Antimonopoliya qo‘mitasi tomonidan Qashqadaryoda tanlov savdolarida uch nafar aka-uka qatnashgani aniqlandi

Jamiyat 16:22 / 31.05.2021 755

Qashqadaryo viloyatida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining Qarshi shahar bo‘limi tomonidan Davlat xaridlari bo‘yicha qiymati 632,891 million so‘mlik tanlov savdolari Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi tomonidan bekor qilish ko‘rsatmasi berildi. Bu haqda Qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining Qashqadaryo viloyat Qarshi shahar bo‘limi tomonidan Davlat xaridlari bo‘yicha qiymati 632,891 million so‘mlik «Ravoq» MFY binosini joriy ta'mirlash bo‘yicha 2021 yil 21 aprelda e'lon berilgan.

4 may kuni mazkur ish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov savdolariga ishtirokchilar taqdim etgan hujjatlari o‘rganib chiqilganda, Adliya vazirligi tomonidan 2018 yil 26 may kuni ro‘yxatdan o‘tkazilgan «Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom»ning 75-77 va 94-95-bandlarida belgilangan talablar mazkur tanlov ishtirokchilari bo‘lgan «BEKAMIR» MChJ, «RO‘ZIMBEK QURILISH» va «ASADBEK FAYZ BARAKA» MChJlar tomonidan taqdim etilmagani va Qarshi shahar bo‘limida tanlov ishtirokchilarining takliflarini ro‘yxatga olish kitobiga kiritilmagani aniqlandi.

Shu bilan birga «BEKAMIR» MChJ tomonidan 632,750 million so‘m, «RO‘ZIMBEK QURILISH» MChJ tomonidan 632,850 million so‘m va »ASADBEK FAYZ BARAKA” MChJ tomonidan 632,800 million so‘mlik tijorat takliflari berilgan. Ishtirokchilarning takliflarini baholash mezonlari uchun zarur bo‘lgan boshqa tanlov hujjatlari to‘liq taqdim etilmagan.

Shuningdek, tanlov savdosida ishtirok etgan 3 ta xo‘jalik yurituvchi sub'yektlardan «BEKAMIR» MChJ rahbari Asadov Lazizjon Jonuzoqovich, ta'sischilar ro‘yxatida 100 foiz ulushi borligi, «RO‘ZIMBEK QURILISH» MChJ rahbari Asadov Mirg‘olib Jonuzoqovich, ta'sischilar ro‘yxatida 10 foiz ulushi borligi, «ASADBEK FAYZ BARAKA» MChJ rahbari Asadov Lazizjon Jonuzoqovich, ta'sischilar ro‘yxatida Asadov Mirg‘olib Jonuzoqovich 88 foiz va Asadov Azizjon Jonuzoqovich 12 foiz ulushi borligi ma'lum bo‘lgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, Asadov Lazizjon Jonuzoqovich, Asadov Mirg‘olib Jonuzoqovich va Asadov Azizjon Jonuzoqovich yaqin qarindosh (ya'ni aka-uka) ekanligi aniqlangan.

Ushbu holatlar, «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 5-moddasi «Shaxslar guruhi» (shaxslar guruhiga tovar yoki moliya bozorining yagona sub'yekti sifatida qaraladi) va ushbu qonunning 14-moddasi (savdolar o‘tkazishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibini buzish)dagi tanlov (tender) savdolarini o‘tkazishda raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar hisoblanadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, Antimonopoliya qo‘mitasi Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi maxsus komissiyasi tomonidan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining Qarshi shahar bo‘limi o‘tkazgan tanlov savdolari va tuzilgan shartnomalarni o‘n kun muddatda bekor qilish hamda tanlov savdolarini qayta o‘tkazish ko‘rsatmasi berilgan.

Ko‘proq yangiliklar: