Jahon | 11:14 / 30.05.2021
11379
2 daqiqa o‘qiladi

Bolgariyada amerikalik harbiylar mashg‘ulotlar vaqtida ishlab chiqarish sexiga bostirib kirdi

Bolgariya mudofaa vazirligi mamlakatda o‘tayotgan harbiy mashg‘ulotlar vaqtida amerikalik harbiylar Plovdiv rayonidagi ishlab chiqarish sexiga yanglish tarzda bostirib kirgani yuzasidan tergov boshladi.

Voqea 11 may kuni yuz bergan va bu haqda endigina ma'lum bo‘ldi. Ta'kidlanishicha, 7 amerikalik harbiy sexga bostirib kirib, u yerni ko‘zdan kechirib chiqqan va ishchilarga qurol bilan tahdid qilgan. Ushbu holat sexdagi kuzatuv kameralari tomonidan qayd qilingan.

So‘ngra harbiylar yanglishganlarini anglab, voqea joyini tark etishgan. Tsex egalarining aytishicha, askarlar amerikalik bo‘lgan, chunki bir-birlari bilan ingliz tilida gaplashgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, sex Plovdivdagi aerodrom yaqinida joylashgan bo‘lib, hozirda ushbu hududda keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar o‘tmoqda.

Tsex egalari ushbu holat yuzasidan harbiy politsiyaga murojaat qilishgan, biroq hanuzgacha birorta javob olishmagan. Mudofaa vazirligi esa 28 may holatiga ko‘ra, birorta tashkilot ushbu voqea yuzasidan shikoyat olmagani va tekshiruv tugamaguncha izoh bera olmasligini aytgan.

AQShning Bolgariyadagi elchixonasi esa bu hodisa haqidagi ma'lumotni 29 may kuni olganini ma'lum qilgan.

«Biz ushbu hodisaga amerikalik harbiylar aloqadorligini tergov qilmoqdamiz va tergov bilan to‘liq hamkorlik qilamiz», deb aytilgan elchixonada.

Aprel oxirida Bolgariyada 11ta davlat, jumladan, AQSh harbiylari ishtirokida 1 maydan 20 iyungacha mashg‘ulotlar o‘tishi ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid