Ma'lum qilinishicha, 28 may kuni soat 19:00larda M34 Toshkent–Dushanbe xalqaro avtomobil yo‘lining Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani «Yangihayot» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tgan 136-kilometrdagi qismiga tutash bo‘lgan yer maydonidan 100 foiz kuyib ketgan inson jasadi topilgan.
Qayd etilishicha, mazkur jasad Toshkent shahri Uchtepa tumanida yashovchi 1974 yilda tug‘ilgan shaxsga tegishli bo‘lib, jasadda qotillik alomatlari bo‘lgan.
Sudga oid tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limi tanasining 100 foiz kuyishi oqibatida kelib chiqqani aniqlangan.
Mazkur qotillik ishi yuzasidan 28 may kuni Mirzaobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «j» bandi (o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda Sirdaryo viloyati prokuraturasi va Ichki ishlar boshqarmasining malakali xodimlaridan iborat tezkor-tergov guruhi tomonidan jinoyatni fosh etish choralari ko‘rilmoqda.