Buxoroda muhtoj insonning plastik kartasiga yig‘ilgan xayriya pullarini o‘margan firibgarga jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.
Jondor tumani IIbning ma'lum qilishicha, joriy yil 9 aprel kuni noma'lum shaxs Jondor tumani Obod mahallasida yashovchi, H.Sh. ismli betob shaxsning nomiga rasmiylashtirilgan bank plastik kartasiga xayriya qilgan. So‘ng, plastik kartada mavjud bo‘lgan pullarni aldov yo‘li orqali qo‘lga kiritish uchun yanada ko‘proq miqdordagi pullarni xayriya qilishni va'da berib, aldov yo‘li bilan kartaning maxfiy kodi va raqamlarini bilib olgan. Keyin, kartaga yig‘ilgan 1 million 34 ming so‘m xayriya pullarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan noma'lum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov hamda tezkor surishtiruv harakatlari olib borilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha viloyat IIB hamda Jondor tumani IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv davomida ushbu jinoyatni Jizzax viloyati Paxtakor tumanida yashovchi, 2003 yilda tug‘ilgan, 18 yoshli N.Sh. ismli shaxs sodir qilganligi aniqlangan.
Ta'kidlanishicha, hozirda ushbu shaxsning boshqa fuqarolarga ham xuddi shu kabi yoki virtual jinoyatlarning boshqa turlari bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir qilgan qilmaganligini aniqlash yuzasidan qo‘shimcha tergov hamda tezkor surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.