Toshkentda sog‘lom homila tug‘uruqxonada nobud bo‘ldi. Shifokorlar pul berilmagani uchun beparvo bo‘lganmi?

Jamiyat 20:10 / 29.05.2021 68092

Kun.uz'ga Yashnobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolardan murojaat kelib tushdi.

Ularning aytishicha, shifokorlarning beparvoligi va mas'uliyatsizligi sababli nabirasi o‘lik tug‘ilgan.

Murojaatchi Saida Boqiyeva voqeani quyidagicha hikoya qiladi.

Saida Boqiyeva

— 16 maydan 17 mayga o‘tar kechasi kelinimni dard tutib chiqdi. 17 may kuni tug‘uruqxonaga olib bordim. Yashnobod tumanidagi I.Irgashev nomli 4-son shahar klinik shifoxonasi tug‘uruq bo‘limining 3-qavatiga yotqizishdi. Faqat analiz olishdi, boshqa hech qanday yordam ko‘rsatilmadi. Kelinimni kechasi bilan to‘lg‘ov tutib chiqdi.

Ertasiga yana shifokorlardan xabar olishlarini iltimos qildim. Nilufar Sulaymonova degan shifokor bor ekan, kelinimni ko‘rib qo‘yishlarini iltimos qildim. U kishi esa ish vaqti tugaganini, endi ko‘ra olmasligini aytdi.

Keyingi shifokorga qo‘ng‘iroq qildim. Yo‘lda ekanini, shifoxonaga hali yetib kelmaganini aytdi. Keyin pastdagi shifokorlarga yalindim...

Nodira Abdullayeva ismli shifokor tug‘uruq bo‘limi mudiri ekan. Unga ham iltimos qildim. Nodira opa soat 13:00da kirishini aytdi. U soat 14:00da navbatchiligi tugaganini aytib, yana bir boshqa shifokorga topshirib ketdi.

Kelinimning oldiga kiritishmadi, u yolg‘izlikdan qiynaldi, «choy-suv beringlar» deb baqirardi. Nodira opa ketgach, Maqsuda opa keldi. U shifokorning ham oldiga bordim. U ham qaramadi. Kelinimdan soat 13:00da xabar olinganini, endi soat 17:00da xabar olishini, ungacha ko‘rmasligini aytdi.

Biz ham 17:00 bo‘lishini intizorlik bilan kutdik. Ungacha kelinim to‘lg‘oq azobi bilan yotdi. Juda qiynaldi. Yana aylanib kelsam, kelinim: «Oyijon, hech kim yo‘q, suv-choy berishga odam yo‘q», deb oynadan yig‘layapti.

[...] Keyin nima bo‘lganini bilmaymiz. Maqsuda opa chiqib ketibdi. Koreys millatiga mansub Irina Vadimovna tug‘dirish jarayonida qatnashibdi. Kelinimning aytishicha, bola so‘nggi daqiqalargacha tirik bo‘lgan. Tug‘dirish jarayonida bolani rosa bosishgan. Bola o‘lib bo‘lgandan so‘ng kesarcha kesish amaliyoti orqali bolani olishgan.

Bola tug‘uruqxonada qarovsizlikdan, shifokorlarning mas'uliyatsizligi sabab halok bo‘ldi. Kelinim tug‘uruqqacha biron marta kasallikdan shikoyat qilmagan. O‘zi ham, bola ham sog‘lom edi. Buni shifokorlar ham tasdiqlaydi, deydi u.

Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, shifokorlardan biri undan «rozi qilish»ni so‘ragan. «Bo‘ldi, rozi qilaman degan bo‘lsangiz, qarayapman», degan vrach deraza orqali bo‘lgan suhbatda.

Shifokorlar hammasi risoladagidek bo‘lganini aytmoqda

Yashnobod tumanidagi I.Irgashev nomli 4-son shahar klinik shifoxonasi tug‘uruq bo‘limida bo‘ldik. Dastlab bosh shifokor Baxtiyor Mamajonov va tug‘uruq bo‘limi mudiri Arofat Qahhorova tug‘uruqxona «moyka»ga yopilgani, shifokorlar ta'tilga chiqqani, kasallik tarixi sud tibbiy eskpertizasiga olib ketilgani, ishni prokuratura ko‘rayotgani sabab hech qanday izoh berilmasligini aytishdi.

Uzoq muhokamalardan so‘ng ayolning tug‘uruqxonaga kelishidan boshlab, tug‘uruq jarayoni fojiali yakun topishigacha qatnashgan shifokorlardan izoh olishga muvaffaq bo‘ldik.

Dastlabki suhbatdoshimiz – Nilufar Sulaymonova. U 17 may kuni tug‘uruqxonada navbatchi bo‘lib, bemor ayolni soat 14:00da qabul qilgan.

— Bemorni Gulnara Yakubova ismli shifokorimiz qabul qilgan. Men 17 may kuni navbatchilikka keldim. Soat 14:00da navbatchilikni qabul qilib oldim. Javobgar shifokor bilan birgalikda ko‘rib, qaynonasi va eriga ayolning holati haqida ma'lumot berdim.

Ayolning shikoyati bor edi. Qorin pastida simillovchi og‘riqlar bor edi. Lekin bu to‘lg‘oq dardi emas. Qon bosimi o‘lchab ko‘rildi. Bachadon tonusda emasligi aniqlandi. Homilaning yurak urushi yaxshi edi.

Ayol qarovsiz qolgani yo‘q. 4-5 marta xabar oldim. O‘sha kuni ayol tinch uxladi. Bezovta bo‘lmadi. 18 may kuni ertalab 7:30larda navbatchilikni topshirdim. Ayol yaxshi edi.

Nodira Abdullayeva – tug‘uruq bo‘limi boshlig‘i. U 18 may kuni 9:00dan 14:00gacha bemorga javobgar bo‘lgan.

— Bu ayol tug‘uruq boshlanishi bilan mening bo‘limimga tushirilgan. Bo‘limimga kelgandan so‘ng navbatchi shifokor Dilbar Ismoilova edi. Ikkita tug‘uruq zali band bo‘lgani sababli bu ayolni uchinchi zalga o‘tkazib, o‘zim qaradim.

Men o‘zim ikki marta ko‘rikdan o‘tkazdim. Ayolda dard boshlanayotganini tasdiqladim. 4 soatdan so‘ng protokol bo‘yicha yana ko‘rdim. Ana shundan keyin konsiliumga bo‘lim mudirlarini chaqirdim. Chunki menga ayolning holati yoqmadi. Tug‘uruq yaxshi rivojlanishiga nimadir to‘siq bor edi.

Bolaning yurak urishi yaxshi edi. Men soat 14:00dan keyin navbatdagi shifokorga bemorni topshirib ketdim. Bemorni topshirib ketayotganimda ayol va bolaning ahvoli juda yaxshi edi.

Maqsuda Turdiboyeva – bemorni 18 may kuni Nodira Abdullayevadan soat 14:00da qabul qilib olgan va aynan shu shifokorning javobgarligi vaqtida bola nobud bo‘lgan.

Maqsuda Turdiboyeva hozirda mehnat ta'tilida bo‘lgani sababli u bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Hamkasblari u ayni vaqtda dam olish uchun xorijga ketganini aytishdi.

Irina Vadimovna – 18 may kuni kech soat 19:00lar atrofida Maqsuda Turdiboyeva xabar berganidan so‘ng tug‘uruq jarayonini boshlagan.

— 18 may kuni mening navbatchiligim 14:00dan boshlangan. Men javobgar shifokorman. Navbatchi shifokor bilan biror muammo bo‘lsa, men borib ko‘raman.

O‘sha kuni Maqsuda Turdiboyeva menga xabar berib, tug‘uruq zaliga chaqirdi. Men bemor ayolni tekshirdim. Ayolni UZI qilganimizda holati menga ham yoqmadi. Shuning uchun ayolni zudlik bilan operatsiya zaliga o‘tkazdik. Bolani operatsiya qilib oldik. Hammasini tezlik bilan bajardik. Lekin bolaning hayotini saqlab qola olmadik. Men qo‘limdan kelganini qildim. Ammo natija bo‘lmadi.

Shahzoda Hasanova – Yashnobod tumani markaziy poliklinika shifokori. U ayolga homiladorlik vaqtida qarab kelgan.

— Bola sog‘lom edi. Hech qanday muammosi yo‘q edi. Ayol ham biron narsadan shikoyat qilmagan. Muammoli homilador emas edi. Vaqtida kelishardi. Ikkalasi (ona va uning homilasi) ham sog‘lom edi.

Kim biladi nima qilishdi tug‘uruqxonada, shifokorlar e'tiborsizlik qilishdimi, bilmadim. Hozircha shifokorlar bilan bog‘lana olmadim. Lekin ona va bolaning hech qanday jiddiy muammosi yo‘q, sog‘lom edi. Hamma hujjatlari bizda bor.

Xo‘sh, 9 oy davomida hech qanday shikoyati bo‘lmagan ayolning 2 kunlik tug‘uruqxonada kechgan davrining qiymati qancha? Bola nega nobud bo‘ldi? Fojiaga kim sababchi?

Surishtiruvimiz davomida barcha tomonlarni eshitib, kerakli hujjatlar bilan tanishib chiqdik. Bizni o‘yga toldirgan va shubhali ko‘ringan holat bu ayolning homiladorlik vaqtida hech qanday jiddiy muammoga duch kelmagani bo‘ldi.

Voqealar xronologiyasiga e'tibor bersak, bemorni qabul qilib, navbatdagi shifokorga topshirgan shifokorlarning izohlari zanjiri shifokor Maqsuda Turdiboyevada uziladi. Qolgan shifokorlar esa guyoki aybsiz...

Yana bir shubhali holatga e'tiboringizni qaratmoqchimiz: tug‘uruqxonaga borganimizda bosh shifokordan tortib bemorga qaragan shifokorlargacha bu mavzuni yoritmasligimizni iltimos qilishdi. Va buning uchun hatto pul ham taklif qilindi. Qarangki, bu «taklif» o‘rtakashlar orqali bizni anchagina uzoq vaqt ta'qib qildi.

Aziz muxlis, eslab ko‘ring-chi, tug‘uruqxona shifokoriga pul bermaganingiz uchun siz bilan ham sovuq munosabatda bo‘lishganmi? O‘zi umuman farzand tug‘ilganda shifokorlarga pul berganmisiz? Vaqtingizni ayamasangiz, shular haqida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda yozib qoldiring.

Mavzu yuzasidan surishtiruvimiz davom etadi.

Kun.uz muxbirlari –
Rahmatillo Isroilov,
Temur Tursunboyev.

Tasvirchi va montaj ustasi – Sherzod Egamberdiyev.

Tuzatish: videodagi "Yashnobod tumanidagi I.Irgashev nomli 4-son shahar tug‘uruqxonasi" "Yashnobod tumanidagi I.Irgashev nomli 4-son shahar klinik shifoxonasi tug‘uruq bo‘limi" deb tushunilishi lozim.

Ko‘proq yangiliklar: