Davlat ishtirokidagi korxonalar soni 4 yilda 75 foizga qisqartiriladi. Xususiylashtirish nega kerak?

Iqtisodiyot 16:23 / 30.05.2021 17889

Davlat ulushidagi mulklar, korxonalar nega xususiylashtiriladi, buning iqtisodiy o‘sishga ta’siri qanday, degan savol oxirgi paytlarda yirik davlat korxonalari sotila boshlagani bois ko‘proq yangramoqda.

Mavzu markazidagi munozarali masala esa – O‘zbekiston bu borada yetarli tajribaga ega emasligi va sotuvlar shaffofligiga ishonch pastligi bilan bog‘liq.

Qancha davlat aktivlari xususiylashtiriladi?

Davaktiv agentligi ayni paytda O‘zbekistonda davlat ishtirokidagi korxonalar soni 2 ming 541ta ekani, shulardan yarmi (1 ming 210ta) unitar korxona shaklida tashkil qilinganini ochiqladi. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, 2021–2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyada 4 yil ichida davlat ishtirokidagi korxonalar soni 75 foizga qisqartirilishi belgilangan.

Xususan, shu yil oxiriga qadar 550dan ortiq davlat aktivlari, jumladan, Toshkent shahridagi «Poytaxt» biznes markazi, «Malika» savdo markazi, «Ichan qal’a» mehmonxonasi va ma’muriy majmualar, bir necha bank, yirik mulk komplekslari sotilishi kutilmoqda.

2020 yildagi prezident farmonida davlatga tegishli 479ta korxona va 15ta ko‘chmas mulk savdolarga qo‘yilishi, 62ta korxona xususiylashtirishga tayyorlanishi, 32ta korxona va tarmoq transformatsiya qilinishi va 507ta bozor faoliyati takomillashtirilishi belgilangan. Bundan tashqari, ilgarigi qarorlarda ko‘rsatilgan 386ta hamda sotish vakolati hokimlarga berilgan 559ta obekt savdolarga chiqariladi.

Xususiylashtirish nega kerak?

Davlat korxonalarini xususiylashtirish iqtisodiyot rivojlanishiga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatishi jahon tajribasidan ma’lum. Ayni paytda davlatning yirik korxonalarga egalik qilish ko‘rsatkichining pastligi bo‘yicha Yaponiya (5 foiz) dunyoda yuqori o‘rinda turadi. Bu ko‘rsatkich boshqa rivojlangan mamlakatlar, xususan, AQShda 11 foiz, Germaniyada 18, Janubiy Koreyada 22 foizni tashkil etadi. O‘zbekistonda esa katta korxonalarning 55 foiziga davlat egalik qiladi.

Mutaxassislarga ko‘ra, davlatning iqtisodiyotda yuqori darajada ishtirok etishi o‘zaro raqobatga xalaqit beradi, monopoliya, korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi kabi jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi.

Afsuski, bizda bu muammolar hozir ham yo‘q emas. Balki bunga yechim sifatida ham xususiylashtirishga urg‘u berilayotgandir. Qolaversa, bir qancha yirik davlat aktivlari borki, ular iqtisodiyotga ortiqcha yuk bo‘lishda davom etmoqda.  

O‘z navbatida, hukumat tomonidan ko‘plab davlat korxonalari faoliyati samarasizligi aytib kelinadi. Masalan, o‘tgan yilgi yig‘ilishlardan birida prezident Shavkat Mirziyoyev bu boradagi muammolar uchun mas’ullarni tanqid qilgandi.

«Ochiq aytish kerak, oldin ham xususiylashtirish bo‘yicha ko‘plab qarorlar qabul qilingan. Lekin birorta rahbar pastga tushib, bu sohadagi bilim va metodikani joylarga yetkazmagani sababli ko‘p korxona va obektlar sotilmasdan turibdi, na davlatga, na tadbirkorga naf keltiryapti», degandi u.

Yaqinda moliya vaziri Timur Ishmetov ikkita kichik bank sotuvga qo‘yilgani, kamida bitta yirik bankni shu yilning oxirigacha xususiylashtirish rejalashtirilganini aytdi.

«Bu faqatgina ijobiy natijaga olib keladi. Birinchidan, Moliya vazirligi sifatida davlat banklaridan, ya’ni qanaqadir boqimandalardan qutulamiz. Chunki ular doim pul va resurs so‘raydi. Faqat xarajat. Ikkinchi tomondan, bu albatta sifat olib keladi», dedi vazir.

Bundan chiqdi, boshqaruv samaradorligi yuqori bo‘lmagan, faqat zararga ishlaydigan davlat korxonalarini xususiylashtirish birinchi galda budjet uchun muhim. Xarajatlarni kamaytirish uchun kerak.

Qolaversa, uzoq yillar mobaynida va hozir ham davlat ulushidagi korxonalarning katta qismi daromadlar xususiylashtirilishi, zararlar esa umumlashtiriladigan tizimda ishlab keladi. Garchi mamlakat yalpi ichki mahsulotining qariyb yarmi aynan shu korxonalar hissasiga to‘g‘ri kelsa ham, ularning ko‘pchiligi samarasiz faoliyat ko‘rsatadi. Mazkur korxonalar davlat uchun qo‘shimcha yuk bo‘ladi hamda ularga berilgan tarif, soliq va boshqa imtiyozlar sababli ushbu sohadagi raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatiladi.

Xususiylashtirish esa soliqlar tushumi ortishi hamda korxonalarning modernizatsiya qilinishida ijobiy natija berishi mumkin. Shu bilan birga, iqtisodiyotdagi muhim bo‘g‘in – xususiy sektor rivojlanishiga kengroq yo‘l ochiladi.

O‘z navbatida, ayni paytga kelib xususiylashtirish jarayonlari ancha jadallashganini ta’kidlash kerak. Bu davlatning mazkur muammolarga yechim topishga intilayotganidan dalolat bo‘lishi mumkin. 

Xususiylashtirish jarayonida ko‘zlangan natijalarga erishishdagi bosh maqsad esa xalq va davlat manfaatlaridan kelib chiqib, shaffof va raqobat tamoyillari asosida, investorlar manfaatlarini inobatga olish bo‘lishi lozim.

Bir tomondan, faoliyati samarasiz kechayotgan korxonalarning ishbilarmon insonlarga sotilishi va natijada ishlar yurishib ketishi yaxshi, albatta. Ammo uni optimal narxlarda, ishonchli tadbirkorga sotish muhim ahamiyatga ega. Shundagina mulk o‘zining chinakam egasiga yetadi, o‘sha korxona rivojlanishi evaziga davlat va xalq manfaatdorligi ortadi.

Xususiylashtirishdagi muammolar haqida

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘tgan 30 yil davomida 33 mingdan ziyod davlat korxonalari va obektlari xususiylashtirilgan ekan.

Ammo davlat mulkini boshqarish, xususiylashtirish va bu bo‘yicha auksionlar o‘tkazish kabi masalalarda to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi, qolaversa, zamon talablariga javob beradigan qonunlar mavjud emas.

To‘g‘ri, xususiylashtirish bo‘yicha 1991 yilda qabul qilingan qonun bor, lekin unda 30 yil oldingi, eski tartiblar mujassam. Demak, xususiylashtirish jarayoni samarali, tizimli va aniq talablar asosida amalga oshirilishini ta’minlash uchun birinchi galda qonunchilik bazasini mustahkamlash zarur.

Yana bir muammo shundaki, shu paytga qadar minglab davlat korxonalari xususiylashtirilgan bo‘lsa-da, sohada hamon jahon standartlariga mos tizim joriy etilmagan. Shu sababdir, bir qator xalqaro tashkilotlar va ekspertlar bilan hamkorlik qilina boshlangani aytilmoqda. Ammo xususiylashtirish jarayoni allaqachon boshlangan ekan, tajribalarni o‘zlashtirish tez sur’atlarda bo‘lishi zarurligi oydinlashadi.

Keyingi o‘rinda xususiylashtirish jarayonining xolis va shaffofligi turadi. Bunda albatta jamoatchilik ishtiroki kerak. Lekin bu bo‘yicha ham aytarli yaxshi natijalarga erishilmagan.

Xususiylashtirish jarayoni, uning natijalari yuzasidan parlament va jamoatchilikka doimiy hisobot berishni yo‘lga qo‘yish vaqti keldi. To‘g‘ri, Davaktiv agentligi davlat ulushidagi korxonalar savdosi bo‘yicha e’lonlar berib bormoqda. Lekin sotish yoki sotmaslik masalasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi ham muhim.

Shuningdek, yirik aktivli korxonalarni xususiylashtirish natijasida ish o‘rinlari qisqarishi ehtimoli yuqori. Buning ortidan bandlik muammolari kelib chiqishi ham mumkin. Bunday sharoitda ishsiz qolganlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini ishlab chiqish talab etiladi. Lekin hozircha bu haqda ma’lumotlar berilmagan.

Umuman olganda, xususiylashtirish qanchalik xolis, davlat va xalq manfaatlarini ko‘zlagan holda kechsa, respublika uchun shuncha foydali natijalar olib keladi. Agar amaldorlar o‘z manfaatlarini ko‘zlab davlat mulkini tenderlar-u auksionlarsiz yoki boshqa noqonuniy yo‘llar bilan sotishga urinsa (bunday xabarlar tez-tez uchrab turadi), bu butun mamlakat, O‘zbekiston xalqiga xiyonatdir.

Islombek Umaraliyev

Ko‘proq yangiliklar: