu masalaga izoh berib o‘tdi.

«Biz faqat Toshkent shahri, viloyat yoki alohida katta tuman markazlarigina emas, balki chekka tumanlarda ham o‘rganish ishlarini olib bordik.

Masalan, olti kishilik oilani oladigan bo‘lsak, xususan, ota-ona va to‘rt nafar farzand. Bu oila uchun oy davomida 2 million 640 ming so‘m minimal iste'mol xarajati miqdori hisoblanadi. Ko‘p holatlarda bunday oilalarda faqat bir kishi, ya'ni ota ishlaydi. Oy davomida erkak kishi kamida 3-4 kun farzandlarining oldida bo‘lishi kerakligi va dam olishini inobatga oladigan bo‘lsak, bunday oilalarda kunlik daromad 100 ming so‘mni tashkil etishi kerak.

Bu bugun e'lon qilingan minimal iste'mol xarajatlarining kishi boshiga miqdori, 440 ming so‘m bazasida hisoblangan ko‘rsatkich. Yoki besh kishilik, 3 nafar farzandli oilani inobatga olsak, bu yerda kunlik daromad kamida 80—90 ming so‘m atrofida bo‘lishi lozim», deya ta'kidladi Ilhom Norqulov.

Avvalroq, O‘zbekiston aholisining minimal iste'mol xarajatlari miqdori dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, kishi boshiga bir oyda 440 ming so‘m etib belgilangani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: